Линклар

Шошилинч хабар
24 сентябр 2018, Тошкент вақти: 10:40

Namanganda "eshak qirg‘ini" - yigirmata eshakni so‘yayotganlar ushlandi


Namangan viloyatining Uychi tumanidagi Soku qishlog‘iga yigirmata eshakni keltirib, so‘yishni boshlagan bir guruh shaxs qo‘lga olindi. Soku qishlog‘ida yashovchi tadbirkorga qarashli molxonada bo‘lgan bu voqea guvohlarining aytishicha, eshaklarning tunda hangrayotganidan bezovta bo‘lgan aholi militsiyaga xabar bergan. Mahalliy militsiyaning Ozodlik bog‘langan xodimi shunday voqea bo‘lganini inkor etmadi¸ ayni paytda tafsilotlarni ochiqlashni istamadi.

Uychi tumanining Soku qishlog‘ida yashaydigan tadbirkor Odilboy Nazarovning dala molxonasida 26 fevral kuni tunda kechasi boshlangan "eshak qirg‘ini" haqida Ozodlikka voqea guvohlaridan biri xabar berdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan sokulikning aytishicha, odamlar eshaklarning jo‘rovoz hangrashini eshitganidan keyin bu voqea oshkor bo‘lgan.

“Bizning qishloqda hech kim eshak tutmaydi. Odilboyning Soku qishlog‘i etagida yangi qurgan molxonasidan kechasi eshaklarning hangrashidan odamlar bezovta bo‘ldi. Kimdir uchastka inspektoriga xabar bergan. Uchastkovoy borib qarasa, uchta eshak so‘yilib, terisi shilib olingan ekan”, deydi sokuliklardan biri.

Uychi tumani Ichki ishlar bo‘limining Ozodlik bog‘langan navbatchisi shunday voqea bo‘lganini inkor etmadi, lekin bu haqda telefon orqali ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan mahalliy hokimiyat vakili ismi ochiqlanmasligi sharti bilan molxonada uchta eshakning terisi shilib olinganini bevosita ko‘rganini aytadi.

“Men militsiya xodimlarining taklifi bilan o‘sha yerga bordim. Bu o‘sha voqeaning ertasi kuni edi. Haqiqatan ham uchta so‘yilgan eshakning terisi shilib olinganini ko‘rdim. Eshak so‘yganlarni allaqachon militsiyaga olib ketishgan ekan. Ular Uychi tumanining Birlashgan degan qishlog‘idan ekan. Aytishlaricha, bu bolalar avval ham adirlarda eshak so‘yib yurishgan, ekan. Keyin militsiya xodimlari o‘sha terisi shilingan eshaklarni yuklab olib ketishdi. Olib borib, dezinfeksiya qilib, qanaqadir yamaga ko‘mib tashlaymiz, deyishdi”, dedi mulozim.

Eshaklar so‘yilgan molxona egasi, tadbirkor Odilboy Nazarov, Ozodlik bilan suhbatda, o‘z molxonasini Bek ismli tanishiga eshak saqlash uchun ijaraga berganini e’tirof etdi:

- Mening fermam bo‘sh edi, Bek degan tanishim aka, eshaklarni o‘sha yerga qo‘yib turay, dedi. Mayli, dedim. Keyin militsiya xodimlari meni chaqirib, shunaqa voqea bo‘ldi, dedi. Mening bundan xabarim yo‘q, dedim. U bola eshaklarni so‘ymagan, harom o‘lgan uchta eshakning terisini shilib olgan ekan. Terisi hayf bo‘lmasin, deganmi, endi, bilmadim. Men o‘zimni oqlamoqchi emasman, men uning bunday qilishini bilganimda¸ qo‘ymagan bo‘lardim, dedi Odilboy Nazarov.

Nazarov iddaosicha¸ Bek eshaklarni go‘shtini sotish uchun so‘ymagan:

- Borib ko‘rganimda terisi shilingan eshaklar tuproqqa qorishib yotardi. Sotmoqchi bo‘lgan odam bunday qilmaydi, deya izohladi o‘z taxminini Odilboy Nazarov.

Ozodlik muxbiri eshaklarni so‘ydirib, terisini shilib olgan tadbirkorning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.

Odilboy Nazarovning aytishicha, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan bu shaxsni shundan keyin ko‘rmagan. Ijarachi bilan birga eshak so‘yish jarayonida ushlangan yana ikki odam ham¸ Ozodlik gaplashgan sokuliklarga ko‘ra¸ so‘roq qilinmoqda.

Uychidagi eshaklarning go‘sht uchun so‘yilgan-so‘yilmaganiga Ozodlik hozircha aniqlik kirita olmadi.

Eshaklarning bu qishloqqa qaerdan olib kelingani¸ go‘sht yoki teri uchun so‘yilayotgan bo‘lsa¸ uning so‘ng buyurtmachisi kim bo‘lgani ham noma’lum qolmoqda.

Eshak so‘yilishiga oid xabarlarning aholi orasida bezovtalik uyg‘otishi sababi¸ eshak go‘shtining yashirincha umumiy ovqatlanish muassasalariga yo‘l topishiga oid yaqin o‘tmishdagi voqealarga borib taqaladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘tgan yil dekabr oyida Toshkentdagi “Sharshara” kolbasa sexiga Xorazmdan 69,6 kilo eshak go‘shti olib kelinganini rasman taqdiqlagan edi. Prokuraturaga ko‘ra, eshak go‘shti kolbasa sexi mahsulotlariga qo‘shilgani ham aniqlangan.

2016 yilning dekabrida samarqandlik bloger Toshpo‘lat Rahmatullaev Xishrav posyolkasi yaqinida noma’lum maqsadda so‘yilgan eshaklar qabristoni haqida yozgan edi.

2015 yilning yanvarida Qirg‘izistonning Bishkek shahri chetida eshak boqib so‘yiladigan fermani qirg‘iz jurnalistlari oshkor etgan edi. Bu ferma rahbarlari eshak go‘shti zooparklardagi yirtqich hayvonlarni boqish uchun xorijga eksport qilinishini aytgan edilar.

Markaziy Osiyo¸ xususan¸ O‘zbekiston aholisining aksariyati o‘zini musulmon deb biladi va xonaki eshakning go‘shti Islomga ko‘ra¸ harom sanaladi.

XS
SM
MD
LG