Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2018, Тошкент вақти: 09:22

5 yashar Kibriyoning o‘limi bo‘yicha tergov marhumaning oilasida norozilik uyg‘otmoqda (VIDEO)


5 yashar Kibriyo G‘apporalievaning jasadi temir yo‘l yoqasidan topilgan.

5 fevral kuni kechqurun jasadi temir yo‘lga yaqin joydan topilgan 5 yashar Kibriyo G‘apporalievaning yaqinlari bu mudhish voqeani tergov qilaëtgan ichki ishlar xodimlarini ishni tezroq yopish maqsadida¸ uni soxtalashtirishga urinishda ayblamoqda. Oltiariq tuman Ichki ishlar bo‘limi katta tergovchisi Usmonali Mamarizaev​ bu ayblovlarni inkor etdi.

20 fevral kuni Ozodlikka murojaat qilgan Kibriyoning Farg‘ona viloyat, Oltiariq tuman, Poloson qishlog‘ida yashovchi 63 yashar buvisi Jamila Qodirova¸ ayni shikoyat bilan Ichki ishlar vazirligi¸ prokuratura va prezident virtual qabulxonasiga ham xat yuborganini bildirdi.

Joriy yilning 5 fevral kuni tushdan so‘ng bog‘chadan o‘zi tengi amakivachchalari bilan kattalarsiz chiqarib yuborilgan Kibriyo noma’lum erkak tomonidan olib ketilgan va oradan bir necha soat o‘tib¸ o‘lik holda topilgan edi.

“Yoshlar” telekanali 14 fevral kuni qizaloqni o‘g‘irlab ketib¸ uni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan shaxsning qo‘lga olingani haqida Oltiariq tuman ichki ishlar bo‘limi rasmiylariga asoslanib xabar qilgan edi.

Ota-onasi Turkiyada mehnat muhojiratida bo‘lgan Kibriyo buvisi va bir hovlida yashovchi amakilari qaramog‘ida bo‘lgan.

Jamila Qodirova 14 fevral kuni qo‘lga olingan shaxsning bosim va qiynoq ostida bolani o‘g‘irlaganiga iqror qilingani va qotillikning asl motivi ochilmay¸ haqiqiy qotil jazosiz qolishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Qodirovaning iddao qilishicha¸ Kibriyoni o‘g‘irlab ketganlikda gumonlanib qo‘lga olingan birinchi gumondor yigit qiynoqlar ostida aybni bo‘yniga olgan. Ammo yaqinlari shirinlik sotuvchi bu yigitning Kibriyo olib ketilgan vaqtda Marg‘ilondagi do‘konlardan biri videokamerasiga tushib qolganini militsiyaga ko‘rsatganidan so‘ng¸ u qo‘yib yuborilgan.

“Bundan kelib chiqib biz¸ qo‘lga olingan ikkinchi gumonlanuvchining ham qiynoqlar ostida qilmagan jinoyatiga iqror qilingan bo‘lishi mumkin¸ degan xavotirdamiz. Bu bolaning orqasidan surishtirib¸ to‘polon qiladigan hech kimi yo‘q ekan. Unga ham¸ "bolani olib ketdim¸ degin keyin seni o‘zimiz qamoqdan chiqarib olamiz"¸ deb va’da qilayotgan bo‘lishlari mumkin¸” dedi Ozodlik bilan suhbatda Jamila Qodirova.

- Ishni bir yoqlama olib borishayapti. Go‘yo¸ ushlangan bola Kibriyoni yaxshi ko‘rib olib ketgan¸ keyin unga konfet oberib¸ yo‘lda tashlab ketgan. Kibriyoning jasadi u bola tashlab ketganini aytgan joydan 4 kilometr uzoqlikda topilgan. Nevaram yassi tovonlik edi¸ uzoqqa yura olmasdi¸ amakilari mashinada olib borib¸ mashinada olib kelardi. Buncha joyga piyoda borolmasdi. Bular boshdanoq sust ishlayapti. Bolani qidirish o‘rniga soatlab bizni so‘roq qilishdi. Endi hozir tipirchilashayapti stolimni bermayman¸ deb. Bular bitta odamni topib¸ shuni bo‘yniga yuklab¸ ish yopildi deb¸ yulduzcha olmoqchi¸ dedi marhuma qizaloqning buvisi Jamila Qodirova.

