Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:08

Vazir darsdan tashqari ishlarga o‘qituvchilar jalb qilinayotganini olqishladi


Namanganlik o‘qituvchilar paxta terimiga jo‘natilyapti, 2017 yil, 23 oktabr
Namanganlik o‘qituvchilar paxta terimiga jo‘natilyapti, 2017 yil, 23 oktabr

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov o‘qituvchilarni faqat darsga kirib ta’lim bermasdan, boshqa jamoatchilik ishlarini ham bajarishga da’vat etdi.

Vazir olib borilayotgan islohotlarni uyma-uy yurib mahallaga tushuntirib borishni muallimlarning fidoyiligi, dedi.

Vazirning bu gapidan ensasi qotgan o‘qituvchilar esa, Ulug‘bek Inoyatov ularning ahvolidan umuman bexabarligi haqida aytmoqdalar.

Вазир дарсдан ташқари ишларга ўқитувчилар жалб қилинаётганини олқишлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov 5 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik qilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.

Xabar.uz nashrining xabariga ko‘ra, Ulug‘bek Inoyatov o‘qituvchilarning darsdan boshqa obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotgani haqidagi savolga bunday deb javob bergan:

- O‘qituvchi ziyoli, targ‘ibotchidir. U faqat darsga kirib, ta’lim berishi kerak emas. Pedagog o‘z mahallasining faoli bo‘lishi joiz. Mahalla ahli va faollari o‘rtasida jamiyatdagi islohotlarni targ‘ib qilsin. Kerak bo‘lsa, uyma-uy yurib, tushuntirishi lozim. Shunday fidoyi o‘qituvchilarimiz borligi uchun jamiyatda rivojlanish kuzatilyapti. Bu kabi ishlar majburiy emas, lekin o‘qituvchilarimiz o‘zining shijoati bilan ixtiyoriy amalga oshirishsa, biz faqat xursand bo‘lamiz, - degan Xalq ta’limi vaziri.

Vazirning o‘qituvchilarni darsdan tashqari ishlarga jalb qilinishini olqishlashi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahsni uyg‘otdi.

Ijtimoiy tarmoq foydlanuvchilari, vazir shunday ham mahalliy hokimiyatning mardikoriga aylanib qolgan o‘qituvchilarni himoya qilishi, ularni boshqa ishlardan butunlay ozod qilib, vaqtini faqat ta’limga bag‘ishlashi kerakligi haqida gapirishi lozim edi, degan fikrni bilmoqda.

“Men o‘z ishini tashlab bozorlarda ishlayotgan juda ko‘p o‘qituvchini bilaman. Ular o‘zlariga uy qurmoqda, mashina olyapti, normalniy odam sifatida hayot kechiryapti. Bizning rahbarlar 25 yildan buyon ularning injiqliklariga dosh berib chidab qilayotganiga shukr qilsin”, deb yozadi Feysbukning Amin Aliev ismli foydalanuvchisi.

Ozodlik Ulug‘bek Inoyatovning o‘qituvchilar haqida nega bunday deganiga munosabat olish uchun, vazirlikning matbuot xizmati bilan bog‘landi.

O‘zini hatto tanishtirishni istamagan matbuot xizmati xodimi yoki rahbari, suhbatdoshining Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq qilayotganini eshitganidan so‘ng, go‘shakni sharaqlatib joyiga qo‘ydi va boshqa qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

Vazir va o‘rinbosarlarining ish telefonlari esa javob bermadi.

Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanida 38 yildan buyon o‘qituvchilik qilib kelayotgan Abdumannob Egamovning Ozodlikka aytishicha, vazir hech qachon oddiy o‘qituvchilarning haqiqiy ahvolidan xabar olmagan:

“To‘g‘ri, o‘qituvchining faolligi bo‘lishi kerak. Lekin bu faollik darsdan tashqari ishlarga emas, ta’limga qaratilishi kerak. Nega, o‘qituvchi o‘z ishi qolib ko‘cha supurishi, paxta terishi kerak? Axir boshqa birov kelib, o‘qituvchi ishini qilib bermaydiku. Bu vazir ta’limning odami emas. Men ikki marta uchrashganman, ta’lim muammolari xususida. Ikki marta ham aldab jo‘natgan. Biror marta vazirning o‘zi maktablarga borib, bir soat darsda o‘tirib ko‘rdimi yoki biror o‘qituvchidan holing qanday deb so‘radimi? Bunaqasini eshitmaganman. Vazir, o‘qituvchilarni himoya qilish o‘rniga, ularni hokimlarga "ma ol, ishlat" deb, qurbon qilyapti”, deydi Abdumannob Egamov.

Toshkent viloyatida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan biri, vazirning bu gaplari o‘tgan asrning 20 yillarini eslatib yuborganini aytadi:

“O‘tgan asrning 20 yillarida o‘qituvchilar va savodi chiqqan odamlarni hukumat ana shunday targ‘ibot ishlariga safarbar qilar edi. Oradan yuz yil o‘tdi, lekin hali ham hech narsa o‘zgarmadi. Vazir aslida, o‘qituvchilarni mahalliy hokimlar zug‘umidan himoya qilishi kerak edi. Chunki, hokimlar hozir o‘qituvchini odam o‘rnida ham ko‘rmay qo‘ydiku. Sayxunobod hokimining paxtaga kam odam chiqarding deb, direktorni qarsillatib urganidan vazirning xabari yo‘qmi? Andijon hokimining o‘qituvchilarni “iflos, shakal, tvar” deb haqorat qilganidan xabari yo‘qmi? Mana, O‘zbekiston TVsi ham o‘qituvchilarning majburiy ishlarga jalb qilinayotgani haqida bir necha ko‘rsatuv berdi. Vazirning bundan xabari yo‘qmi? Biz, o‘qituvchilar goh paxtada, goh chopiqda, goh ko‘cha supurib yurganimizdan hurmatli vazirning xabari yo‘qmi? Xabari ham bor, biladi ham. Lekin bu vazir haq so‘zni aytishdan qo‘rqadi, chunki eski komandaning odami. Shunday odamlar rahbar bo‘lib turgani uchun ham xalq ta’limining dabdalasi chiqib yotibdi”, deydi o‘qituvchi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarga uy-joy ajratib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus loyiha ishlab chiqmoqda.

O‘zA xabariga ko‘ra, loyihada ustoz-murabbiylarning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘sini qonuniy himoya qilish ham ko‘zda tutilayapti.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘z ishi qolib obodonlashtirish va dala ishlariga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘tgan yili paxta mavsumida Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyati hokimlari ham paxta mavsumida o‘qituvchilarni terimga chiqarmaslik haqida va’da bergan bo‘lsa-da, lekin tez orada bu va’dalarini buzgan va o‘qituvchilar paxta tergani jo‘natilgan edi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning yil davomida obodonchilik ishlariga ham jalb qilinayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG