Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:40

AI qiynoq qo‘llaganlikda gumonlangan MXX podpolkovnigi hibs qilinganini olqishladi


8 fevralda jurnalist Bobomurod Abdullaev (suratda)ni qiynoqqa solgan MXX podpolkovnigi Nodirbek Dilmurodovich To‘raqulov qamoqqa olingani xabar qilingan edi.
8 fevralda jurnalist Bobomurod Abdullaev (suratda)ni qiynoqqa solgan MXX podpolkovnigi Nodirbek Dilmurodovich To‘raqulov qamoqqa olingani xabar qilingan edi.

Amnesty International xalqaro tashkiloti 8 fevral kuni tarqatgan bayonotida O‘zbekistonda jurnalist Bobomurod Abdullaevni hibsga olib, qiynoqlarga solganlikda gumonlangan Milliy xavfsizlik xizmatining ikki nafar xodimi ishdan chetlashtirilib, ulardan biri hibsga olinganini olqishladi.

”Biz Bobomurod Abdullaevning qiynoqlar to‘g‘risidagi shikoyatlari asosida tekshiruv boshlangani, qiynoqlarni qo‘llaganlikda gumonlangan xodimlar ishdan chetlatilganini olqishlaymiz, holbuki, biz bu ishni zudlikda amalga oshirish zarur edi, deb hisoblaymiz. Qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuzasidan holis tergov o‘tkazish va bu ishda gumonlanganlarni vazifasidan chetlatish, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga ko‘ra, samarali tergov omili hisoblanadi. Bu tergov Abdullaev ishida adolat o‘rnatilishi sari tashlangan birinchi qadamdir. Eng muhimi –bu ish to‘xtatib qolinmasligida hamda bu kabi ishlarni tergov qilishda pretsedent yaratilishidir”, deb bildirdi Amnesty International tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Denis Krivosheev.

Amnesty International xalqaro tashkiloti o‘z bayonotida O‘zbekiston hukumatini Bobomurod Abdullaevni zudlikda qamoqdan ozod qilishga chaqirdi.

8 fevral kuni huquq faoli Sur’at Ikromov o‘z manbalariga tayanib, o‘tgan yilning sentabr oyidan beri “Davlat to‘ntarishga urinishda” gumonlanib hibsda qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevni tergov qilayotgan MXX tergov boshqarmasi tergovchisi¸ adliya podpolkovnigi Nodirbek Dilmurodovich To‘raqulov va ayni boshqarma tergovchisi adliya mayori Veselov Aleksandr Aleksandrovich ishdan chetlashtirilgani haqida xabar bergan edi.

Ikromovning Ozodlikka aytishicha¸ bu ikki MXX zobiti “mahbusni tergov paytida qiynash¸ jinoyat ishini soxtalashtirish¸ noqonuniy hibsga olish" kabi qonunga zid harakatlari bois ishdan chetlashtirilgan.

7 fevral kuni Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston huquq tartibot organlaridagi bir-biridan mustaqil ikki mulozim ham ayni ma’lumotni bildirgan edi.

O‘zbekiston huquq tartibot organlarida ishlaydigan mulozimga ko‘ra¸ Bobomurod Abdullaevni hibsga olishda qatnashgan barcha MXX zobitlari ishdan chetlashtirilgan va ulardan shaharni tark etmaslik haqida tilxat olingan. Suhbatdoshga ko‘ra¸ MXX tergovchisi Nodirbek To‘raqulovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida hibs qo‘llangan.

Surxondaryo viloyati huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan zobitning aytishicha¸ Nodirbek To‘raqulov respublika MXXsining Surxondaryo viloyat boshqarmasi tergov bo‘limida boshliq bo‘lgan paytidagi qilmishlari yuzasidan so‘roq qilinmoqda.

Suhbatdosh ta’kidicha¸ To‘raqulov prezident joriy yil 19 yanvar kuni Qiziriq tumani hokimligi binosida Surxondaryo viloyati faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ayni viloyat MXX boshqarmasi faoliyatini tanqid qilgani ortidan qo‘lga olingan.

44 yoshli jurnalist Bobomurod Abdullaev bir qator mustaqil nashrlar¸ xususan "Farg‘ona” axborot agentligi bilan hamkorlik qilgan¸ shuningdek, sport sharhlovchisi sifatida ham tanilgan.

27 sentabr kuni ta’mirga bergan mashinasini ustaxonadan olish uchun uyidan chiqib ketganicha bedarak yo‘qolgan Abdullaevning oradan bir kun o‘tib Toshkentdagi Milliy xavfsizlik xizmati izolyatorida ekani ma’lum bo‘ldi.

1 oktabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi jurnalistga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159-band 4-qismi bilan ayblov e’lon qildi.

Jurnalist rasman 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro Pen klub, Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlari jurnalist Bobomurod Abdullaevni ozod qilish talabi bilan chiqqan.

XS
SM
MD
LG