Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:47

MXXga ishonmasligini aytgan Mirziyoev general G‘ulomovni sotqinlikda aybladi (VIDEO)


Prezident Shavkat Mirziyoev.
Prezident Shavkat Mirziyoev.

7 fevral kuni Ozodlik ixtiyoriga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Milliy xavfsizlik xizmati va uning ayrim rahbarlari sha’niga bildirgan keskin ayblovlari yozilgan audio kelib tushdi. Prezidentning 19 yanvar kuni Qiziriq tumani hokimligi binosida Surxondarë viloyati faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvida qilingan bu bayonotini ushbu yig‘in ishtirokchilaridan biri taqdim etdi.

Prezident safari haqida rasmiy matbuot o‘sha kuniyoq xabar bergan bo‘lsa-da¸ bevosita Mirziyoevning chiqishi¸ xususan¸ uning MXX haqida aytgan gaplari hozircha jamoatchilikka taqdim etilgani yo‘q.

Ilk bor Ozodlikda e’lon qilinayotgan bu audioyozuvda Shavkat Mirziyoev Milliy xavfsizlik xizmatining yillar davomidagi faoliyati haqida nihoyatda qattiq g‘azab bilan gapiradi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:44 0:00
Бевосита линк

“Pogoningni yulib tashlayman!”

Surxondaryo viloyat faollari bilan 19 yanvar kungi uchrashuvda Shavkat Mirziyoev mamlakat¸ xususan¸ Surxondaryoda Milliy xavfsizlik xizmatining mutlaq hokimiyatini tugatganini aytadi:

- Bular hali xalqning qadriga yetmagan. Bularga oylik berish¸ pogon berish (ga loyiq -tahr.) birorta ish qilgani yo‘q bular. Bularning o‘zining maxfiy ishi bor¸ bu maxfiy ishi menga bog‘liq. Man bilan gaplashsin endi oddiy hokimning orqasidan quvlab yurish (o‘rniga -tahr.) ¸ u zamon tugadi. Hokim mening vakilim. Nima emish¸ bitta noinsof¸ bitta rayonning SNBsini boshlig‘ining mashinasini obgon qipti hokimni mashinasi¸ borib uni qamab qo‘yipti. E¸ kimsan o‘zi san? Kim sanga bu vakolatni berdi? Sani pogoningni olib tashlayman kerak bo‘lsa! Bu zamon o‘tib bo‘ldi Surxondaryoda! -deydi Ozodlik ixtiyoriga yuborilgan audioyozuvda prezident jumladan.

МХХга ишонмаслигини айтган Мирзиëев Ғуломовни сотқинликда айблади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:33 0:00

(Surxonlik tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha¸ prezident Boysun tuman sobiq hokimi Panji Tangrievni nazarda tutmoqda.

Tangriev¸ 2014 yilning 19 aprelida MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan mahalliy tadbirkorlar bergan ko‘rsatma asosida hibsga olingan edi.)

“MXXga ishonmayman! Ularning ma’lumoti menga kerakmas!”

Karimov davrida ko‘plab hokimlarning MXX fitnasi qurboni bo‘lgani¸ qolganining mahalliy MXX rahbarlaridan qo‘rqib yashaganini gapirgan Mirziyoev¸ hokimlarga endi MXX zamoni tugagani va “ko‘krak kerib¸ davlat va xalq uchun ishlash”payti kelganini aytadi:

- Nima uchun manga alam qiladi. Man 13 yil bosh vazir bo‘lganman. Man bu yerdagi obstanovkani bilaman. Hokim hech kimmasdi. Hamma viloyat hokimi ularning (MXX mahalliy rahbarlari nazarda tutilmoqda – tahr.) kabinetida edi. Salgina gap ko‘tarsa¸ g‘iybat qilib darrov ishdan optashardi. Bu o‘g‘ri¸ bu to‘g‘ri. Juda bo‘lmasa ¸ bitta g‘iybatti bo‘yniga qo‘yardi ular. U zamon tugadi. Man birortasiga ishonmayman. Manga birortasining bularning ma’lumoti kerak emas. Shuni bilinglar. Ko‘kragingni kekib (kerib -tahr.) to‘rtta rahbar (hokim¸ prokuror¸ IIB va soliq rahbari – tahr.) ishla¸ vatan uchun ishla¸ xalq uchun ishla. Hech kimmas ular. Ularga u vakolatni bergan u odam yo‘q hozir¸ deydi Shavkat Mirziyoev.

"U odam yo‘q hozir" deganda Mirziyoev marhum prezident Islom Karimovnimi¸ yoki MXX rahbarlarini nazarda tutayotganini mavhum qoldiradi.

(MXXning 23 yillik raisi Rustam Inoyatov Qiziriqdagi majlisdan 11 kun o‘tib¸ 31 yanvar kuni lavozimidan bo‘shatildi - tahr.)

“G‘ulomov – sotqin¸eng katta poraxo‘r!”

