Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:31

Hibsga olingan MXX polkovnigining oilaviy biznesida tekshirish boshlandi


“Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi” MChJ
“Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi” MChJ

Qator og‘ir jinoyatlarda gumonlanib hibsga olingan MXX Tergov boshqarmasi sobiq tergovchisi¸ polkovnik Nodir To‘raqulovning otasi Dilmurod To‘raqulovga qarashli “Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi” (GNEZ)da tekshirish boshlandi.

Andijon viloyatining Izboskan tumanida joylashgan “Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi”ning ismi sir qolishini so‘ragan ishchisi Ozodlikka “O‘zbekneftgaz” milliy holdingi va respublika Bosh prokuraturasi xodimlaridan iborat maxsus tekshiruvchilar guruhi 26 fevraldan korxonani tekshirishni boshlaganini xabar qildi.

“Tekshiruvchilar kelganda Dilmurod aka Andijonda yo‘q edi, u o‘g‘li Nodirning ishi bilan Toshkentga ketgan edi. Tekshiruvchilar uni chaqirtirmadi va barcha buxgalterlik hujjatlarini olishga kirishdi. Begona odamlarning kirishi taqiqlangan. Korxona uch kun kundan buyon ishlamayapti. Aholiga gaz ballonlari berish to‘xtatildi. Ballon ham qabul qilmayapti. So‘nggi besh yildagi barcha hujjatlar ko‘tarilgan, tekshiruv qattiq bo‘layapti”, dedi 28 fevral kuni Ozodlik suhbatlashgan korxona ishchilaridan biri.

“Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi”ning ismi sir qolishini so‘ragan boshqa ishchisi 1 mart kuni Ozodlikka 28 fevral kungi tekshiruvchilar barcha hujjatlarni o‘zlari bilan birga Toshkentga olib ketganini ma’lum qildi.

Bu ishchining aytishicha¸ tergovchilar korxonani muhrlamagan va ular ketishi bilan korxona yana ishini davom ettirishga kirishgan.

“Aytishlaricha, endi katta tekshiruvchilar guruhi ertaga kelar ekan. Dilmurod aka o‘zi bu yerga kam kelardi, asosiy ishning hammasini qarindoshlari va yaqin odamlari bajarardi. Dilmurod akaga ham ertaga korxonaga yetib kelishi shart ekanligi aytilibdi. Hozir biz ham xavotirga tushib qoldik. Bugun korxonadagi barcha ballonlarni zudlik bilan aholiga tarqatish haqida topshiriq berildi. Hozir mashinalarimiz g‘uvillab ballon tarqatayapti”, dedi 1 mart kuni Ozodlik gaplashgan ishchilardan biri.

“Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi” MChJ rahbari Dilmurod To‘raqulov Ozodlik bilan suhbatda, o‘z korxonasida o‘tgan uch kun davomida tekshirish bo‘lganini inkor qildi¸ ayni paytda korxona faoliyatining 2 martdan boshlab tekshirilishini e’tirof etdi:

- Bizning korxonani hech kim tekshirgani yo‘q. Agar o‘g‘lim bilan bog‘liq degan tekshirish bo‘ladigan bo‘lsa, ularning qonuniy haqqi yo‘q. Bu qonunga xilofku. Mening ustimdan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan yo‘qku, qanday qilib meni korxonamga kiradi ular. Chunki Nodir bilan ish qilmaganman, bir yilda bir-ikki ko‘rishardik, xolos. Ertaga holdingdan tekshiruvchilar keladi, deyapti. Lekin uning o‘g‘limga aloqasi yo‘q, o‘zimizning ishimiz bo‘yicha kelishayapti, dedi Dilmurod To‘raqulov.

Izboskan tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, Dilmurod To‘raqulov bu korxonani o‘n yil avval xususiylashtirib olgan.

“Bir paytlar Abdulatif Ahmedov degan vodiyda transport prokurori bo‘lgan. Dilmurod aka uning qudasi bo‘ladi. Abdulatif aka Bosh prokuraturada ishlaydigan o‘g‘liga Dilmurod akaning qizini olib bergan, ya’ni Nodirning singlisini. Shundan keyin Abdulatif akaning tavsiyasi bilan bular GNEZni xususiylashtirib, MChJ qilib olishdi. Nodir To‘raqulov MXXda ishlaganda bular rosa gullagan edi. Aytishlaricha, arzon narxda olib kelingan propan gazni bular istagan narxda aholiga sotishgan”, dedi hokimlik mulozimi.

Ismi sir qolishini so‘ragan izboskanliklardan birining aytishicha, tabiiy gaz tanqis bo‘lganligi sababli, monopoliyaga aylangan bu korxona aholiga suyiltirilgan gazni o‘z narxidan ancha qimmat sotgan.

“Hukumat qarori bo‘yicha, bir katta ballon gaz 16 ming so‘m turadi. Bular har oyda bir aylanib shu narxda sotib chiqishadi. Bu norma. Endi bir ballon katta oilalarga hech narsa bo‘lmaydi. Korxona to‘ldirilgan gaz ballonlarini o‘zlarining ishonchli yaqin odamlariga berar, ular uylarida har birini 75 ming so‘mgacha aholiga sotishgan. So‘nggi paytda bu narx bir oz tushib 50 ming so‘m bo‘lib qoldi”, deydi izboskanliklardan biri.

“Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi” aholiga gaz ballonlari tarqatyapti
“Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi” aholiga gaz ballonlari tarqatyapti

Andijon viloyati prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi “Poytug‘ gaz to‘ldirish korxonasi”ni Bosh prokuratura maxsus guruhi tekshirayotganidan bexabarligini bildirdi.

"Bizning bundan xabarimiz yo‘q, ular bizga aytmay kelishadi", dedi prokuratura mulozimi.

Surxondaryoda "dong taratgan" asli andijonlik MXX zobiti Nodir To‘raqulov prezident Mirziyoev joriy yilning 19 yanvar kuni Qiziriqdagi yig‘ilishda MXXning ayni viloyatdagi boshqarmasi faoliyatini keskin tanqid qilgani ortidan 22 yanvar kuni Toshkentda qamoqqa olingan edi.

16 fevral kuni Toshkent harbiy sudi chiqargan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimga ko‘ra¸ Nodir To‘raqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 301-moddasi 1-qismi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish) va 230-moddasining 2-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Nodir To‘raqulov O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori¸ asli izboskanlik Rashidjon Qodirovning kuyovi - Qodirov akasining qiziga uylangan¸ to‘rt farzandi bor.

Sobiq Bosh prokurorning 22 fevral kuni qamoqqa olingani haqida Ozodlik xabar berishi ortidan Bosh prokuratura 24 fevral kuni bu xabarni rasman tasdiqladi.

XS
SM
MD
LG