Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:18

ShOShILINCh: O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirovning hibsga olingani rasman tasdiqlandi


Rashid Qodirov
Rashid Qodirov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mamlakat sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov hibsga olinganini rasman tasdiqladi. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Qodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ozodlik Rashidjon Qodirovning 22 fevral kuni Toshkentda hibsga olingani haqida o‘z manbalariga tayanib, birinchi bo‘lib xabar qilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati 22 fevral kuni Qodirovning hibsga olinganidan "hozircha xabari yo‘q"ligini bildirdi.

23 fevral kuni matbuot xizmati rasmiysi Vohid Sharopov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda "Qodirovning hibsga olinmagani va unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmayotganligini" aytdi.

24 fevral kuni esa Bosh prokuratura Qodirovning hibsga olingani va unga nisbatan uchta modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini rasman e’lon qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Qodirov 23 fevral kuni hibsga olingan bo‘lib, sobiq Bosh prokuror Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

​Ozodlikning O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi ishonchli manbasiga ko‘ra, 22 fevral kuni Rashidjon Qodirovning uyida tintuv o‘tkazilgan va Qodirov uyidan qo‘liga kishan solingan holda olib ketilgan.​

Hozirda Qodirov, bosh prokuraturaga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga binoan ushlab turilibdi.

Ushbu moddaga ko‘ra, shaxs jinoyat sodir etgan odam tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan taqdirda va shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa, ushlanishi mumkin.

Ayni paytda¸ Ozodlikka bir-biridan mustaqil Toshkent mulozimlarining bildirishicha¸ Qodirovning 42 yashar o‘g‘li Alisher Qodirov o‘n kuncha avval O‘zbekistondan qochib ketgan.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan Bosh prokuratura xodimi¸ 22 fevral kuni mahalliy vaqt bilan kunning ikkinchi yarmida "ayni daqiqalarda 66 yashar sobiq bosh prokuror o‘zi rahbarlik qilgan idora binosida so‘roq qilinmoqda"¸ deya Ozodlikka xabar qildi.

Rashidjon Qodirov oilasiga yaqin boshqa bir mulozimning aytishicha, Qodirovning hibsga olinganidan "oila-a’zolari chuqur qayg‘uga botgan."

Bosh prokuraturadagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Rashidjon Qodirov "yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirish va xorij banklari vositasida pul yuvish amaliyotlarini o‘tkazish" ayblovlari yuzasidan borayotgan tekshiruv jarayonida so‘roq qilinmoqda va unga nisbatan hibsga olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozircha Ozodlik bu tergov jarayonining asosiy figurantlari kimligi haqida aniq ma’lumotga ega emas. Huquq tizimidagi mulozimning aytishicha¸ Qodirovga yaqin bo‘lgan ikki nafar prokuratura sobiq rahbari ham qo‘lga olingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining 22 fevral kuni mahalliy vaqt bilan kechki soat 8:30 larda Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ bu voqeadan xabari yo‘qligi bois¸ xabarni na tasdiqlash va na inkor qilishini bildirdi.

"Agar shunday voqea bo‘lgan bo‘lsa va biz undan xabar topsak¸ ertaga tafsilotlarini aytishimiz mumkin"¸ dedi matbuot xizmati mutasaddisi Ozodlik muxbiriga 22 fevral kuni.

23 fevral kuni Kun.uz sayti Bosh prokuraturadagi manbaga tayanib, Qodirovning hibsga olingani inkor qilingan maqola e’lon qildi.

Shu kuni Bi-Bi-Si ham Toshkentdagi manbasiga tayanib, Rashidjon Qodirov hibsga olinmagani va o‘zining 64 yillik tavallud kunini erkinlikda nishonlashi haqida xabar qilgandi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Qodirov aynan tug‘ilgan kuni - 23 fevralda hibsga olingan. Biroq Bosh prokuratura Qodirovga nisbatan jinoiy ish qachon ochilgani va tergov qachon boshlanganiga oid ma’lumotni ochiqlamagan.

Bosh prokuraturaga 15 yil rahbarlik qilgan Rashidjon Qodirov 2015 yil aprel oyida ishdan bo‘shatilgan edi.

Huquq idoralari faoliyatini tanqid qilishni prokuraturadan boshlagan prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 2 avgust kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘inida¸ prokurorlarni "eng katta o‘g‘ri"lar deb atagan. O‘z chiqishlaridan birida esa, Mirziyoev Qodirov "hammayoqni poraxo‘rlik qilib yubordi" deya tanqid qilgan.

- Mana biz yangi Bosh prokurorni qo‘ydik va 80 foiz odamni o‘zgartirdik. Oldingi qolgan axlatdan¸ oldingi Bosh prokuror qoldirgan o‘g‘ri tizimdan 20-15 foiz odamlar yuripti. Bularni baribir o‘zgartiramiz oxirigacha¸" degan edi jumladan Mirziyoev.

Шавкат Мирзиеев 7 январ 2017 прокуратура ходимлари олдиди чиқиши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:46:53 0:00
Бевосита линк

Korrupsiya iddaolari

Rashid Qodirovning Bosh prokuror sifatidagi faoliyatidan yaxshi xabardor mulozimlarning Ozodlikka aytishicha¸ Qodirov O‘zbekistondagi yashirin boylardan biridir. Ozodlik muxbirlari ko‘rgan Latviya ko‘chmas mulk reestlariga doir hujjatlarga ko‘ra, Rashid Qodirov oilasi bu mamlakatda hashamatli uylarga egalik qiladi.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyati Zangiota tumanida faoliyat olib borayotgan va bir martalik shpritslar hamda boshqa dori-darmonlar ishlab chiqaradigan “Asia Trade” shirkati muassisi Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirovdir.

KGBdan chiqqan prokuror

1952 yili Andijonda tug‘ilgan, ToshDU (Milliy Universitet) huquq fakultetini tugatgan Rashidjon Hamidovich Qodirov 1980 yildan boshlab O‘zbekiston davlat xavfsizlik xizmati (KGB) tergov bo‘limida ishlagan.

Andijon oblasti partiya qo‘mitasi sobiq sekretarining o‘g‘li Rashid Qodirov 1992 yilda O‘zbekiston MXX rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 1994 yili esa O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari lavozimini egallaydi.

2000 yilda bosh prokuror etib tayinlangan Qodirov bu vazifada ikki muddat ishlaganidan keyin 2010 yilda mamlakat parlamenti tomonidan uchinchi marta lavozimida qoldiriladi.

Rashid Qodirov 1-darajali davlat adliya maslahatchisi maqomiga ega.

XS
SM
MD
LG