Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:32

Bosh prokuratura Angren ko‘mir konidagi o‘g‘irliklarni tekshirmoqda


Angren ko‘mir koni O‘zbekistondagi eng yirik kon hisoblanadi.
Angren ko‘mir koni O‘zbekistondagi eng yirik kon hisoblanadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Angren ko‘mir konidagi talonchiliklar yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda. O‘tgan yil noyabr oyida "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkati tarkibiga o‘tkazilgan ushbu kondagi tekshiruv doirasida oddiy ishchilardan tortib rahbar xodimlarga qadar so‘roq qilinmoqda. Tergov jarayoniga bevosita aloqador mulozimning Ozodlikka aytishicha, tekshiruvlar davomida korxonaning keyingi 5 yillik faoliyatida 50 milliard so‘mdan ko‘proq kamomadga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Angren ko‘mir konining ismi ochiqlanmasligini istagan muhandislaridan biri Ozodlik bilan suhbatda 15 fevraldan boshlangan tekshiruv davomida kon bosh direktoridan tortib, oddiy ishchilarigacha O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga muntazam so‘roqqa chaqirtirilayotganini aytadi:

- So‘roqqa chaqirtirilganlarga 30 million so‘mdan tortib 200 million so‘mgacha pulni bo‘yniga qo‘yishdi. Kim ko‘mirda ishlagan bo‘lsa¸ hammasini chaqirayapti. Ekskovatorchilarni ham. Meni ham. Pul qaytarilmasa qamaymiz, deb ogohlantirishayapti, - deydi ko‘mir koni muhandislaridan biri.

“O‘zbekko‘mir” aktsionerlik jamiyatining Ozodlik bog‘langan xodimi ham Angren ko‘mir konida prokuratura tekshiruv o‘tkazayotganini tasdiqladi, lekin tekshiruv hamon davom etayotgani bois bu haqda ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Angrendagi tergov tafsilotidan yaxshi xabardor mulozimning aytishicha¸ konda so‘nggi besh yil davomida qazib olingan sifatli va past sortli ko‘mir miqdori hisoblab chiqilganda 50 milliard so‘mdan ortiq kamomad borligi aniqlangan.

"Razrezning o‘zidan transportirovka paytida yiliga yuz minglab tonna ko‘mir g‘oyib bo‘layapti. Bundan tashqari konda tashmachilik holatlariga ko‘z yumib kelingani ham tekshirilayapti. Kamomad miqdori 50 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil etmoqda," - dedi huquq-tartibot idorasi mulozimi.

Angren ko‘mir konida tekshiruvlar birinchi marta o‘tkazilayotgani yo‘q.

2010 yilda ham O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari korxonada tekshiruv o‘tkazib, bir qancha xodimni jarimaga tortgan, ayrimlar qamalgan edi.

Ozodlik 28 fevral kuni gaplashgan Angren ko‘mir koni ishchilaridan biri bu o‘g‘irliklarning tekshiruvlardan keyin ham to‘xtamaganini aytadi.

"Har kuni uch-to‘rtta "Kamaz"da ko‘mir qayoqqadir ketadi. Har biriga 20 tonnadan ko‘mir ketsa, 60-80 tonna ko‘mir bo‘ladi. Bundan tashqari¸ ko‘mir tashmachiligi juda ko‘p. Ishsizlik yuqori bo‘lganidan keyin Angrenda odamlar shuni hisobidan kunini ko‘rib kelmoqda. Oyliklar vaqtida berilmaydi. Konda yiliga millionlab tonna ko‘mir qazib olsak¸ foydasini kim ko‘rayapti?" - deydi shaxsi ochiqlanmasligini istagan konchi.

Angren ko‘mir koni O‘zbekistondagi eng yirik kon hisoblanadi.

"O‘zbekko‘mir" rasmiy saytiga ko‘ra¸ O‘zbekistonda yiliga qariyb 5 million tonna ko‘mir qazib olinsa, shuning 85 foizi Angren ko‘mir konidan olinadi.

O‘tgan yilning noyabrida "O‘zbekko‘mir" AJ tasarrufidagi barcha ko‘mir konlari, jumladan Angren ko‘mir koni ham O‘zbekiston prezidentining qarori bilan "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkati tarkibiga o‘tkazilgan edi.

Bunday qarorni qabul qilishdan "ko‘mir sanoati korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirishga doir tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish" maqsadi ko‘zlangani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG