Линклар

Шошилинч хабар
24 May 2026, Тошкент вақти: 18:58

O‘zbek-tojik rasmiylari havo¸temir yo‘l va avtobus qatnovini tiklashga kelishdi

O‘zbek-tojik rasmiylarining muzokaralari nihoyasida 2017 yili 25 yillik tanaffusdan so‘ng Toshkent-Dushanbe havo qatnovi qayta ochildi.
O‘zbek-tojik rasmiylarining muzokaralari nihoyasida 2017 yili 25 yillik tanaffusdan so‘ng Toshkent-Dushanbe havo qatnovi qayta ochildi.

Tojikiston Transport vazirligi rasmiylari O‘zbekiston tomoni bilan ikki davlat o‘rtasida havo, temir yo'l va avtobus qatnovlarini qayta tiklash to‘g‘risida kelishuv loyihalarini tayyorlash jarayonini tugatgan. Bu shartnomalarning prezident Mirziyoevning mart oyi boshida Tojikistonga qiladigan safari davomida imzolanishi kutilmoqda.

Tojikiston Transport vaziri Xudoyor Xudoyorzodaning 15 fevral kungi matbuot yig‘ilishida aytishicha, joriy oy boshida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Tojikiston va O‘zbekiston hukumat komissiyalari muloqotida transport masalalari ham muhokama qilingan va tomonlar havo, temir yo'l va avtomobil aloqalari haqidagi bitimlarni muvofiqlashtirib olgan.

5 fevral kuni Tojikiston Bosh vaziri muovini Azim Ibrohim rahbarligidagi hukumat delegatsiyasi Toshkentda O‘zbekiston tomoni bilan prezident Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga tashrifiga oid masalalarni muhokama etgan edi.

Xudoyorzodaga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil va suv transporti agentligi raisi Davron Dehqonov va Tojikiston Transport vaziri muovini Sherali Ganjalzoda rahbarligidagi komissiya hujjatlar loihasini har tomonlama tahlil qilib chiqqan.

“Ushbu bitimlar 100 foiz tayyor bo‘lib, tomonlar uni tasdiqladi. Endi hujjatlarning O‘zbekiston prezidentining mart oyi boshiga mo‘ljallagan Tojikistonga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolanishi kutilmoqda,” - dedi Xudoyor Xudoyorzoda.

Tojikiston Transport vazirligi mulozimlariga ko‘ra, mazkur bitimlar imzolanishi ortidan tomonlar ularning ijro mexanizmlarini muhokama qilishadi.

Vazirlik rasmiylari O‘zbekiston va Tojikiston shaharlari orasida sovet davridagi kabi avtobus qatnovlarini tiklash masalasi har tomonlama o‘rganilishi lozimligini ta’kidladi.

Ularga ko‘ra¸ Tojikistondan O‘zbekistonning qaysi shaharlariga yo‘lovchi ko‘p bo'lsa, avtobus qatnovi ayni yo‘nalishda yo‘lga qo‘yiladi.

Dastlabki tadqiqotlarga ko‘ra, hozir Dushanbedan janubiy O‘zbekistondagi Denov va Termiz shaharlari va Xo‘janddan Toshkent, Namangan va Farg‘onaga avtobus marshrutlari yo‘lga qo‘yish iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin.

Tojikiston Transport vaziri Xudoyor Xudoyorzodaning aytishicha, ayni shunday talab va me’yorlar havo aloqalarida ham qo‘llanadi.

Uning bildirishicha, o'tgan yil aprel oyida boshlangan Toshkent va Dushanbe orasidagi parvozlar¸ yo‘lovchilar soni kamligi bois¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” davlat shirkati uchun iqtisodiy jihatdan foydali emas.

Bunday holatlarni hisobga olib Tojikistondan Buxoro, Samarqand va O‘zbekistonning boshqa shaharlariga yangi marshrutlar ochilishi mumkin.

Shuningdek, Tojikiston Transport vazirligi matubot anjumanida G‘alaba-Amuzang yo‘nalishidagi temir yo‘lni qayta tiklash ishlari boshlangani borasida xabar berdi.

Ushbu temir yo'l O‘zbekiston tomonidan 2012 yilda buzib tashlangan edi.

Rejaga ko‘ra, bu yo‘l orqali yuk poezdlarining o‘tishi mart oyining birinchi o‘n kunligida boshlanadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi ham aynan shu muddatga rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG