Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:32

«Abu Saxiy» 439 milliard so‘mlik foydadan davlatga soliq to‘lamaganlikda ayblandi


«Abu Saxiy» 439 milliard so‘mlik foydadan davlatga soliq to‘lamaganlikda ayblandi

Bu ayblov davlatga qarashli “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” informatsion dasturida 6 mart kuni namoyish etilgan 9 minutlik maxsus lavhada yangradi.

«Ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2016-2017 yillar davomida «Abu Saxiy» savdo majmuasida ko‘rsatilgan xizmatlardan olingan 439 milliard so‘m (joriy kurs bo‘yicha qariyb 55 million AQSh dollari¸ bir yil oldingi kurs bo‘yicha esa¸ qariyb 110 million dollar - tahr.) mablag‘ davlat foydasiga tushmay¸ aksincha¸ chetga chiqib ketgan»¸ deyiladi praym-taymda namoyish etilgan maxsus lavhada.

Mazkur lavha¸ o‘zbekistonliklar uchun import mahsulotlarining megabozoriga aylangan «Abu Saxiy» kompleksida uning egasi o‘zgargandan beri o‘tgan uch oy ichidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlandi.

2017 yil dekabr oyida Ozodlik birinchi bo‘lib “Abu Saxiy” bozori egasi o‘zgargani haqida ma’lumot tarqatgan va bu xabarni bozorning egasi¸ marhum prezident Islom Karimovning kuyovi Timur Tillaev advokati ham Ozodlik bilan yozishmalarda tasdiqlagan edi.

Egasi o‘zgarganidan so‘ng nomi ham “Abu Saxiy”dan “Toshkent savdo markazi”ga aylangan O‘zbekistondagi eng yirik ulgurji bozorining yangi egasiga oid aniq ma’lumot Ozodlik ixtiyorida hozircha yo‘q.

Megamajmua deb atalayotgan “Abu Saxiy”ni kim olgani¸ qaysi tender orqali olganiga oid ma’lumot¸ davlat telekanali hozirlagan maxsus lavhada ham keltirilmaydi. “Abu Saxiy”ning avvalgi ta’sischi-egalari nomi ham tilga olinmagan bu ko‘rsatuvda¸ “Toshkent savdo markazi”ning xorijlik investorga berilgani aytiladi¸ ammo bu “investor” nomi mutlaq tilga olinmaydi.

Bozor yangi egasining bu qadar sir tutilayotgani¸ ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kinoya-e’tirozga sabab bo‘ldi.

"«Axborot»da "Abu Saxiy" bozori ​yangi egalar qo‘liga o‘tib, qanday yaxshi bo‘lib ketgani, xaridorlar narxlar pastligidan, tadbirkorlar eski o‘lpon yig‘ishlar yo‘qligidan xursandligi haqida reportaj berildi («reklama huquqi asosida» degan joyi yo‘q edi ammo). Nuqul «katta tajribaga ega xorijiy investor»ni maqtashdi, o‘sha investor hammayoqni shunaqa zo‘r qilib yuboribdi. Lekin kim u — aytishmadi. Na ismini, na firmasini.

«Garri Potter»da yovuz Volan-de-Mort (Lord Voldemort - tahr.)ning ismini aytib bo‘lmasdi — darrov yoningda paydo bo‘lib qolib, biror yomonlik qilishi mumkin edi. Yoki, «Mio, bolajonim Mio» yovuz Katoning ismi tilga olinsa, bir qo‘rqinchli shamol bo‘lib ketardi...

Balki, balki..."¸
deb yozdi Telegramdagi kuzatuvchilardan biri.

“Egasi o‘zgargan “Abu Saxiy”da narx 20 foizgacha tushib¸ davlatga tushum 30 barobargacha oshdi”

“Axborot 24” lavhasida yillar davomida “Abu Saxiy” shirkati davlatga taqdim yetib kelgan raqamlar “Toshkent savdo markazi” faoliyatining birinchi uch oyiga oid ko‘rsatkichlar bilan solishtirildi.

Ko‘rsatuv mualliflari¸ bu raqamlar manbasini ochiqlamasa-da¸ ularning qisman O‘zbekiston Soliq qo‘mitasidan olinganini taxmin qilish mumkin.

Moliyaviy raqamlar qiyosiga ko‘ra¸ “Abu Saxiy” do‘konlar ijarasidan tushgan mablag‘ini 381 million so‘m deb ko‘rsatgan bo‘lsa (bu raqamning qaysi davrga oidligi aytilmaydi – tahr.)¸ “Toshkent savdo markazi” uch oylik faoliyatidan so‘ng bu tushumni 1¸9 milliard so‘m deb ko‘rsatgan - oradagi farq besh barobardan ko‘proq.

Aytilishicha¸ bozor egasi o‘zgarganidan so‘ng¸ boshqa turdagi ijaralardan tushumlar to‘rt baravarga¸ reklama uchun maydonlar ijarasidan kelgan foyda qariyb 30 baravarga¸ avtoturargoh va boshqa xizmat ko‘rsatish turlaridan olingan tushum ikki barobarga oshgan.

“O‘zbekiston 24” mikrofoniga gapirgan tadbirkorlar¸ bozor egasi o‘zgarganidan beri¸ ijara haqqi arzonlashib¸ turli “o‘lponlar” butkul yo‘qolganini aytadilar.

Bozor egasi almashganidan so‘ng¸ “vaziyat butunlay o‘zgargani” haqida gapirgan ko‘rsatuv boshlovchisi¸ 2017 yil dekabrida “Abu Saxiy” egasi o‘zgarishi bilan bu erda sotilayotgan mahsulotlar narxining ham 20-30 foizgacha arzonlaganini iddao qiladi.

Bunday o‘zgarish¸ lavhada ta’kidlanishicha¸ bozor boshqaruvini olgan “xorij investori” yuklarni olib kelish narxlarini arzonlatgani¸ 15 kungacha omborxonada tekin saqlab¸ bozorchilarga tekin yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygani¸ qolaversa¸ ijara narxlarini pasaytirgani hisobiga amalga oshgan.

Keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ o‘tgan uch oy ichida¸ shuningdek¸ bozorda savdo qilib kelgan tadbirkor soni 275 taga ko‘paygan va 2535 taga yetgan.

Prezident bayonotiga hamohang ko‘rsatuv

“Abu Saxiy” “Toshkent savdo markazi”ga aylanganidan so‘ng davlatga ko‘rsatilayotgan tushum va to‘lanayotgan soliq qiymatida keskin o‘zgarish kuzatilganini joriy yilning 5 yanvar kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoev birinchi bor tilga olgan edi.

"Abu Saxiy» mas’uliyati cheklangan jamiyatidan (MChJ) davlat byudjetiga bir oyda 5 milliard so‘m tushgan. Ushbu bozor «Toshkent ipak yo‘li» (keyinroq «Abu Saxiy» nomi «Toshkent savdo markazi» deb rasmiylashtirildi – tahr.) majmuasiga aylantirilgandan so‘ng atigi 15 kunda tushum 35 milliard so‘mga yetgan"¸ deb yozgan edi prezident keltirgan raqamlarga asoslanib O‘zbekiston milliy agentligi 7 yanvar kuni.

«O‘zbekiston 24» hozirlagan maxsus lavhada¸ 2017 yili «Abu Saxiy» bojxona to‘lovlari uchun davlatga 82 milliard so‘m to‘lagani holda¸ «Toshkent savdo markazi» so‘nggi uch oy ichida 53 milliard so‘m to‘lagani va yil davomida markazning jami 212 milliard so‘m to‘lashi kutilayotgani aytiladi.

Bu esa¸ qiyosga muvofiq¸ «Abu Saxiy» to‘lab kelgan bojxona to‘lovlaridan qariyb uch barobar ko‘p demakdir.

«Abu Saxiy» davlatga to‘lanmay¸ chetga chiqargan mablag‘ni qaytaradimi?

Egalari nomini tilga olmay¸ «Abu Saxiy»ni ko‘rsatilgan xizmatlardan olingan 439 milliard so‘m mablag‘ davlat foydasiga tushirmay¸ aksincha¸ chetga olib chiqqanlik»da ayblagan ko‘rsatuv mualliflari¸ ayni paytda¸ bu holat yuzasidan biror chora ko‘rilgani yoki ko‘rilajagi haqida lom-mim demagan.

Timur Tillaevning qaynotasi – prezident Islom Karimov o‘limidan ko‘p o‘tmay¸ “Abu Saxiy” shirkatining logistika faoliyati to‘xtab qolgani va shirkat faoliyati O‘zbekistondagi nazorat organlari tomonidan tekshirilayotgani haqida 2017 yil davomida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

Bunday tekshiruvlar haqidagi xabarlarni muttasil inkor qilgan Timur Tillaevning AQShdagi advokati¸ Ozodlik bilan yozishmalarda “Abu Saxiy”ning maxsus imtiyozlar asosida ishlab kelgani haqida o‘zbekistonliklar orasida keng tarqalgan ishonchni ham rad etishga uringan edi.

Sizga bundan oldin ham ta’kidlaganimizdek¸ “Abu Saxiy” soliqlarni to‘laydi va hech qachon soliq va boj to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan foydalangan emas. Buning aksini iddao qilish¸ yolg‘ondir. Bundan tashqari¸ “Abu Saxiy” o‘zbek rasmiylari tomonidan tekshirilayotgani yo‘q va unga qarshi hech qanday ayb ilgari surilgani ham yo‘q”¸ degan edi Ozodlikka 2017 yil yanvar oyida yuborgan yozma javobida Timur Tillaev advokati Mark Raynolds.

Siz "Abu Saxiy" faoliyati¸ xususan¸ uning boshqaruvi va egaligi qay shaklda¸ kimga o‘tganiga oid ma’lumotlardan xabardor bo‘lsangiz¸ ularni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.

Ma’lumot jo‘natishning eng oson yo‘li¸ Ozodlikning Telegram kanaliga qo‘shilish¸ shuningdek¸ boshqa ijtimoiy tarmoqlar¸ xususan WhatsApp raqamlariga yozishdir.

XS
SM
MD
LG