Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:46

Surxonlik tadbirkor hibsdagi MXX polkovnigiga qarshi ko‘rsatma bermoqchi


MXX sobiq polkovnigi Nodir To‘raqulov
MXX sobiq polkovnigi Nodir To‘raqulov

22 yanvar kuni qo‘lga olingan Milliy xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi polkovnigi¸ uzoq yillar xizmatning Surxondaryo viloyatidagi Tergov bo‘limini boshqargan Nodir To‘raqulovdan jabr ko‘rgan tadbirkorlar ko‘pligini prezident Shavkat Mirziyoev alohida ta’kidlaganidan so‘ng¸ Ozodlikka shunday tadbirkorlar murojaat qilmoqda.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:29 0:00
Бевосита линк

Ulardan biri,​ Jarqo‘rg‘on tumanida yashaydigan 64 yashar tadbirkor Subon Vahobov. Tadbirkor iddaosicha, 2011 yilda viloyat MXX tergov boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan Nodir To‘raqulovning og‘zaki buyrug‘i bilan, do‘konidagi 250 million so‘mlik (o‘sha paytdagi rasmiy kurs bo‘yicha¸ 150 ming AQSh dollariga yaqin) mol va muzlatgichlar zo‘rlik bilan tortib olingan.

Avtomatlar bilan qurollangan qora maskalilar uyushtirgan bu bosqinchilik haqida o‘sha paytdagi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga telegramma yuborgan tadbirkorning arzi va boshqa idoralarga qilgan murojaati hozirgacha natijasiz qolib kelgan:

- Surxondaryoda Nodir To‘raqulovning qonunsiz ishlariga birinchi bo‘lib "ot qo‘ygan" men edim. Chunki, Nodir talagan, haqorat qilgan, mulklari tortib olingan biror kishi unga qarshi borolmadi, deydi Subon Vahobov.

Tadbirkorning aytishicha, 2011 yilning 27 avgust kuni ikki avtobusda qurollangan maskalilar do‘konidagi bor mol-mulkini hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan olib ketgan:

-Maskaliklar bilan kelgan bir yigit do‘koningizni tekshiramiz, hujjatlarni ko‘rsating, dedi. Men, “bayramga uch kun qoldi, keyin kelsalaring ham bo‘lardiku”, dedim. Bu noqonuniy tekshirish, ana u daftarga kimsiz, qaerdan kelgansiz, hammasini yozing, keyin hujjatlarni beraman, bo‘lmasa hozir prezidentga telegramma beraman, deb burilib ketayotgan edimki, orqamga qattiq bir narsa urildi. Og‘riqdan ko‘zim tinib ketdi, bazo‘r qayrilib qarasam maskaliklardan biri avtomat qo‘ndog‘i bilan urgan ekan. Keyin avtobusdan yana 20 tasi tushdi va meni ichkariga olib kirdi. Ular ertalab soat 9 dan kechasi soat 9 gacha uch KamAZ moshinaga bor molimni yukladilar, deydi tadbirkor.

Subon Vahobovning aytishicha, bu bosqinchilik Nodir To‘raqulovning topshirig‘i bilan bo‘lgan:

- Bu gruppaning boshlig‘i viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qalandarov ekan. Bu Surxondaryoda Nodir To‘raqulovning ishonchli odami bo‘lgan, bos degan joyni bosgan. Nodir Surxondaryoga 2000 yilda yangi ishga kelgan paytida do‘konga kelib men bilan razbor qilgan va men bo‘yin bermagan edim. O‘sha paytda soliq inspektori tinmay Nodir bilan telefonda “brat, nima qilay, brat nimani olaylik”, deb gaplashib turganini eshitdim. Jarqo‘rg‘on va viloyat milliy xavfsizligidan ham ikki kishi bor edi o‘sha yerda, deydi Subon Vahobov.

Tadbirkorning aytishicha, shundan so‘ng, do‘kon MXX muhri bilan muhrlangan:

- Bu voqea 27 avgust kuni bo‘lgan bo‘lsa, men 28 avgust kuni dam oldim. 29-kuni kelib, pechatni buzib do‘konni ochdim. Tashqariga fontanlarni ishlatib, yana tovar olib keldim va ishni davom ettirdim. Keyin o‘sha paytdagi Jarqo‘rg‘on tumani MXX boshlig‘i Kenjaev degan navoiylik yigit meni chaqirdi. U, “Subon aka nega do‘konni ochdingiz, kattamiz Nodir To‘raqulov menga telefon qilib, xafa bo‘layapti”, dedi. Men, qo‘limda hujjatim bor, xohlagan payt ochaman, xohlagan payt yopaman, dedim. “Ochmang, akaning avzoyi buzuq, dedi. Xo‘p, dedimu, kelib yana ishni davom ettiraverdim”, deydi tadbirkor.

