Jahonga tanilgan mashhur ingliz nazariyotchi fizigi Stiven Uilyam Xoking 14 mart kuni saharga yaqin Kembrijdagi uyida 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda axborot agentliklariga marhumning oilasi xabar berdi.
Xoking nazariyasi: Qora tuynuklar aslida uncha ham qora emas
Xoking 1988 yilda “Vaqtning qisqa tarixi” kitobini chop etganidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgan edi. Jahonda bu kitobning 10 million nusxasi sotilgan.
Xoking koinotda singulyarliknning paydo bo‘lishi – Borliqning birlamchi holati va Katta portlash nazariyasiga muvofiq birlamchi holatning kengayishi muammosini o‘rgangan.
Stiven ilmiy jamoatchilik tomonidan qabul qilingan kosmologik kontseptsiyani barbod qildi. U koinotdagi qora tuynuklar, unchalik ham qora emasligini, ular nur taratishini isbotladi.
Xoking nazariyasiga ko‘ra, qora tuynuklar, ilgari taxmin qilinganidek, boshi berk yo‘l bo‘lmay, balki boshqa koinotlarga o‘tish yo‘lidir. Ammo shu bilan birga, u orqali o‘tgan buyumlar va odamlar hech qachon ortga qayta olmaydi.
Og‘ir kasallik va ilmiy faoliyat
1963 yilda 21 yoshli Xoking yontomonlama amitrofik skleroz kasalligiga uchrab, falaj bo‘lib qolgan. Shifokorlar uning 2 yildan so‘ng vafot etishini bashorat qilishgan edi. Biroq bu bashorat amalga oshmadi. Xoking 2 marta uylanib, uch farzandli bo‘ldi.
Xoking falaj ahvolda ham faol ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etdi. U jahon bo‘ylab o‘tkazilgan turli ilmiy anjumanlarda kompyuter nutq sintezatori vositasida chiqishlar qildi.
1942 yilning 8 yanvarida tug‘ilgan Xoking 1959 yilda Oksford universiteti stipendyasiga sazovor bo‘lgan edi. Uch yildan so‘ng esa u koinotni o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarini Kembrij universitetida davom ettirdi.
Xoking 32 yoshida Britaniyaning eng nufuzli London Qirollik jamiyati a’zoligiga saylangan.
Xoking: Odamzod tirik qolishi uchun koinotni zabt etmog‘i lozim
2016 yilda Xoking rossiyalik milliarder Yuriy Milner bilan hamkorlikda Yerga eng yaqin Alfa Tsentavra yulduzlar sistemasiga kiruvchi yulduzga robot uchirish uchun qiymati 100 mln. dollarlik Breakthrough Starshot loyihasi ustida ish boshlagan edi.
Yerdan uchiriladigan robot Alfa Sentavra yulduzlar sistemasiga kiruvchi yulduzga yetib borguncha 40 trillion km (4,37 yorug‘lik yili) masofani 20 yilda bosib o‘tishi rejalashtirilayotgan edi. Qiyoslash uchun: mavjud kosmik kemalarning eng tez uchari bu masofani 30 ming yilda bosib o‘tadi.
Stiven Xoking kino va ilmiy -ommabop filmlar "yulduzi"
Xoking ishtirokidagi “Stiven Xoking olami”, “Borliqqa Stiven Xoking bilan”, “Stiven Xoking Buyuk maqsad haqida”, “Stiven Xokingning kelajak ilmi” kabi o‘nlab ilmiy-ommabop filmlar tomoshabinlarga yaxshi tanish.
2014 yilda Xoking hayoti haqida AQSh, Yaponiya va Britaniya kinochilari hamkorligida “Hamma narsaning nazariyasi” badiiy filmi suratga olingan.
2015 yilda London Qirollik jamiyati Stiven Xoking nomidagi medalni ta’sis etgan. Mazkur medal har yili ilm-fan targ‘ibotida yutuqqa erishgan olimlar va san’at arboblariga beriladi.