Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:02

Taniqli ziyolilar Mirziyoevga Muhammad Solihni vatanga qaytarishni so‘rab murojaat qildi


Islom Karimov siyosiy tuzumining ashaddiy muxolifi bo‘lgan 69 yashar Muhammad Solih 25 yildan beri muhojiratda yashamoqda.
Islom Karimov siyosiy tuzumining ashaddiy muxolifi bo‘lgan 69 yashar Muhammad Solih 25 yildan beri muhojiratda yashamoqda.

9 fevral kuni bir guruh taniqli o‘zbek shoir¸ yozuvchi va adabiyotshunoslarining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan maktubi matni jamoatchilikka e’lon qilindi.

Portalga yuborilgan maktub

O‘zbek klassik adabiyoti asoschisi Alisher Navoiy tug‘ilgan kunda Facebookda e’lon qilingan bu maktub mualliflari prezidentdan zamonaviy o‘zbek adabiyotining "ulug‘ shoiri" 69 yashar Muhammad Solihni vatanga qaytarishda ko‘mak so‘radi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sobiq 1-kotibi¸ Gorbachyov oshkoraligi davrida O‘zbekistondagi birinchi siyosiy harakat – Birlik xalq harakati va mamlakatdagi ilk demokratik partiya – Erk asoschisi¸ O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati Muhammad Solih 1992 yildan beri muhojiratda yashab kelmoqda.

Solihni vatanga qaytarish so‘ralgan maktubga qo‘l qo‘yganlar ro‘yxatida Stalin davrida millatchilikda ayblanib¸ 25 yillik qamoqqa hukm etilgan keksa yozuvchi Shukrullo¸ O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining sobiq raisi¸ O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol¸ yozuvchi Nurulla Otaxon (Nurulloh Muhammad Raufxon), Miraziz A’zam¸ Mahmud Rajab¸ Vafo Fayzullo kabi shoirlar¸ dramaturglar Sharof Boshbekov va Sanjarali Imomov¸ adabiyotshunos olimlar Qozoqboy Yo‘ldosh va Ibrohim Haqqul kabi ijodiy ziyolilar nomi bor.

Mualliflarning Ozodlikka aytishicha¸ maktub 23 yanvar kuni elektron shaklda O‘zbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga jo‘natilgan va uning qabul qilib olingani rasman tasdiqlangan.

“Muhtaram Shavkat Miromonovich!


Biz ijod ahli bugun Siz rahbarligingizda mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida qilinayotgan har bir ishda yoningizdamiz. Iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalardagi ijobiy o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.


Ayniqsa, ma’naviy jabhada adolat oyoqqa turg‘azilib, bir qator shoir-yozuvchi sha’ni tiklangani adabiyotimiz kelajagiga ishonchimizni yanada kuchaytirdi.


Endigi olamshumul qarorlaringizdan biri 25 yildan beri yurtidan uzoqda qolayotgan shoir Muhammad Solih haqida bo‘lishini juda-juda istar edik.


Kechagi tuzum davrida orqadan yuritilgan teskari tashviqot tufayli jamiyatning bir qismi ongida Muhammad Solih ismidan qo‘rquv shakllanib qoldi, lekin adabiyot ahli uni ulug‘ bir shoir sifatida baribir unutgani yo‘q¸” deb boshlangan maktub davomida Muhammad Solihning o‘zbek adabiyotidagi xizmatlari tilga olinadi.

Muhammad Solih birinchi galda adabiyotchidir, so‘ngra siyosatchidir. Siyosatga u davr taqozosi bilan, mustaqillik uchun harakatlar jarayonida faol aralashgan va mamlakatimiz sovet mustamlakasidan qutulishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan¸” deyiladi maktub davomida.

Muhammad Solihning qaytishi O‘zbekiston uchun nega muhim?

Ozodlik “Muhammad Solihning Vatanga qaytarilishi O‘zbekistonimiz yangi tarixiga zeb bo‘lar, dunyo jamoatchiligi ham bu ishni olqishlar edi¸” deyilgan maktubga imzo chekkan ijodkorlarning ayrimlariga shu savol bilan murojaat qildi.

Yozuvchi Shukrullo¸ Muhammad Solihni o‘zbek she’riyatida original¸ yangi sahifa ochgan shoir sifatida tanigani bois¸ uning qaytishini istashini aytadi :

- Muhammad Solih ibtidoiy bitta qolipda yashashni istamagan shaxs edi. U yangilikka intilgan original shoir¸ xalq dardida yongan shoir edi. Davlat bilan uning orasida nima munosabat bor¸ bilmayman. Uning mutlaqo gunohi yo‘q¸ u qaytib kelsa¸ nimasi yomon? Solihni yomon odam degan gap xayolimga hech qachon kelgan emas¸ deydi Stalin qatag‘oni qurbonlaridan biri¸ “Kafansiz ko‘milganlar” romani avtori¸ 2016 yili “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” deb topilgan 99 yashar yozuvchi. (Shukrullo Ozodlik bilan suhbatda o‘zining¸ rasmiy manbalarda yozilgani kabi hozirda 96 emas¸ balki 99 yoshda ekanini ta’kidladi – tahr.)

