Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:00

MXX sobiq tergovchisi Nodir To‘raqulov jinoiy guruhiga aloqadorlikda gumonlangan prokuror hibsga olindi


Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani prokurori o‘rinbosari, Sherali Ahmedov 1 mart kuni O‘zbekiston Harbiy prokuraturasining Termizda bo‘lib turgan maxsus guruhi tomonidan hibsga olindi.

Bu xabarni tasdiqlagan viloyat prokuraturasi mulozimiga ko‘ra, Sherali Ahmedov Surxondaryo viloyati MXX tergov boshqarmasi sobiq boshlig‘i Nodir To‘raqulov tuzgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Sherali Ahmedov otasi o‘g‘lining aybsiz ekanligini iddao qilmoqda.

Qiziriq tumani prokurori o‘rinbosari, 37 yashar Sherali Ahmedov 1 mart kuni Termizda bir qator jinoyatlarda gumonlanayotgan Surxondaryo viloyati MXX tergov boshqarmasi sobiq boshlig‘i, polkovnik Nodir To‘raqulov ishi yuzasidan chaqirtirilgan va hibsga olingan.

Surxondaryo viloyati prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Sherali Ahmedovning hibsga olinganini tasdiqladi:

“Harbiy prokuratura oldi. Ular bizga ham barcha tafsilotlarni aytishmaydi. Lekin, mening bilishimcha, Sherali Ahmedov tadbirkorlardan Nodir To‘raqulovga pul olib berishda gumonlanyapti”, dedi prokuratura mulozimi.

Ozodlikning 27 fevral kungi maqolasida Nodir To‘raqulovdan jabr ko‘rgan tadbirkorlardan biri Qiziriq tumani prokurori o‘rinbosari Sherali Ahmedov sobiq MXXchi tuzgan jinoiy guruhga aloqador ekanligini aytgan edi:

“Bir prokuratura mulozimi Damas va Neksiyalarni to‘ldirib, Norqobilovning Termiz tumanidagi ofisiga milliardlab so‘m tashiganini o‘zim ko‘rganman. Bu ofisni ko‘rsangiz hayron qolasiz, devorlari xuddi turmanikidek baland qilib qurilgan. Nodir To‘raqulov ishdan ketganida bu mulozim ham bir oy qamoqda yotib chiqdi. Lekin hozir yana bir tumanning prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlayapti”, degan edi tadbirkorlardan biri.

Ozodlik 27 fevral kuni Sherali Ahmedovning o‘zi bilan gaplasha olmagani sabali, uning ismini keltirmagan.

Sherali Ahmedovning Boysun tumanida yashaydigan otasi, 2-guruh nogironi Jo‘ra Ahmedov Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining tadbirkorlar bilan birga Nodir To‘raqulovga pul olib borganini tasdiqlar ekan, bu pullarni sobiq tergovchi qabul qilib olganligi haqida barcha hujjatlar borligini aytdi:

- MXX tergov bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Nodir To‘raqulov o‘g‘limni o‘zining tergov ishlariga yaqinlashtirmasdan, o‘zining jinoyat ishlari bo‘yicha fuqarolardan yetkazilgan zararni so‘rashni, ular zarar summasini olib kelsa MXX tergov organiga olib kelishiga o‘g‘limga ko‘rsatma bergan. Shundan so‘ng o‘g‘lim fuqarolar tomonidan zarar sifatida olib kelingan pullarni shu fuqarolar bilan birgalikda Nodir To‘raqulovga olib borgan. Nodir To‘raqulov pullarni qabul qilib olganligi bo‘yicha protokol tuzib, uni o‘zining jinoyat ishlariga tikkan. Bayonnomalarni hammasini imzolagan. Shu sababli o‘g‘lim Sh. Ahmedov barcha pullar davlatga topshirildi, deb o‘ylagan, deydi Jo‘ra Ahmedov.

Uning aytishicha, Nodir To‘raqulov imzolab bergan protokollar uning o‘g‘lida mavjud:

- Men bundan oldin o‘g‘lim bilan gaplashgan edim. Ota, men bir so‘m ham yemaganman, hammasini Nodirga olib borib topshirganman, degan edi. Men 40 yil o‘qituvchilik qilib, pensiyaga chiqqan odamman, o‘g‘limning birovni haqini yeyishiga ishonmayman. O‘g‘limni ikki kun ochiqqa chiqarishsin, hammasini o‘zi isbotlab beradi, deydi Jo‘ra Ahmedov.

Jo‘ra Ahmedovning aytishicha, uning o‘g‘lini harbiy prokuratura tergovchisi Shuhrat Sanaev tergov qilmoqda.

Ozodlik O‘zbekiston Harbiy prokuraturasidan Sherali Ahmedovning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining qaysi moddalari bo‘yicha gumonlanayotganiga izoh ololmadi.

Sherali Ahmedovning ikki nafar qiz farzandi bor. U Surxondaryo viloyati tumanlari prokuraturasida ishlagan.

Surxondaryoda "dong taratgan" MXX zobiti Nodir To‘raqulov prezident Mirziyoev joriy yilning 19 yanvar kuni Qiziriqdagi yig‘ilishda MXXning ayni viloyatdagi boshqarmasi faoliyatini keskin tanqid qilgani ortidan 22 yanvar kuni Toshkentda qamoqqa olingan edi.

16 fevral kuni Toshkent harbiy sudi chiqargan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimga ko‘ra¸ Nodir To‘raqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 301-moddasi 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) va 230-moddasining 2-qismi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Prezident buyrug‘i bilan qamoqqa olingan Nodir To‘raqulov O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirovning kuyovi - Qodirov akasining qiziga uylangan¸ to‘rt farzandi bor.

Ayni kunlarda o‘zi jinoiy ish markaziga qo‘yilgan 42 yashar Nodir To‘raqulov 2017 yil sentyabrida hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullaev ishini olib borayotgan MXX tergovchisi edi.

XS
SM
MD
LG