Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:06

Farg‘onada o‘ldirib ketilgan qizchaning ichki organlari olinmagan


Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘lik xolda topilgan 5 yoshli Kibriyo G‘apporalievaning amakisi Ravshan Qodirov Ozodlik bilan suhbatda mash’um voqeadan besh kun o‘tib ham qotillik motivi noma’lum bo‘lib qolayotganini aytdi. Qodirov jiyanining organi olingani haqida Internet tarmoqlarida tarqalgan xabarlar asossiz ekanini ta’kidladi. Qodirovga ko‘ra, 5 fevral kuni Kibriyoxon va yana ikki jiyanini bog‘cha hamshirasi uyi yoniga o‘ynashga tashlab ketgan, degan xabarlar ham noto‘g‘ri.

Ravshan Qodirov Ozodlik bilan suhbatda Kibriyoxonni bog‘cha hamshirasi ikki farzandi bilan uyiga yaqin joyga o‘ynashga tashlab o‘z yumushi bilan ketgan, degan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi.

- Men shu hamshirani turmush o‘rtog‘i bo‘laman. Kibriyo meni jiyanim, ya’ni ukamni qizi. Biz hammamiz bir xonadonda yashaymiz. Uyimiz bog‘chadan yuz metr uzoqlikda. O‘sha kuni bolalarni hech kim olmagan, ularni o‘zlari bog‘chadan chiqishgan. Hamshira bolalarni chiqib ketganini bog‘chada turib eshityapti. Hozir tergovda bog‘cha opa ham aytayapti bolalarni o‘zlari chiqib ketgan deb. Bolalar 16.00da berilishi kerak, bular 15.45da o‘zlari chiqib ketyapti. Bog‘chaga dog‘ tushmasin, deb medsestra oldi, deb hujjatlashtirilgan, - deydi Qodirov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:59 0:00
Бевосита линк

Xabarlarga ko‘ra, shu kuni 30−35 yoshlardagi erkak kishi uch bolani shirinlik olib berish va’dasi bilan velosipediga o‘tqazib olib ketgan.

Noma’lum erkakning qizchani olib ketayotgani kuzatuv kamerasiga tushib qolgan
Noma’lum erkakning qizchani olib ketayotgani kuzatuv kamerasiga tushib qolgan

​Ko‘cha oxirida esa u ikki bolani qoldirib, qizcha bilan g‘oyib bo‘lgan.

Shu kuni kechqurun Kibriyoxonning jonsiz jasadi bog‘chadan 8 kilometr naridagi Oqbo‘yra qishlog‘idan o‘tuvchi temir yo‘l va Farg‘ona kanali kesishgan joydan topilgan.

Ravshan Qodirov shu kuni jiyani Kibriyoxonning jasadini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi.

- Men jasadini ko‘rdim. Qulog‘idagi sirg‘asi ham turibdi. Qizligiga tegilmagan. Faqat qiynab o‘ldirilgan. Shu darajada qiynab o‘ldirganki, inson bolasi odamni bunaqa qiynab o‘ldirmaydi. Farg‘ona kanali va poezd yo‘li ko‘prigini oldiga tashlagan. Poezd bosib ketgan bo‘lsa kurtkasi qoraygan bo‘lar edi. Egnidagi sariq qurtkasida hech qanday qora dog‘ yo‘q edi, - deydi Ravshan Qodirov.

Oltiariq tumanidagi 6-sonli bog‘cha tarbiyachisining Ozodlikka aytishicha, Kibriyoning ota-onalari o‘tgan yil avgust oyida Turkiyaga ishlagani ketishgan, bola buvisi qaramog‘ida qolgan.

Bog‘cha xodimalaridan biri Ozodlik bilan suhbatda shu kuni Kibriyoni olgani hech kim kelmaganini aytgandi.

Lekin, Ravshan Qodirovga ko‘ra, Kibriyoni ota-onasi Turkiyaga ishlagani ketgan bo‘lsa ham u faqat buvisi qaramog‘ida qolmagan.

- Biz uch aka-uka, kelinlar bitta xonadonda yashaymiz. Bolani ikkinchi guruh nogironiga tashlab, ketibdi, degan xabarlar noto‘g‘ri. Kibriyoga hammamiz qaraganmiz, men, men bo‘lmasam ukam Zafar bog‘chadan olar edi. Shu kuni bolalar 16.00 bo‘lmasidan chiqqan. Shu kuni shunaqa bo‘lyapti, - deydi Ravshan Qodirov.

Oltiariq tumani prokuraturasi hozir mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 98-moddasi - "Qasddan odam o‘ldirish" bandi bo‘yicha ish ochib, hodisani tergov qilmoqda.

Jarayon tafsilotlaridan xabardor mahalliy rasmiyning Ozodlikka aytishicha¸ bolalarni kattalar hamrohligisiz uylariga jo‘natib yuborgani gumon qilinayotgan bog‘chaopalar ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilinmoqda.

Farg‘ona huquq-tartibot idorasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, bolalarga qand olib beraman, deb ularni olib ketgan velosipedli erkakning kimligi fotorobot yordamida aniqlanmoqda.

Hozircha qotillik motivlariga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi ham ekspertiza qizning zo‘rlanmagani, tana a’zolari ham olinmaganini ko‘rsatganini aytdi.

Ayni paytda Farg‘onada 5 yoshli Kibriyo G‘apporalievaning o‘limi ortidan maktabgacha tarbiya maskanlari tarbiyachilari va o‘rta maktablarning o‘qituvchilariga bolalarni ota-onalar xamrohligisiz uyiga jo‘natmaslik qattiq uqtirilgan.

XS
SM
MD
LG