Шукрулло Муҳаммад Солиҳнинг қайтиши муҳимлиги ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:19 0:00
Бевосита линк

"Jamiyat o‘z hayotidan yolg‘onni haydab chiqarishi lozim!"

O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining sobiq raisi¸ Xalq shoiri¸ tarjimon Jamol Kamol¸ bugun O‘zbekiston o‘z oldida qo‘yishi lozim birinchi raqamli shior jamiyatni yolg‘onlardan tozalash ekanini aytadi va Solihning vataniga qaytishi ana shu jarayon uchun muhimligini ta’kidlaydi:

- Men Muhammad Solihning vatanga qaytishini juda istayman. Nima uchun? U¸ birinchidan¸ yurtiga¸ xalqiga do‘st inson. Undan bizning millatimiz¸ xalqimizga hech qanday xavf-xatar yo‘q. Islom Karim tuzumiga xatari bo‘lgan bo‘lishi mumkin¸ lekin Shavkat Mirziyoev hukumati¸ u qurayotgan tuzumga faqat foyda bo‘ladi. Agar Solihning O‘zbekistonga qaytishiga ruxsat berilsa¸ O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si yuksalib ketadi. Biz hozir muxolifmi¸ muxolif emasmizmi¸ butun xalqimiz farzandlari qo‘lni qo‘lga berib¸ O‘zbekistonni botgan botqog‘idan¸ tushgan o‘pqonidan olib chiqishda prezidentimizga yordam berishimiz kerak. Prezidentimizga ko‘z tegmasin – men ishonamanki bu odam Muhammad Solihni yurtiga¸ vataniga qaytaradi va bu adolatli ish bo‘ladi¸ dedi Ozodlik 9 fevral kuni suhbatlashgan Jamol Kamol.

Жамол Камол Муҳаммад Солиҳнинг қайтиши муҳимлиги ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:56 0:00
Бевосита линк

“O‘zbekistonga o‘zi o‘ylagan haqiqatni ayta oladigan shaxslar kerak!”

Maktubga qo‘l qo‘yganlardan yana biri adabiyotshunos olim ¸ professor Qozoqboy Yo‘ldosh¸ hamma narsaga sog‘lom ko‘z bilan qarash borayotgan ayni kunlarda bir guruh ziyolilarning prezidentdan Muhammad Solihni vatanga qaytarishni so‘rab murojaat qilishini tabiiy hodisa¸ deb aytadi.

"Mamlakatda 25 yil davomida shakllangan siyosiy tuzumni bugun kuchli va adolatli tanqid qilayotgan yagona shaxs prezident Mirziyoevning o‘zi bo‘lib turibdi"¸ der ekan professor Yo‘ldosh Islom Karimov davrining eng taniqli muxolifatchisini vatanga qaytarish¸ prezident boshlagan ishlarga ham obro‘¸ ham foyda keltiradi¸ degan fikrda:

- Biz buni birovdan tilanmadik¸ balki o‘zimizning prezidentimiz¸ yurtimiz rahbaridan so‘radik. U kishi hamma narsani sog‘lom hal qilishga harakat qilayotir. Umid qilamizki¸ Muhammad Solih masalasida ham ob’ektiv¸ xolis bir fikr aytilar. Boshqacha fikrlaydigan odamlarni raqib biladigan davrdan o‘tdik shekilli. Fikrlarning xilma-xil bo‘lishi fojia emasligiga sekin-sekin ko‘nika borishimiz kerak. O‘zi o‘ylagan haqiqatni ayta oladigan odamning bo‘lishi iqlimning tozaligini¸ havoning tozaligini ta’minlaydigan omil. Shu ma’noda¸ Muhammad Solihning qaytishi prezidentimizga nafaqat obro‘¸ balki foyda ham keltiradi¸ deydi professor Qozoqboy Yo‘ldosh.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:52 0:00
Бевосита линк

2017 yil - Prezidentga murojaat qilgan Muhammad Solihga MXX yangi ish ochdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning hokimiyatga kelishi bilan qilgan bayonotlari¸ xususan¸ uning 25 yillik Karimov davrida mamlakat tushib qolgan o‘ta og‘ir ahvol haqida ochiq gapirib¸ hokimiyatni xalqqa xizmat qiladigan tuzumga qo‘yish ishtiyoqi Karimov siyosatining ashaddiy tanqidchisi sifatida tanilgan Muhammad Solih tomonidan ijobiy qarshilandi.

Bu haqda Ozodlik va boshqa xorij matbuotiga qator intervyular bergan Erk demokratik partiyasi raisi¸ O‘zbekiston xalq harakati yetakchisi Muhammad Solih¸ 2017 yil avgust oyi so‘nggida O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga o‘zining siyosiy va huquqiy jihatdan reabilitatsiya qilinishini ta’minlashni so‘rab rasman murojaat qildi.

Muhammad Solihning prezident Shavkat Mirziyoevga yozgan maktubi nusxasi.
Muhammad Solihning prezident Shavkat Mirziyoevga yozgan maktubi nusxasi.

