Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2018, Тошкент вақти: 19:49

Mirziyoev “o‘g‘ri” deb atagan Karimov maslahatchisi hibsga olindi


Toshkent viloyatining sobiq prokurori, adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziev 23 fevraldan 24 fevralga o‘tar oqshomi Shayxontoxur tumanidagi hovlisidan prokuraturaning maxsus guruhi tarafidan qo‘liga kishan¸ boshiga esa qop kiygizilib olib ketilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasida ishlaydigan mulozimning ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka 26 fevral kuni aytishicha¸ Fayziev ustidan sobiq Bosh prokuror Qodirov ko‘rsatmasiga binoan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Fayziev ustidan jinoiy ish ochilib respublika Bosh prokuraturasida so‘roq qilinayotgani haqida O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridan birida ishlaydigan yana bir mulozim ham Ozodlikka xabar qildi.

Uning aytishicha¸ “Jamshid Botirovich Jinoyat Kodeksining "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinmoqda.”

Jamshid Fayziev¸ Ozodlik suhbatlashgan Toshkent rasmiylariga ko‘ra¸ 22 fevral kuni hibsga olingan sobiq Bosh prokuror Qodirov ishi doirasida ushlangan.(Bosh prokuratura matbuot xizmati 24 fevral kuni Qodirovning 23 fevral kuni hibsga olinganini xabar qildi.)

Qodirov ishi doirasida ayni 23 fevral kuni Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari¸ 45 yashar adliya polkovnigi Ulug‘bek Sunnatov ham qo‘lga olingan va uning ustidan jinoiy ish ochilgan edi.

"Ta’siri lavozimidan kuchli sobiq zamprokuror ham qamaldimi?

Ozodlik gaplashgan Toshkent mulozimlariga ko‘ra¸ Bosh prokuraturaning uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ulug‘bek Xurramov¸Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevlar ustidan ham jinoiy ish ochilgan. Hozircha Ozodlikka bu sobiq prokurorlarning hibsga olingan-olinmagani ma’lum emas.

Ozodlik gaplashgan prokuratura xodimlaridan biri Mirag‘lam Mirzaevning “insult”ga uchrab¸ yotganini aytgan bo‘lsa¸ yana bir mulozim uning xotini Muhabbat Hasanova bilan birgalikda hibsga olinganini iddao qildi. Muhabbat Hasanovaning¸ MXX sobiq raisi Rustam Inoyatovga xotini tarafdan yaqin qarindosh ekani aytiladi.

Mirag‘lam Mirzaev 2014 yil fevralida birinchi prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning uyida reyd o‘tkazishga sanksiya bergani bilan tanilgan “qudratli prokuror” sifatida eslanadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati vakili Vohid Sharopov 27 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda bu ro‘yxatda keltirilganlarning “prokuratura tizimidan chetlashtirilganini aytish” bilan kifoyalandi.

Sharopov o‘nga yaqin sobiq prokuratura xodimi ustidan jinoiy ish ochilganini na inkor qildi¸ na tasdiqladi.

Karimovning davlat maslahatchisi Mirziyoevning “uzun tashlagan”arqoniga bog‘landimi?

Jamshid Fayziev 2017 yil 2 avgustidagi videoselektor paytida O‘zbekiston prezidenti tarafidan “birinchi o‘g‘ri” deya tamg‘alanganidan keyin Toshkent viloyati prokurori lavozimidan ozod qilingan edi.

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlaridan birida ishlaydigan mulozimga ko‘ra¸ ishdan olinganidan keyin Fayziev Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi hovlisida nazorat ostida yashab kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 17 yilligi munosabati bilan "Mehnat shuhrati" ordeniga loyiq deb topilgan adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziev 2013 yilda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning davlat maslahatchisi qilib tayinlangan edi. Jamshid Fayziev kuch-ishlatar tizimlar ishini muvofiqlashtirish bo‘yicha Karimovga maslahat berish maqomida ishlagan.

Kuch-ishlatar tizimlardan birida ishlaydigan mulozimning aytishicha¸ “bu lavozimda ishlash ko‘pchilik uchun xayrsiz tugagan":

- Bu lavozimning sirpanchiqligiga tarix guvoh. Mana, Fayziev hibsga olindi. Undan oldin shu yo‘nalishda gossovetnik bo‘lgan Ravshan Muhiddinov uzoq yilga qamaldi. Bu kursida o‘tirgan Baxtiyor G‘ulomov ham Anvar Nabievlarning ham lavozimdagi umri qayg‘uli tugagan edi¸ deya eslaydi bu suhbatdosh.

"O‘g‘ri" deb tamg‘alangan prokuror

2013 yili Jamshid Fayziev O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi lavozimida bor-yo‘g‘i 9 oy ishlaganidan keyin ishdan olinib¸ O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari etib tayinlangan. Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng Fayziev Toshkent viloyat prokurori lavozmiga tushirilgan edi.

Fayziev 2017 yil 2 avgustidagi videoselektor paytida davlatning yangi rahbari g‘azabiga nishon bo‘lgani O‘zbekiston telekanallarida namoyish qilingan edi.

Bu ko‘rsatuvda Prezident Mirziyoev Karimov davridagi prokuratura xodimlarini "axlat" deb ataydi va ularni "baribir" o‘zgartirishga va’da beradi.

"Oldingi qolgan axlatdan, tizimdan, menga bosh prokuror qoldirgan o‘g‘ri tizimidan 20-15 foiz odamlar yuribdi. Jumladan, Fayziev (Toshkent viloyati prokurori Jamshid Fayziev nazarda tutilayapti - tahririyat) ham shu tizimning odami. Baribir o‘zgartiramiz oxirigacha”,​ - degan edi Mirziyoev.

Ayni majlisda Mirziyoev o‘zidan ketganlarning “dumlari” birin-ketin uzilayotgani, tez orada jamiyat bunday shaxslardan to‘la tozalanishi borasida mulozimlarni ogohlantirgan edi.

“Men hammasini bilaman, Xudoga shukur. Arqonni uzun tashlab qo‘yibman, hozircha. Darrov tortib olamiz. Davlat bilan hech kim, hech qachon hazillasha olmaydi. Hech kim va hech qachon¸” degan edi Mirziyoev.

Ozodlik suhbatlashgan prokuratura xodimi¸ Karimov maslahatchisi Fayzievning yangi prezident po‘pisasidan 6 oy o‘tib hibsga olinishini “yangi rahbariyat siyosiy irodasining qat’iyligi nishonasi” sifatida baholadi.

Мирзиëев “ўғри” деб атаган Каримов маслаҳатчиси ҳибсга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:02 0:00

Qodirov ishi doirasidagi “qama-qamalar”?

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabariga ko‘ra, mamlakat sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov hibsga olinib¸ unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasida ishlaydigan va ismi aytilishini istamagan xodimning iddao qilishicha, bu jinoyat ishi doirasida “o‘nlab mulozim so‘roq qilinmoqda".

"Davlat va xalq mulkini besh qo‘llab og‘ziga tiqqanlar ro‘yxati hali uzun. Ularga ham sekin-sekin navbat keladi"¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan bu mulozim.

Ayni paytda Ozodlik “sobiq Bosh prokuror ishi” doirasida hibsga olinganlar haqida ma’lumotlarni yig‘moqda.

Siz bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ marhamat¸ tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG