Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:28

Hokimlar prezident boradigan joylarni o‘qituvchilarga tozalatyapti


Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalashda
Andijonlik o‘qituvchilar ko‘cha tozalashda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev borishi ehtimoli bo‘lgan joylardagi obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari majburan jalb qilinyapti.

Buxoro viloyatining Olot tumanida o‘qituvchilar zovur qazishga majburlanayotgan bo‘lsa, Andijon shahrida o‘qituvchi bilan tibbiyot hamshiralari ko‘chalarni tozalamoqda.

Uch kun oldin O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri o‘qituvchilarni darsdan tashqari ishlarga jalb qilinishiga qarshi emasligini aytgan edi.

Buxoro viloyatining Olot tumanidagi qishloq maktablaridan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining aytishicha, ular uch haftadan buyon dala ishlariga majburan chiqarilmoqda:

“Biz, o‘qituvchilarni 20 kundan buyon, qattiq sovuq bo‘lishiga qaramay, majburiy ravishda zaxkash(zovur)larni qazib, tozalashda ishlatishyapti. Prezident kelishiga tayyorgarlik emish. Xalq ta’limi bo‘limi mudiri darslar qolib ketayotgani haqidagi e’tirozga, “darsing bilan ishim yo‘q, har kuni 20 ta o‘qituvchini olib chiqasan”, deb, direktorlarni siquvga olyapti. Nahotki o‘qituvchining hurmati shu bo‘lsa, nega biz zaxkash tozalashimiz kerak, nega birovlarning ishini quldek bajarishimiz kerak”, deydi o‘qituvchilardan biri.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir olotlik o‘qituvchi ham ularning maktabidan kamida 10 kishi har kuni zovur tozalashga chiqarilayotganini aytdi:

“Bugun o‘qituvchining ish quroli qalamu daftar emas, balki, ketmon, bel va o‘roq bo‘lib qoldi. Har kuni sovuqda ko‘karib, zovur tozalayapmiz. Hozir ham, enamizni ko‘rib keldik. Axir, bu nima degan gap? Prezidentimiz u yoqda o‘qituvchi bilan shifokorga tegma deb turgan bo‘lsayu, bular esa tekin qullaridan ajrashgisi kelmasa. Bundan tashqari prezident metallolomni ham o‘qituvchiga bekor qilgan edi. Lekin bizda har bir soat uchun o‘qituvchi metallolomga 10 ming so‘mdan pul berishi kerak. Masalan, meni 15 soat darsim bo‘lsa 150 ming so‘m berishim kerak. Bular o‘qituvchini eshak qilib minib olganu, yana ta’lim sifati past, bolalar besavod bo‘lib qolyapti, deb nolishadi”, deydi o‘qituvchi.

Olot tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Qodir Xo‘jaev Ozodlik bilan suhbatda, o‘qituvchilarning obodonchilik ishlariga jalb qilinayotganini qisman tasdiqladi:

“O‘zlarining maktabi atrofini tozalayapti, obodonlashtirish qilyapti. Zovur tozalagani yo‘q, maktab atrofida arig‘i bormi, yeri bormi, o‘shani tozalash uchun hashar tashkil qilyapti”, dedi Qodir Xo‘jaev.

“Sovqotsak o‘t yoqib isinyapmiz”

Andijon shahridagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi ular ko‘cha tozalashga majburlanayotgani haqida Ozodlikka aytdi:

“Bizni 5-mikrorayondagi ko‘p qavatli uylarning oldini tozalashga buyurishdi. Havo sovuq, qo‘llarimiz qotib qolyapti, ko‘chada o‘tin yoqib isinyapmiz. Bu domlar oldida noqonuniy qurilishlar bor edi, o‘shalarni buzib tashlashgan. Endi uni tozalash o‘qituvchilar va tibbiyot hamshiralari zimmasiga yuklatilgan. Har kuni har bir maktabdan 8-10 kishi shu ishlarga safarbar etiladi. Prezident kelishiga tozalab qo‘yishimiz kerak ekan. Shogirdlaring uyini oldida supurgi va lopatka ko‘tarib yursang odamga juda noqulay bo‘larkan”, deydi andijonlik o‘qituvchilardan biri.

Andijon tumani xalq ta’limi bo‘limidan o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga majburlanayotganiga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Prezident Mirziyoevning Andijonga mart oyida borishi rejalangan. Biroq prezidentning Buxoroga qachon borishi Ozodlikka hozircha noma’lum.

“Vazir aytganidan so‘ng hokimlarga Xudo berdi!”

Ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik boshqa bir o‘qituvchining aytishicha, O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovning “o‘qituvchi faqat darsga kirib, ta’lim berishi kerak emas, uyma-uy yurib targ‘ibotchi bo‘lsin” qabilidagi gaplaridan so‘ng, uning ko‘ngli ishdan tamoman sovigan:

“Vazirimiz shunday deb turganidan keyin, hokimlardan nima kutish mumkin. Vazir agar mard bo‘lganida, “o‘qituvchining ishi faqat ta’lim berish, darsdan bo‘sh vaqtda hech kim uni ishlatishga haqqi yo‘q”, degan bo‘lar edi. U bu gapni aytmadi va uning o‘qituvchilar vaziri bo‘lishga ma’naviy haqqi yo‘q, endi”, deydi andijonlik o‘qituvchi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov 5 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida:

“O‘qituvchi ziyoli, targ‘ibotchidir. U faqat darsga kirib, ta’lim berishi kerak emas. Pedagog o‘z mahallasining faoli bo‘lishi joiz. Mahalla ahli va faollari o‘rtasida jamiyatdagi islohotlarni targ‘ib qilsin. Kerak bo‘lsa, uyma-uy yurib, tushuntirishi lozim. Shunday fidoyi o‘qituvchilarimiz borligi uchun jamiyatda rivojlanish kuzatilyapti. Bu kabi ishlar majburiy emas, lekin o‘qituvchilarimiz o‘zining shijoati bilan ixtiyoriy amalga oshirishsa, biz faqat xursand bo‘lamiz”, - degan edi.

Vazirning o‘qituvchilarni darsdan tashqari ishlarga jalb qilinishini olqishlashi ijtimoiy tarmoqlarda katta norzilikka sabab bo‘lgan edi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarga uy-joy ajratib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus loyiha ishlab chiqmoqda.

O‘zA xabariga ko‘ra, loyihada ustoz-murabbiylarning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘sini qonuniy himoya qilish ham ko‘zda tutilayapti.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘z ishi qolib obodonlashtirish va dala ishlariga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘tgan yili paxta mavsumida Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyati hokimlari ham paxta mavsumida o‘qituvchilarni terimga chiqarmaslik haqida va’da bergan bo‘lsa-da, lekin tez orada bu va’dalarini buzgan va o‘qituvchilar paxta tergani jo‘natilgan edi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning yil davomida obodonchilik ishlariga ham jalb qilinayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG