14 mart kuni 76 yoshida vafot etgan britaniyalik taniqli olim Stiveng Xoking 1942 yilning 8 yanvarida tug‘ilgan, 1959 yilda - 17 yashar chog‘ida Oksford universiteti stipendyasiga sazovor bo‘lgan edi. Uch yildan so‘ng esa u koinotni o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarini Kembrij universitetida davom ettirdi.
Xoking 32 yoshida Britaniyaning eng nufuzli London Qirollik jamiyati a’zoligiga saylangan. 2015 yilda London Qirollik jamiyati Stiven Xoking nomidagi medalni ta’sis etgan. Mazkur medal har yili ilm-fan targ‘ibotida yutuqqa erishgan olimlar va san’at arboblariga beriladi.
Olim vafot etgan kunda uning insoniyatga bergan 5 maslahatini e’tiboringizga havola qilamiz.
1. Insonlar kelajagi – fazoda
Professor Xoking 2016 yilda Radio Times bilan intervyuda:
- Oldimizda bir necha tahdid bor: yadroviy urush, global isish hamda genetik ishlab chiqilgan viruslar. Istalgan bir yilda Yer sayyorasida yirik ofat sodir bo‘lish ehtimoli oz bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan bu xavf o‘sadi va keyingi ming yoki o‘n ming yil ichida sodir bo‘lishi aniq bo‘lgan narsaga aylanadi, - degan edi.
Olim buning oldini olish uchun fazoda koloniyalar tuzish mumkinligini aytgan. Unga ko‘ra, keyingi yuz yil ichida insoniyat buni uddalay olmaydi, shu sabab keyingi yuz yillik davomida odamlar o‘ta ehtiyot bo‘lishi kerak.
2. O‘rnimizdan turib, ko‘proq harakat qilishimiz kerak
Qora tuynuklarni o‘rganib nom chiqargan olim 2016 yilda insoniyat oldidagi yana bir muammoga to‘xtalib o‘tdi.
Shved nodavlat tashkiloti tayyorlagan videomurojaatda olim:
- Bugungi kunda haddan ziyod odam oshiqcha vazn va semizlik asoratlari tufayli halok bo‘lmoqda. Biz o‘ta ko‘p yeb, o‘ta oz harakat qilmoqdamiz, - dedi.
Xoking o‘z murojaatida odamlarni ozroq ovqatlanib, kuniga kamida yarim soat harakatlanishga chorlagan edi.
3. Sun’iy intellekt o‘rnimizni egallashi mumkin
O‘tgan yilda professor Xoking Wired jurnaliga bergan intervyusida:
- Jin ko‘zadan chiqib bo‘lgan. Sun’iy intellekt odamlar o‘rnini egallashidan qo‘rqaman, - dedi.
Olimning fikricha, buning oldini olish uchun sun’iy intellekt harbiy maqsadlarda qo‘llanilishi oldini olib, ishchilar o‘rnini sun’iy intellekt egallashiga ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz kerak.
4. O‘zga sayyoraliklar bizga do‘st bo‘lmaydi
Professor Xoking o‘zga sayyoraliklar borligiga ishongan. 2016 yil olingan Stephen Hawking’s Favourite Places filmida olim:
- Yoshim o‘tar ekan, yolg‘iz emasligimizga borgan sari ko‘proq ishonib boryapman, - degan edi.
Olim agar o‘zga sayyoraliklarga yo‘liqadigan bo‘lsak, ular ancha mukammal texnologiyalarga ega bo‘lishi hamda bizga do‘stona munosabatda bo‘lmasligi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
5. O‘z ishining ustasi bo‘lgan mutaxassislarga quloq solish kerak
Professor Xoking 2017 yilning martida so‘zlagan nutqida hozirgi kunda mutaxassislarga qarshi «global g‘alayon» kuzatilayotganini ta’kidladi.
Professor feyk xabarlar ko‘payar ekan, odamlarning muammolarni o‘rganishga vaqt sarflaydigan mutaxassislar fikriga quloq solishga chorladi.
Olim, shuningdek, atrof-muhitni saqlash hamda sun’iy intellekt tug‘diradigan tahdidlarga yechimlarni ilm-fan va texnologiyalar yordamida topish mumkinligini aytdi.