Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 04:08

Samarqandda hokim, prokuror va MXX xorijdan qaytgan “adashgan”larni qamamaslikka so‘z berdi


Samarqand viloyati hokimiyatida masjidlarning imom-xatiblari, qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yaqinlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida 12 mart kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi, viloyat prokurori, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi, viloyat MXX rahbari, viloyat militsiyasi boshlig‘i xorijda qochib yurgan “adashganlar” uylariga qaytsalar, ularni qamamaslik to‘g‘risida va’da berdilar.

Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘raev yig‘ilishda “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 1749 samarqandlikdan 1625 nafari ro‘yxatdan chiqarilganini ma’lum qilar ekan, qolgan 124 nafar fuqaro xorijda yurgani sababli ularni “qora ro‘yxat”dan o‘chirish imkoniyati bo‘lmayotganini aytgan.

Xabar.uz nashrining bildirishicha, so‘zi davomida Turobjon Jo‘raev:

-Hammasining yuragida “borsam qamab qo‘yishadi” degan qo‘rquv bor. Azizlar, farzandlaringizga ayting, hammasi qaytishsin, bittasi ham qamalmaydi, ularni kechiramiz. Ularning qamalmasligiga mana men kafilman,- deb aytgan.

“Kun uz” sayti esa Samarqand viloyat hokimi yig‘ilganlarga murojaat qilib, “adashganlar”ni “to‘g‘ri yo‘lga solamiz, ish bilan ta’minlaymiz, uyi bo‘lmasa bu borada ham yordam beramiz”, deb aytganini qo‘shimcha qildi.

Viloyat MXX rahbari Ulug‘bek Mirzaahmedov: “Ko‘pchilik yoshlar ota-onalari bilan doimiy ravishda aloqa bog‘lab turganidan xabardormiz. Ayinglar, qaytishsin! Ularga qamoq jazosi berilmasligiga, ular ta’qib va tazyiqqa uchramasliklariga men kafilman”, deb so‘z bergan.

Viloyat prokurori Farhod Zufarov jinoyat sodir etgan fuqarolarni vataniga qaytib kelib tavba qilishga, xalqdan va davlat rahbaridan kechirim so‘rashga chaqirib: “Farzandlaringizga ayting, qaytishsin! Men bitta narsaga kafolat beraman: agar qo‘li qonga botmagan bo‘lsa, bitta ham fuqaro qamalmaydi”, -degan.

Xabarda aytilishicha, hokim Samarqand viloyatida “qora ro‘yxat”dan chiqarilgan shaxslarning muammolari o‘rganilgani, ularning ayrimlariga uy, ayrimlariga ish va davolanishga muhtojlarga sihatgohlarga bepul yo‘llanmalar berilganini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 1 sentabrida Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasasida imom xatiblar bilan uchrashar ekan, "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmondan 16 mingtasi ro‘yxatdan chiqarilganini va ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini aytgan edi.

Shu bilan bir qatorda Ozodlik radiosi 2017 yilning 18 noyabrida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida uch kun mobaynida “qora ro‘yxat”dan chiqarilgan saksonga yaqin ayol va erkak dindor ushlangani haqida xabar bergan edi.

Toshkentdagi Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning o‘shanda Ozodlikka bildirishicha, qo‘lga olinganlar Zangiota tumani va Toshkent shahri militsiya bo‘limlariga olib kelingan va soatlab so‘roq qilingan. Ushlanganlarning yaqinlari hibsda ular kaltaklanganini Ozodlikka aytishgan edi.

XS
SM
MD
LG