Bu murojaatidan ko‘p o‘tmay¸ O‘zbekiston MXX Muhammad Solihni¸ hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullaev ishi doirasida yana “konstitutsion tuzumga tajovuz qilish”da aybladi.

Bobomurod Abdullaevga nisbatan dastlabki tergov davomida tuzilgan protokolda Muhammad Solihga ham og‘ir ayblar qo‘yilgan.
Bobomurod Abdullaevga nisbatan dastlabki tergov davomida tuzilgan protokolda Muhammad Solihga ham og‘ir ayblar qo‘yilgan.

Bunday ayblovga munosabat bildirgan Muhammad Solih¸ buni o‘zining O‘zbekistonga qaytishi oldini olish uchun MXX¸ shaxsan uning raisi Rustam Inoyatov uyushtirgan fitna deb baholagan edi:

- Men avgust oyi oxirlarida Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga murojaat qilib¸ undan o‘zimning Oliy sud tomonidan reabilitatsiya qilinishimni so‘radim. Bu maktub rasman qaydga olinganidan so‘ng¸ Shavkat Mirziyoev uni huquqiy maqomda yechish uchun Ichki ishlar vazirligiga yuborgan¸ deb eshitdim. Bu vazirlikda o‘tirgan inoyatovchilar (MXX raisi Rustam Inoyatov nazarda tutilmoqda – tahr.) uni darhol MXXga oshirgan. Shundan ajiotaj boshlangan. “Bu odam qaytmoqchi. Qaytib kelsa¸ boshimizga balo bo‘ladi. Buni to‘xtatish kerak”¸ degan topshiriq berilgan. Mening O‘zbekistonga qaytishimni to‘xtatish uchun yo‘limga nihoyatda katta to‘siq topish kerak edi. Bir oy ichida anchadan beri kuzatuvda bo‘lgan Bobomurodni hibsga olishdi. O‘ylab topilgan qo‘rqinchli to‘siq¸ yana shu "hokimiyatni ag‘darish"¸ degan absurd ayblov bo‘ldi. MXXdagilar 1999 yilgi 16 fevral portlashlari ortidan uyushtirilgan soxta jinoiy ishni shundoqqina ko‘chirib¸ undagi figurantlar nomini o‘zgartirib¸ Bobomurod Abdullaevni ham shunga qo‘shib¸ ish yasashdi. Bu bilan Shavkat Mirziyoevni ham¸ qarang¸ bu sizni ham ag‘darmoqchi¸ deb qo‘rqitmoqchi bo‘lishayapti¸ degan edi 6 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Muhammad Solih.

Муҳаммад Солиҳ: Бобомурод Абдуллаев иши мени ватанга қайтармаслик учун уюштирилган фитна!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:57 0:00
Бевосита линк

Mustaqil O‘zbekistonning 1991 yilgi ilk prezidentlik saylovida Islom Karimovning yagona raqibi bo‘lgan Muhammad Solih¸ 1999 yil fevralida Toshkentda sodir etilgan portlashlarni uyushtirganlikda ayblanib, O‘zbekiston sudi tomonidan sirtdan 15,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Turkiyada muhojiratda yashab kelayotgan Solihning o‘zi¸ qolaversa xalqaro huquq tashkilotlari, ko‘plab xorij hukumatlari Muhammad Solihni siyosiy faoliyati uchun ta’qibga uchragan shaxs deb biladi va Karimov davridagi sud hukmini siyosiy jazo o‘laroq baholagan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 31 yanvar kuni O‘zbekiston MXX raisi general Rustam Inoyatovni lavozimidan ozod qildi. Mamlakatdagi eng qudratli shaxslardan bo‘lib kelgan Inoyatovning hokimiyatdan chetlatilishi¸ Karimov davrida MXX qurboniga aylangan shaxslarga nisbatan munosabat o‘zgarishiga asos bo‘lishi mumkinligi taxmin etilmoqda.

Muhammad Solih 70-80 yillar davomida chop etilgan “Orzu fuqarosi”, “Valfajr” , “Yo‘lnoma”, “Olis tabassum soyasi”, “Tun tashbehlari”, “Beshinchi fasl”, “Quduqdagi oy”, “Oq ko‘ylaklar”, "Shaffof uy", “Ko‘zi tiyran dard” kabi she’riy to‘plamlar muallifidir.

Uning aksar she’rlari rus, ingliz, turk va boshqa ko‘p tillarga o‘girilgan.
O‘zi ham yetuk tarjimon sifatida tanilgan Muhammad Solih Frans Kafka asarlarini, Pol Elyuar, Appoliner, Imant Ziedonis asarlarini, fin va turk she’riyati namunalarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

Muhammad Solih mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lishi ortidan uning kitoblari ham "taqiqlangan adabiyotlar" ro‘yxatiga kiritildi¸ O‘zbekiston ichkarisida jamoatchilik orasida uning nomi va kitoblarini tilga olish jinoyatga tenglashtirildi.

XS
SM
MD
LG