Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:07

Rossiyada otib o‘ldirilgan Boris Nemsov xotirasi uchun namoyishlar bo‘ldi


Moskvadagi Nemsov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan namoyish qatnashchilari, 25 fevral, 2018 yil
Moskvadagi Nemsov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan namoyish qatnashchilari, 25 fevral, 2018 yil

Rossiyaliklar Kreml siyosati tanqidchisi va sobiq bosh vazir o‘rinbosari Boris Nemsovni xotirlab, Rossiya shaharlarida namoyishga chiqdi. Ushbu qotillik butun dunyoda qoralangan, ayni paytda, Kremlga muxolif bo‘lgan rossiyaliklar qanday xatarga ro‘para ekanini ko‘rsatgan hodisa sifatida baholangan.

Prezident Vladimir Putinning ochiq tanqidchisi bo‘lgan Nemsov 2015 yil 17 fevral kuni Kreml yaqinidagi ko‘prik ustida otib o‘ldirilgan edi.

25 fevral kuni Nemsovning o‘nlab izdoshi Novosibirsk shahridagi siyosiy qatag‘on qurbonlari yodgorligi yonida namoyish o‘tkazdi. Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida o‘tkazilgan namoyishlarda ko‘proq odamlar qatnashgani aytilmoqda.

Iyul oyida Moskva sudi Rossiyaning Shimoliy Kavkazda joylashgan Checheniston Respublikasidan bo‘lgan 5 kishini aybdor deb topib, uzoq muddatli qamoqqa hukm qildi.

Biroq qamalganlarning qarindosh va safdoshlari Nemsovni o‘ldirishga teparoqdan buyruq berilganini aytmoqda. Ularga ko‘ra, siyosatchini o‘ldirishga buyruq bergan kishilar aniqlanib, jazoga tortilmaguncha adolat qaror topmaydi.

Nemsov xotirasiga Tyumenda uyushtirilgan namoyish, 25 fevral, 2018 yil
Nemsov xotirasiga Tyumenda uyushtirilgan namoyish, 25 fevral, 2018 yil

Bunday shov-shuvga sabab bo‘lgan qotilliklar oldin ham ro‘y bergan, masalan, taniqli jurnalist Anna Politkovskaya 2006 yili otib tashlangan edi. Hukumat tanqidchilarining aytishicha, ayni holatlarda jinoyatchilar hech qachon javobgarlikka tortilmaydi. Bunday jinoyatlar odilona tergov qilingudek bo‘lsa, javobgarlar Kreml qo‘llaydigan Ramzon Qodirov yoki Putinga yaqin kishilar orasidan chiqishi mumkin.

Nemsov xotirasiga bag‘ishlab Tataristonda o‘tkazilgan namoyish, 25-fevral, 2018-yil
Nemsov xotirasiga bag‘ishlab Tataristonda o‘tkazilgan namoyish, 25-fevral, 2018-yil

25 fevraldagi namoyishlardan bir-ikki kun oldin Moskva shahri hokimi Nemsov sharafiga u Rossiya poytaxtida yashagan ko‘p kvartirali binoga xotira taxtasi o‘rnatilishini ma’lum qilgan.

Moskva shahri hokimi Sergey Sobyanin 22 fevral kuni Tvitterda qoldirgan yozuvga ko‘ra, undan xotira taxtasi o‘rnatishni prezidentlikka nomzod Kseniya Sobchak iltimos qilgan.

Moskva hukumati oldin Nemsov otib o‘ldirilgan ko‘prikka uning tarafdorlari vaqtinchalik yodgorlik o‘rnatishiga ruxsat bermagan, uni politsiya yoki noma’lum shaxslar qayta-qayta olib tashlagan edi.

XS
SM
MD
LG