Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:23

Marhum muftiy haqida Mirziyoev matbuot xizmati olgan filmda nimalar aytilmadi?


Uzbekistan - sheikh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Uzbekistan - sheikh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

"Gorbachevning muftiy"si, degan nom bilan tarixga kirgan, Qayta qurish davrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasini boshqarib turgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqidagi 15 daqiqalik film 18 fevral kuni O'zbekiston24 telekanalida ko‘rsatildi.

Film, shuningdek, Prezident matbuot xizmatining Facebookdagi sahifasi orqali jonli namoyish qilindi.

Tirikligida davlat telekanallarida efirga chiqishiga taqiq qo‘yilgan¸ o‘lganida esa, vafoti haqida qisqa xabar ham rasmiy matbuotda e’lon qilinmagan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida hujjatli film namoyish qilingani prezident Mirziyoevning dindorlarga erkinlik bergani sifatida ko‘rilmoqda.

Prezident tashabbusi

Mazkur film O‘zbekiston prezidentining yangi qurilayotgan masjidga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishi haqidagi 9 fevral kuni rasmiy matbuotda e’lon qilingan tashabbusi ortidan efirga berildi.

Chilonzordagi masjid qurilishida Mirziyoev marhum muftiyning “g‘iybatlar, tuhmatlar” qurboni bo‘lgani haqida aytib o‘tdi va uning mamlakatdan ketib qolganini umumiy tarzda esladi.

"Shayx avliyo emas"

Marhum muftiy haqida Mirziyoev matbuot xizmati olgan filmda uning mamlakatdan ketib qolishi bilan bog‘liq tafsilotlar yo‘q.

Toshkentdagi eshon Boboxonovlar muzeyi rahbari Anvarmirza Husainov Ozodlik bilan 19 fevral kungi suhbatda bu filmni “Prezident gapidan keyin tezda qilingan”, deya baholadi:

- Prezident aytganidan keyin bir hafta ichida tushirilgan filmdan ko‘p narsa kutib bo‘lmaydi. Nima bo‘lganda ham bu film marhum shayx haqida film yaratishga ilk urinishdir. Nasib qilsa, yana batafsilroq filmlar yaratiladi. Bu film dindorlar ko‘ksiga ilk ko‘klam epkini kabi yetib bordi, - deb gapini boshlaga Husainov “filmda shayxni ulug‘lashga” sal zo‘r berilganiga e’tibor qaratdi:

- Salgina balans ham kerak. Shayx avliyo emas¸ u ham endi o‘z davrining odami. Shayx birdan osmondan tushgani yoki erdan zamburug‘ kabi ko‘karib chiqqani yo‘q. 1989 yili Gorbachev e’lon qilgan oshkoralik davri yangi shaxslarni yuzaga chiqardi. Shayx shulardan biri edi. U kishining ro‘yobga chiqishida ustozlari Ziyovuddinxon qori bilan Shamsiddinxon qorilarning ham o‘rni bor. Ammo bu jihat kinochilar e’tiboridan qolgan¸ dedi Toshkentdagi eshon Boboxonovlar muzeyi rahbari Anvarmirza Husainov

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf islomiy anjumanlarda voizlik qilgan
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf islomiy anjumanlarda voizlik qilgan

Hayajon bor, tafsilot yo‘q

Toshkentlik kinomunaqqid Akmal Rizaevning 19 fevral kuni Ozodlikka aytishicha¸ “Murakkab hayotni yashagan diniy ulamo hayoti¸ kinodokumentalistika janriga zid keladigan ortiqcha emotsiya bilan” yoritilgan:

- Dokumental kinodan ko‘ra¸ rivoyatlarga ovoz bersa yarashadigan diktor Afzal Rafiqov “bir to‘da fitnachiyu ig‘voga uchgan g‘ofillar Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga asossiz tuhmatlar yog‘dirib, turli fitnalar uyushtirdilar”, deydi. Tomoshabin navbatdagi kadrda bu hayajonli iddaoning dokumental tasdig‘ini kutadi. Isbot-dalil o‘rniga yangi hayajonli sentenslarni ko‘ramiz. Kino O‘zbekiston prezidenti aytgan “tuhmat “ haqidagi gapni ochib bera olmagan. “Qanday yaxshi odam edi”, degan formatdagi shosha-pisha olingan targ‘ibot filmi deb o‘ylayman¸ dedi munaqqid.