Ozodlik ixtiyoriga berilgan audioyozuvda prezident Mirziyoev¸ Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq 1-o‘rinbosari¸ general Shuhrat G‘ulomovni ham tilga oladi:

- Qancha og‘ir bo‘lmasin¸ bu Surxondaryoga taalluqli. Surxondaryo chirib ketgan bu masalada. Bitta biznesmen kelmagani shu uchun. Bulardan qo‘rqib kelmagan. Keldimi¸ darrov qamardi. Bu palonchini odami¸ bu pistonchini odami. Bu hokimning pul beradigan odami. San kimsan? San pul bermaydiganmiding? G‘ulomov degan iplosing, u sotqining pora boshida o‘zi o‘tirardiku! deydi g‘azab bilan prezident.

MXX raisining sobiq 1-o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov¸ MDH va ShHT xavfsizlik yig‘inlarida O‘zbekistonni tamsil qilib kelgan.
MXX raisining sobiq 1-o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov¸ MDH va ShHT xavfsizlik yig‘inlarida O‘zbekistonni tamsil qilib kelgan.

2007 yili o‘shandagi prezident tomonidan mamlakatning eng oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan 53 yashar Shuhrat G‘ulomov¸ MXX dagi karyerasini aynan xizmatning Surxondaryo viloyati boshqarmasi lavozimidan boshlab¸ uni rasman yana aynan shu viloyatda tugatgan.

2017 yilning iyul oyida O‘zbekiston huquq tizimlaridagi bir-biridan mustaqil mulozim Ozodlikka prezident Mirziyoevning Shuhrat G‘ulomovni generallik rutbasidan mahrum qilib¸ uning ustidan jinoiy ish ochish haqida buyruq bergani va MXX sobiq generalining maxsus tergov izolyatorida so‘roq qilinayotganini bildirgan edi.

Qator mintaqaviy nashrlar¸ 10 avgust kuni O‘zbekiston Oliy harbiy sudi Shuhrat G‘ulomovni konstitutsion tuzumga tajovuz va narkotiklar kontrabandasini uyushtirishdan tortib og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topib¸ Karimov davrining eng qudratli generallaridan sanalgan G‘ulomov ustidan umrbod qamoq va davlatdan o‘g‘irlangan milliard dollardan oshiq mablag‘ni qaytarish haqida hukm chiqarganini xabar qildi.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida bunday hukmni tasdiqlovchi rasmiy hujjat yo‘q. Ozodlik 7 fevral kuni gaplashgan O‘zbekiston huquq tizimi mulozimlari G‘ulomovning “Jasliq”qa jo‘natilgani¸ ayni paytda¸ lozim ko‘rsatmalar olish uchun ba’zan Toshkentdagi maxsus izolyatorga olib kelib turilganini iddao qildi.

Mirziyoev qahriga uchragan generallar

22 dekabr kuni Oliy Majlisda qilgan chiqishida prezident Mirziyoev¸ sobiq Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboevni sotqinlikda ayblab¸ Ahmadboev va yana bir generalning pogonini yulib tashlaganini aytgan edi.

Prezident pogonini yulgan general¸ sobiq Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboev.
Prezident pogonini yulgan general¸ sobiq Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboev.

19 yanvar kungi Qiziriqdagi yig‘ilishda G‘ulomovni ham sotqinlikda ayblab¸ mxxchilarning pogonini yulishini aytish orqali prezident Mirziyoev¸ pogoni yulingan ikkinchi general Shuhrat G‘ulomov ekani va ikkalasi ham sotqinlikda ayblanayotgan bu ikki generalning bir ish doirasida jazolangani haqidagi norasmiy xabarlarni tasdiqladi.

Ikki general ishi haqida Ozodlikka gapirgan hukumatga yaqin mulozim¸ ularning Mirziyoevga qilgan “xiyonati”ni izohlagan edi.

"Ahmadboev MXX raisining hozirda sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov topshirig‘iga ko‘ra¸ 2016 yil may oyidan 201 7 yil yanvar oyiga qadar slejka qilgan (kuzatib yurgan) va IIV 7-bo‘limining hozirda sobiq boshlig‘i Alisher Xolmatovga Shavkat Mirziyoevning telefon so‘zlashuvlarini eshitishni topshirgan. Bu narsadan xabar topgan Shavkat Mirziyoev prezident lavozimiga o‘tirganidan roppa-rosa bir oy o‘tib, Ahmadboev va MXX raisining sobiq o‘rinbosari¸ o‘sha paytda general-leytenant rutbasida bo‘lgan Shuhrat G‘ulomovni ishdan bo‘shatdi. Telefon so‘zlashuvlarini amalga oshirgan Alisher Xolmatov ham ishdan olib tashlandi¸" degan edi 2017 yil dekabrida Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gapirgan mulozim.

7 fevral kuni Ozodlik gaplashgan Toshkent hokimiyatiga yaqin mulozim¸ Shuhrat G‘ulomovning prezident Shavkat Mirziyoev telefon suhbatlarini maxfiy tarzda yozib olishdan tashqari¸ Karimov o‘limidan bir necha oy oldin unga o‘shandagi bosh vazir Mirziyoevga qarshi jiddiy kompromat olib kirganini iddao qildi. Ozodlik ixtiyorida hozircha bunday iddaoni ta tasdiqlash va na inkor qilish imkoni bor.

XS
SM
MD
LG