Shundan so‘ng Subon Vahobov viloyat MXXsiga chaqirtirilgan:

- Soliqdan telefon qilib ertaga keling, bizni ham chaqirtirgan birga boramiz, deyishdi. 1 sentabr kuni, ertalab soat 9larda soliq idorasiga borsam, navbatchidan tashqari hech kim yo‘q, qani odamlar desam, viloyatga ketdi hamma, MXXga, dedi. O‘sha paytda MXX desa, soliqchi bormi, melisa bormi, prokuror bormi hamma yumalab qolguvchi edi. Borsam hammasi kutib turibdi. Keyin ularni chaqirishdi, menga sizni otdelwno qabul qilar ekan, dedi. Soliqchilar kirib darrov qaytib chiqishdi. Soliqni boshlig‘i ular bilan tashqariga chiqqan ikki odamni ko‘rsatib, ana oldiga boring, dedi. Sekin borib, Nodirga assalomu alaykum deb qo‘l uzatsam, alik ham olmay orqaga tur, dedi. Keyin menga “sen zo‘rmi”, dedi. Men, zo‘r emasman, dedim. U, “nima uchun sen men yopgan do‘konni bir kunda ochding, meni yopgan do‘konlarim uch-to‘rt yillab ochilmaydi. Sen meni ustimga ot haydading, he basharangga ... dedi. Seni onangni ... dedi. O‘zbekistonda yashashni istamasang Tojikistonga ket”, dedi. Mana sizga zo‘r! Ichim muzlab ketdi. Uyga keldim, deydi Subon Vahobov.

Tadbirkorning aytishicha, Nodir To‘raqulov va uning o‘rtasidagi ziddiyat ancha yil davom etgan:

- Lekin men ham tinmay uning ustidan yozaverdim, u ham goh soliqchi, goh svetchini mening ishimdan kamchilik topish uchun yuboraverdi. Bir o‘g‘lim viloyat fuqarolik sudida, bir o‘g‘lim jinoyat ishlari sudida ishlardi. Fuqarolik sudida ishlagan o‘g‘limni ishdan haydattirdi. Meni ham muddati o‘tgan tovarni sotgan, deb to‘qima ayb qilib, sudimiy qilib tashladi. Rosa jabr ko‘rdim bu Nodir To‘raqulov degan MXXchidan. Uning Surxondaryodagi laqabi "kallaxo‘r" edi, deydi Subon Vahobov.

Nodir To‘raqulov qamoqqa olinganidan so‘ng Vahobov prezident Shavkat Mirziyoev portaliga murojaat qilib, o‘z haqqini tiklash, ko‘rgan zararini Nodir To‘raqulovdan undirib berishda yordam so‘ragan.

Oradan 15 kun o‘tib respublika MXXdan Vahobovga qo‘ng‘iroq bo‘lib, shikoyati bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun Toshkentga kelishi so‘ralgan.

Suhbat so‘ngida Subon Vahobov Toshkentga borishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

Surxondaryoda "dong taratgan" MXX zobiti Nodir To‘raqulov prezident Mirziyoev joriy yilning 19 yanvar kuni Qiziriqdagi yig‘ilishda MXXning ayni viloyatdagi boshqarmasi faoliyati¸ xususan¸ MXX rasmiylarining tadbirkorlarga kun bermaganini keskin tanqid qilgani ortidan 22 yanvar kuni Toshkentda qamoqqa olingan edi.

To‘raqulov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 301-moddasi 1-qismi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish) va 230-moddasining 2-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati¸ xususan¸ MXXning Surxondaryo viloyatidagi faoliyati¸ xizmat xodimlarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz Ozodlik bilan bog‘lanib¸ boshdan kechirganlaringiz haqida ma’lumot berishingiz mumkin.

Buning eng qisqa yo‘li:

TELEGRAM: @ozodnews yoki +420 724 971 539

XS
SM
MD
LG