Линклар

Шошилинч хабар
24 сентябр 2018, Тошкент вақти: 10:35

Chirchiqda kollej o‘quvchisi qiz sinfdoshini pichoqladi


Toshkent viloyat, Chirchiq shahridagi Ijtimoiy-iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining ikkinchi bosqich o‘quvchisi o‘zining qiz kursdoshini pichoqladi. Bu xabarni tasdiqlagan kollej o‘qituvchisi so‘zlariga ko‘ra, ikki kursdosh o‘rtasida chiqqan janjal shu voqea bilan tugagan. Qiz kasalxonada davolanmoqda. Yigit ustidan jinoyat ishi ochildi.

20 fevral kuni kollej binosi oldidagi ko‘chada sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risida Ozodlikka kelgan bu xabarni tasdiqlagan kollej o‘qituvchilaridan birining aytishicha, bu voqeaga ularning (Ozodlikka bu o‘quvchilarning ism-familiyasi ma’lum) o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar sabab bo‘lgan:

“Bizga keyin ma’lum bo‘lishicha bu o‘quvchilar bir-birini yaxshi ko‘rgan. O‘sha kuni darsdan chiqib, bular o‘zaro janjallashib qolishadi va bola achchig‘idan unga ikki marta pichoq suqib oladi. Bu kollej binosida emas, shu yaqindagi ko‘chada bo‘lgan. Keyin odamlar Tez yordam chaqirgan va o‘quvchi qizni kasalxonaga olib ketishgan”, dedi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, pichoq urgan bola voqea joyidan qochmagan va yetib kelgan militsiya xodimlariga o‘zi taslim bo‘lgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining aytishicha, pichoq urgan o‘quvchi bola ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

“Hozir bola bilan tergovchi shug‘ullanyapti. Bola aybiga to‘la iqror bo‘lgan, lekin hibsga olinmagan. Uyidan qatnab so‘roq qilinyapti. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan", dedi mulozim.

Chirchiq shahar Tez tibbiy yordam kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokori, o‘quvchi qizning jarohati og‘ir emasligini aytdi:

“O‘quvchi qiz sonidan va ko‘krak qismidan jarohat olgan. Hozir ahvoli ancha yaxshi. Hayotiga xavf soladigan jarohat olmagan”, dedi shifokor.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov joriy yilning fevralida O‘zA agentligiga bergan suhbatida o‘tgan yilda maktab o‘quvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilganini aytgan edi.

1,5 ming jinoyatning bir nechasi haqda Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan.

Xususan, o‘tgan yilning 6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqlagan edi. Talabalardan biri voqea joyida jon berdi. Pichoqlangan yana bir talaba Toshkentdagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.

Toshkentdagi 1- sonli Toshkent yuridik kollejidagi “vahshiyliklar” o‘tgan hafta O‘zbekiston telekanalida ham tanqid qilingan edi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston kollejlarida bir necha marta qotillik amalga oshirildi.

Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida o‘tgan yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining o‘quvchisini rashq sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.

XS
SM
MD
LG