Kibriyoning Ozodlik suhbatlashgan yaqinlari¸ Oltiariq tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchilarini bu mudhish voqeani qotillik sifatida tasniflash niyatidan yiroqlikda ham ayblamoqda.

- Nevaralarimni velosipedda olib ketgan odam¸ qaysing kimning bolasisan¸ deb o‘smoqchilab so‘ragan. Ikkitasini qo‘yvorib¸ Kibriyoxonnni olib ketgan. Bu qasddan qilingan. Bolani temir yo‘l yaqinida qoldirib ketgan¸ deyapti. Bunga umuman ishonmayman. Bolaning jasadini ko‘rgan odam bunga ishonmaydi. Poezd urmagan bolani¸ qiynab o‘ldirishgan. Ichki ishlar shuni ochish o‘rniga¸ yopti-yopti qilmoqchi¸ - dedi Kibriyoning buvisi Jamila Qodirova.

Bunday shikoyatlar ortidan Ozodlik muxbiri Kibriyo G‘apporalievaning o‘limi bo‘yicha dastlabki tergovni olib borgan Oltiariq tuman Ichki ishlar bo‘limi katta tergovchisi Usmonali Mamarizaev bilan bog‘landi.

Ozodlik bilan suhbatda¸ oilaning bu shikoyatlariga bosiqlik bilan munosabat bildirgan tergovchi¸ ular bildirayotgan xavotirlarning o‘rinsiz ekanini ta’kidladi:

- Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib¸ Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga o‘tkazildi. Hali tergov amaliyotlari davom etayapti. Shaxsni asossiz ayblash oson ish emas. Bu narsa oldin bo‘lgan bo‘lsa¸ bundan buyog‘iga bo‘lmaydi. Shaxsning aybi to‘liq isbotlanmaguncha¸ uning jinoyati dalillar bilan to‘liq tasdig‘ini topmaguncha¸ bir narsa deyishga haqqimiz yo‘q. Hozir hamma versiya tekshirilayapti¸ dalil-isbot to‘planayapti. Bir emas¸ bir necha gumonlanuvchini so‘roq qilganimizdan keyin¸ hozirda jinoyatda gumonlanayotgan bitta shaxs qoldi. Bu odamning jinoyatni sodir etganligi nafaqat uning iqrori¸ balki boshqa dalillar bilan ham tasdig‘ini topgani uchun¸ u ayblanuvchi sifatida ishga jalb qilingan¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda dastlabki tergov amaliyotlarini o‘tkazgan ichki ishlar xodimi.

Tergovchi Usmonali Mamarizaev marhuma qizaloqning oilasi bildirayotgan e’tirozlardan yana biri – qotillik versiyasining ko‘rib chiqilmayotganini ham inkor qildi.

- Hozirda ekspertiza tayinlangan tan jarohatlari¸ kiyimlar va boshqa holatlar bo‘yicha. Bir necha ekspertiza tayinlangan – kriminalistik¸ sud-tibbiy ekspertiza¸ biologik ekspertizalar bor. Bularning xulosasi hali chiqqani yo‘q. Bular darrov chiqadigan xulosalar emas¸ vaqt kerak. Xulosalar chiqqandan keyin¸ bolaning qasddan o‘ldirilgan-o‘ldirilmagani¸ uni poezd urgan-urmaganini aniqlay olamiz. Hali tergov harakatimiz davom etayapti¸ - dedi Oltiariq tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Usmonali Mamarizaev.

Bu rasmiy¸ tergov jarayoniga oid ochiqlash mumkin ma’lumotlar marhumaning yaqinlariga muntazam shaklda berilayotgani va ishning yakuniy xulosalari nafaqat Kibriyoning oilasi¸ balki butun jamoatchilikka e’lon qilinishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG