Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:03

Myunxen anjumanida Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi kuchli ziddiyat o‘rtaga chiqdi


Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro xavfsizlik anjumanida Ukraina sharqidagi urush hamda Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi bo‘yicha iddaolar yuzasidan Rossiya bilan g‘arb mamlakatlari o‘rtasida kelib chiqqan qarama-qarshilik yaqqol ko‘rinib turdi.

Nufuzli konferensiyada jahon davlatlarining yetakchi diplomatlari ishtirok etdi.

17 fevral kuni Ukraina sharqiga BMT tinchlikparvar kuchlari yuborish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi. Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish bo‘yicha Germaniya, Fransiya, Ukraina hamda Rossiya ishtirok etadigan «Normandiya formati»dagi muzokaralar esa bekor qilindi.

Xabar qilinishicha, bunga diplomatlarning tirband kun tartibi sabab bo‘lgan.

Anjumanning ikkinchi kuni ochilish marosimida so‘zlagan Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel Ukraina sharqiga BMT tinchlikparvar kuchlarini yuborish Rossiyaga qarshi sanksiyalar qadamba-qadam yengillatilishiga olib kelishi mumkinligini aytgan edi.

Yevropa Ittifoqi hamda AQSh Rossiya 2014 yilda Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olib, mamlakat sharqidagi ayirmachilarni qo‘llay boshlagani uchun Moskvaga qarshi bir necha raund sanktsiya joriy qilgan. Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarda shu kungacha 10 300 dan oshiq odam halok bo‘ldi.

Ammo kecha Ukraina tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimli avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ushbu masalada kelishuvga erisha olmaganini aytdi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg 17 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashib, Ukrainaga BMT tinchlikparvar missiyasini yuborish haqida Lavrov bilan suhbatlashganini, ammo ilgari siljish bo‘lmaganini ta’kidladi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina kuchlarini rossiyaparast ayirmachilardan ajratib turuvchi «demarkatsiya chizig‘i»ga BMT tinchlikparvar kuchlarini yuborishni taklif qilgan edi.

Ammo Ukraina rasmiylari boshida bunga qarshi bo‘ldi. Ularga ko‘ra, BMT kuchlarini Ukraina-Rossiya chegarasiga emas, balki Ukraina ichidagi demarkatsiya chizig‘iga yuborish Rossiya uchun qo‘l keladi: bunday qilinsa, Moskva ayirmachilarni qurol bilan ta’minlashi yanada osonlashadi.

16 fevral kuni AQShda maxsus katta jyuri 13 rossiyalikni hamda rus shirkatlarini AQSh saylovlarida aralashishda rasman aybladi. Maxsus prokuror Robert Myuller e’lon qilgan ayblovlar bundan avval ma’lum bo‘lmagan tafsilotlarni oshkor qildi.

AQSh prezidenti Donald Trampning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Makmaster:

- Rossiya o‘zining mukammal josusligini chindan qisqartirishni istagan payt kelsa, ular bilan kiber-muloqot o‘tkazishni juda xohlagan bo‘lardik. Buni zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilayotgan «maskirovka» deb atash mumkin, - dedi.

Anjuman davomida Lavrovdan ushbu ayblovlar haqida so‘ralganda, siyosatchi ularga hech qanday munosabatda emasligini aytib, Moskva dalillarni ko‘rmagunicha bu ayblovlar «safsata»dan boshqa narsa emasligini aytdi.

O‘z nuqti davomida Lavrov Rossiyaning g‘arbga bo‘lgan bir necha e’tirozini aytib o‘tdi. Xususan, siyosatchi YeIni Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni «hukumatdan ag‘darish»ga ko‘maklashishda aybladi.

Anjuman davomida Iroq, Shimoliy Koreya, Suriya, Brexit, hamda Britaniyaning ittifoq bilan aloqasi kelajagi muhokama qilindi. Makmaster Tehron Suriya, Yaman va Iroqda beqarorlashtiruvchi amaliyotlarni bajarayotganini aytdi. Shuningdek, u Suriya prezidenti Bashar al-Assad kimyoviy qurollarni qo‘llashda davom etayotganini ta’kidladi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey esa mamlakatning YeIga a’zoligi masalasida ikkinchi marta referendum o‘tkazilmasligini aytdi.

Bosh vazir 2016 yilning iyunida o‘tkazilgan referendum natijasini ortga qaytarib bo‘lmasligini ta’kidladi.

- Biz YeIni tark etamiz va ikkinchi referendum yoki ortga qaytish haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas, menimcha bu juda mihim, - dedi Mey.

Vazir, shuningdek, London va YeI o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha Britaniya ittifoqdan chiqib ketganidan keyin ishga tushadigan yangi kelishuv imzolash kerakligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG