Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:34

OzodDayjest: Ta’lim rasmiylari tanqidiy maqola yozgan jurnalistning ovozini o‘chirishga urinmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Vazir Muzaffar Soliev uy-joy shirkatlari tizimida 100 milliard so‘m o‘zlashtirilgani haqida ma’lum qildi. Tanqidiy maqola yozgan jurnalistning maktabda ishlagan otasi yumush erida muammolarga duch keldi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” xalqaro reytinglarda past o‘rinda ekanining asosiy sababi aytildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

Uy-joy shirkatlari tizimida 100 milliard so‘m o‘zlashtirilgani aniqlandi

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarni boshqarish maqsadida tashkil etilgan uy-joy mulkdorlari shirkati tizimi tekshirilganda pul o‘zlashtirilgan holatlar aniqlanmoqda (“Oila davrasida”, 8 mart). Bu haqda mamlakat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliev ma’lum qiladi. Xususan, “Bir uy – bir shirkat” tamoyili asosida har bir ko‘p qavatli uy qoshida tashkil etilgan 244 ta shirkat faoliyati tekshirilganda 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgani aniqlangan. Vazirga ko‘ra, yaqin muddatda yangi billing tizimiga o‘tish rejalashtirilmoqda. Billing tizimiga muvofiq, shirkat hisobidagi mablag‘lar vazirlik nazoratida bo‘ladi va shirkatlar aholidan yig‘ilgan badal pullarini o‘zlashtirishi, noqonuniy maqsadlarga foydalanishi yo‘li to‘siladi.

Tanqidiy maqola yozgan jurnalistning otasi boshida qora bulutlar aylanmoqda

Jurnalist Behzod Qobulov xalq ta’limi tizimidagi g‘irromliklar haqida maqola e’lon qilgach, otasining boshida qora bulutlar aylana boshladi (“Jamiyat”, 2 mart). Bu haqda jurnalistning o‘zi xabar bergan. Tanqidiy maqola chop etilgach, uning otasi ishlaydigan Namangan viloyatidagi maktabni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi komissiyasi bosgan. Komissiya qidira-qidira “o‘ta mudhish” kamchilik topgan: maktab hojatxonasining eshigi bo‘yalmagan ekan. Qayd etilishicha, ayni shu kamchilik sabab xalq ta’limi mas’ullari 40 yil pedagoglik qilgan insonni o‘z arizasiga ko‘ra ishdan olishga urinmoqda. Jurnalist B.Qobulovga ko‘ra, xalq ta’limi rasmiylari otasiga bosim o‘tkazish orqali uning ovozini o‘chirishga urinmoqda. “Kishini diltang qiladigan holat shuki, zo‘ravonlar jurnalistga oshkora tahdid, zug‘um qilishga qanday botindilar? Jurnalistning ortida hech kim yo‘q degan o‘y qachon paydo bo‘lgan o‘zi? Qachon, ayting, qachon tanqid yozgan jurnalist mutlaq daxlsiz bo‘ladi?” deb savol qo‘yadi u. Ma’lum bo‘lishicha, jurnalist B.Qobulov xabar.uz saytida “O‘qituvchi! Bo‘l tayyor – doim tayyor!” nomli maqola chop etib, o‘qituvchilar ko‘chalarga gul ekish, paxta terish, go‘ng tashish, ariq chopish, metallolom to‘plash, kommunal to‘lovlar yig‘ish, aholini ro‘yxatga olish kabi yumushlarga majburlanayotganini tanqid qilgan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” xalqaro reytinglarda hamon past o‘rinda qolmoqda

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniya xalqaro reytinglarda past o‘rinda qolmoqda (“Darakchi”, 8 mart). Masalan, “Skytrax” portali reytingida milliy aviakompaniya hatto yuztalikka ham kira olmagan. Holbuki, 14 milliondan ziyod havo kemalari mijozlari xulosasiga ko‘ra, e’lon qilingan reytingda qo‘shni Qozog‘istondagi birdaniga ikkita aeroport (Ostona va Almati) eng yaxshilar qatorida e’tirof etilgan. Qayd etilishicha, yaqingacha O‘zbekiston havo kemalari va aeroportlaridagi muammolar matbuotda ochiq aytilmagan, ijtimoiy tarmoqlarda aytilgan salbiy fikrlarga esa munosabat bildirilmagan. Soha mutasaddilari muammolarni bilaturib, ularni hal qilishga harakat qilmagan. Boshqa sohalar qatori bu borada ham maqtov va hamdu sano avj olgan. Maqolada aeroportlardagi qayta-qayta tekshiruvlar, pasport nazoratidagi turnaqator navbatlarni bartaraf etish, taksi xizmatini tartibga solish, umuman, xorijning ilg‘or tajribasi asosida tizimi ishini takomillashtirish zarurligi uqtirilgan.

XS
SM
MD
LG