Tojikiston Madaniyat vazirligi yaqin kunlarda erkaklar milliy libosi namunalarini aholi e’tiboriga havola qilishini bildirdi.
Ayni paytda 13 fevral kuni vazirlik xodimlari erkaklar milliy kiyimi deganda o‘tgan asrlardagi paxta ko‘ylak va ishton yoki shalvor, to‘n va chopon nazarda tutilayotganini Ozodlikka sharhlashni istamadi.
O‘tgan yil Madaniyat vazirligi ayollar hamda yoshlar ishlariga oid qo‘mitalar vakillaridan iborat davlat komissiyasi xotin-qizlar uchun milliy libos namunalarini tayyorlab, “Tojikiston qizlari va ayollari liboslari haqidagi tavsiyalar” nomli hujjat chop etgan edi.
Namunalarni tayyorlash chog‘ida ayollarning yoshi va yilning to‘rt faslida foydalanishlari hisobga olingani bildirilgan edi.
Madaniyat vazirligi tojikistonlik erkaklar uchun ham milliy libos namunalari tayyor bo‘layotganini bildirdi.
Zamonaviy Tojikistonda erkaklar faqat uy sharoitida, aza yoki to‘y marosimlarida milliy libos kiyadi.
Milliy liboslar kollektsioneri Ja’far Jalol Ozodlik bilan suhbatda ko‘chada milliy libos kiygan erkakni ko‘rgan shaxs oilasida biron fojia yuz bergan deb o‘ylab¸ ta’ziya bildirishini aytadi:
- Erkaklarni faqat aza marosimda chopon, do‘ppi va belbog‘ bilan ko‘rish mumkin. Hatto do‘ppi kiygan erkak jamiyatda azada bo‘lgan shaxs sifatida ko‘riladi, - dedi Ja’far Jalol.
Milliy liboslar tadqiqotchisi Sayidali Gadoevning aytishicha, hozirgi sharoitda Tojikistonda milliy libos qo‘shiqchilar, raqqosalar va qishloq aholisi orasida saqlanib qolgan.
Sayidali Gadoevga ko‘ra, Tojikistonda ham mintaqaning qolgan qismidagi kabi shaharlarda erkaklar yevropacha kiyinadi.
Dushanbelik Shuhrat shaharga milliy libos bilan chiqish madaniy qoloqlik ifodasi sifatida ko‘rilishini aytadi:
- Shaharda bunday kiyim bilan yurgan erkakni odamlar ko‘rib kulishadi, masxara qilashdi. Shuning uchun biz, yigitlar yevropacha ust-bosh kiyib, galstuk taqib ko'chaga chiqamiz, - dedi Shuhrat.
Tahlilchilar fikricha, 20-asr boshlarida hozirgi Tojikiston hududida erkaklar turli xil va bir-biridan farqli libos kiygan.
SSSR davrida milliy libos davlat idoralari, maktablar va ko‘chalaridan asta-sekin yo‘qola borgan.
Hozir tojikistonlik erkaklarning qaysi mintaqadan ekanini ular kiygan do‘ppilaridan aniqlash mumkin.
Badaxshon, Darvoz va Ko‘lob mintaqalarida erkaklar rangli va gullik do‘ppi kiysa, So‘g‘d viloyatidagi do‘ppi “Chust” yoki “To‘rt gulli” nomi bilan mashhurdir.
2014 yili Tojikistonda “Onalar kuni” sifatida nishonlanadigan 8 mart bayramida faollar bilan uchrashgan prezident Rahmon mamlakat shahar va qishloqlarida “tojik madaniyati hamda an’analariga zid ravishda” qora kiyim kiyib yurgan tojik ayollari paydo bo‘lganidan tashvish bildirgan edi.
Bundan avvallari ham Tojikistonda “tojikcha an’analar va qadriyatlarni targ‘ib qilishga” qaratilgan qator qonunlar qabul qilingan edi.
Jumladan, qonunlarda islomiy ekstremizm va fundamentalizm ramzi sifatida ko‘rilayotgan ayollarning uzun qora kiyim va hijoblari taqiqlangan edi.
2017 yilda esa Diniy qo‘mita azada qora kiyishni ham taqiqlab¸ tojikistonliklarga motam marosimlarida ota-bobolaridan qolgan ko‘k chopon kiyishni tavsiya qildi.
Oxirgi 5 yil davomida Tojikiston hukumati diniy ekstremizmga qarshi kurashish vaji bilan barcha turdagi diniy faoliyatni o'z nazorati ostiga oldi: jome’ masjidlar imomlarini tayinlashdan boshlab, ayollar libosi, erkaklar soqoli, masjid va hajga boruvchilar yoshi ustidan nazoratni kuchaytirdi.