Qizil yulduz va yarim oy ittifoqi

O‘zbekiston yangi tarixi¸ dindorlar va muxolifat harakatlarini chorak asrdan beri qo‘lida kamerasi bilan kuzatgan kinohujjatchi Abdulaziz Mahmudov Ozodlik bilan suhbatda bu filmni “oddiy propaganda” deb baholadi:

- Men marhum Shayx ilk bora muftiylikka saylanganida ham¸ odamlar miting qilib uni muftiylikdan tushirganida ham tasvirga olganman. U kishiniing uyi oldida sirli portlashlar bo‘lganida ham¸ u kishi qaytib kelib Karimovni televizorga chiqib maqtaganida ham qo‘limda kamera bilan kuzatganman. Ya’ni bu mavzuni bilaman. Kinoni ko‘rdim. Olomonga yoqish uchun qilinayotgan harakat deb tushundim¸ dedi Mahmudov.

Uning yana aytishicha:

- Yangi prezident bu film orqali, Karimovning zo‘ravonlik siyosatiga mutlaq qarshiman, degan signal bermoqda. Bu siyosat Rossiya rahbariyatining poplar bilan do‘stlashish siyosatining kopiyasidir. Rossiyadagi siyosat kommunistik qizil yulduz bilan turgan xochni eslatadi. Mirziyoevnig siyosati esa, qizil yulduz bilan turgan yarim oy turganga o‘xshaydi¸ dedi kinohujjatchi .

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning chet elda yurganida chop qilgan kitobi
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning chet elda yurganida chop qilgan kitobi

Shayx hayotining kinoda aks etmagan qirralari

Ozodlik suhbatlashgan tarixchi olim¸ kinomunaqqid va kintasvirchilarning mushtarak fikricha¸ O'zbekiston24 kanalida 18 fevral kuni namoyish qilingan filmda Shayx hayotining murakkab qirralari aks etmagan.

Toshkentdagi eshon Boboxonovlar muzeyi rahbari Anvarmirza Husainovga ko‘ra¸ filmda shayxga zulm qilgan Karimov rejimi haqida sukut saqlangan:

- Filmda Shayxning 1993 yili Toshkentni tark qilgani aytiladi¸ lekin nega ketgani¸ kim ketkizgani aytilmaydi. Shayxning uyi oldidagi sirli portlashni kim uyushtirgani haqida ham jimlik. Xolbuki, Shayxning mamlakatdan ketkazilishi o‘sha davr rahbariyatining siyosiy irodasi edi. Bu siyosiy irodani maxsus hizmatlar amalga oshirgan edi¸ dedi tarixchi olim.

Kinodagi oq dog‘lar

Kinohujjatchi Abdulaziz Mahmudov esa, kinodagi oq dog‘lar haqida gapiradi:

- Kinodagi asosiy oq dog‘ mening nazarimda rasmiy mullalarning MXX buyrug‘i bilan Shayxni ishdan olish uchun miting o‘tkazgani. Menda tasvirlar bor, sizga yuboraman. 1992 yil 8 yanvarda dindorlar muftiy Muhammad Sodiq ketsin, deb miting qilishgan. Bu KGB tarafidan keltirilgan marionetka shayxga qarshi KGBning vorisi MXX tarafidan harakatlantirilgan marionetka mullalar isëni edi. Shunisi qiziqki, ayni mullalar bugun shayx avliyo edi, deb o‘tirishibdi. Dindorlarnig ikkkiyuzlamachiligi aks etmay qolgan filmda¸ dedi Mahmudov.

Muftini ishdan olish uchun 1992 yildagi miting
Muftini ishdan olish uchun 1992 yildagi miting

Ozodlik tasarrufida 1992 yili Farg‘ona vodiysidan Toshkentdagi prezident qabulxonasiga kelgan dindorlarning muftiyni ishdan olish chaqiriqlari aks etgan videotasvirlar mavjud.

Abdulaziz Mahmudov suratga olgan bu tasvirlarda “Muftiy yomon odam, u musulmonlarni ikkiga bo‘ldi”, “Yo‘qolsin muftiy. Ollohu Akbar”, degan chaqiriqlarni eshitish mumkin. Shuningdek, o‘sha davrga oid yana bir videoda Islom Uyg‘onish partiyasi Abdulla O‘taev “Muftiyni bir tarafdan dindorlarga yon bosib, ikkinchi tarafdan hukumatga hizmat qilayotgan munofiq”, deya ataydi.

Diniy idoradagi jinoyat

Toshkentlik kinomunaqqid Akmal Rizev esa, Muftiy faoliyati davrida yuz bergan jinoyatga e’tibor qaratadi:

- Filmda muftiyning Usmon mushafini diniy idoraga qaytarilgani ulug‘lanadi va bu mushafning diniy idoraga o‘tgandan keyin talon -toroj bo‘lgani haqida sukut qilinadi. Mushaf 1402 yildan boshlab Samarqandda, Amir Temur saroyida saqlangan. Rus ishg‘olchilari 1867 yili mushafni olib Sankt Peterburgdagi Ermitaj muzeyiga berishadi. 1917 yilning dekabrida sho‘rolar rahbari Vladimir Lenin maxsus dekret bilan mushafni o‘lka musulmonlariga beradi. Mushaf Ufaga olib kelinadi. 1923 yilning iyunida Turkiston ulamolari so‘rovi bilan mushaf Toshkentga keltiriladi. O‘sha yilning avgustida mushaf Samarqanddagi Xo‘jai Ahror masjidiga keltiriladi. 1941 yildan to 1989 yilning mart oyigacha mushaf Toshkentdagi tarix muzeyida saqlanadi. 1401 yildan beri saqlanib kelayotgan bu nodir qo‘lyozma zamonaviy o‘zbek dindorlari qo‘liga tushganidan keyin o‘g‘rilarga o‘lja bo‘ldi. 1992 yili mushafning 9 varag‘i yirtib olinib chetga sotib yuborildi. Bu jinoyat o‘sha vaqtda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari bo‘lgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf davrida bo‘ldi¸ dedi munaqqid.

1992 yilda o‘nlab qadimiy qo‘lëzmalar O‘zbekistondan o‘g‘irlab ketilgan
1992 yilda o‘nlab qadimiy qo‘lëzmalar O‘zbekistondan o‘g‘irlab ketilgan

Mushaf o‘g‘irlangani faktini tasdiqlagar ekan, n tarixchi Husainov bunday dedi:

- O‘z davrining odami edi. 1989 yili SSSR xalq deputati bo‘lganida mustaqillikni emas, “Sovet xalqlarinig hamjihatligini” yoqlab chiqqan. 1991 yilgi saylovlarda esa, o‘sha paytdagi demokratlar vakili Muhammad Solihni emas, balki Karimovni qo‘llab-quvvatlagan¸ ammo bu gaplar filmda aks etmagan. Balki kelajakda suratga olinadigan kinolarda bu jihatlar ham aks etar, dedi Husainov.

Bu voqealarni eslagan kinohujjatchi Abdulaziz Mahmudov shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida hujjatli filmni Shavkat Mirziyoev uchun reklama deb atadi:

- Mirziyoev "mullalarning ko‘nglini ovlash", degan o‘yinni boshlagan. Karimov ham shunaqa o‘yin boshlab, sal o‘tmay voz kechgan edi. Bu film katta o‘yinlarda marionetka bo‘lgan shayxning reklamasi emas¸ balki Shavkat Mirziyoevning o‘zi haqidagi reklamadir. Haqiqiy islohotning mevalari tez pishmaydi. Johil olomonni o‘z tomoniga og‘dirish uchun Mirziyoev shu yo‘lni tanlabdi. "Men mullalar bilan birgaman", deya aholini o‘ziga og‘dirishning oson yo‘li bu, - dedi kinohujjatchi Abdulaziz Mahmudov.

XS
SM
MD
LG