Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2023, Тошкент вақти: 13:14

Mirziyoev kelishiga ko‘cha tozalashga olib chiqilgan 23 yashar o‘qituvchini mashina bosib ketdi


Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagistral yo‘l to‘siqlarini oqlayapti
Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagistral yo‘l to‘siqlarini oqlayapti

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenikeeva majburiy mehnat qurboni bo‘ldi. Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan o‘qituvchilarga ko‘ra, ular prezident kelishiga ko‘chalarni supirib-tozalashga majburan chiqarilgan. Katta magistral yo‘l chetini tozalayotgan o‘qituvchini yuk mashinasi urib yuborgan. Rasmiylar bu voqeani izohlashdan o‘zlarini olib qochmoqda.

Мирзиёев келишига кўча тозалашга олиб чиқилган 23 яшар ўқитувчини машина босиб кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:27 0:00
Бевосита линк

Kattaqo‘rg‘on tuman markazidagi 42- umumta’lim maktabining mehnat o‘qituvchisi Diana Yenikeevani 14 mart kuni Suv ombori qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini tozalashga olib chiqilgan paytda KamAZ yuk mashinasi urib yuborgan.

Bu haqda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka xabar bergan o‘qituvchilardan birining aytishicha, og‘ir tan jarohati olgan Diananing joni kasalxonada uzilgan:

“Voqea guvohi bo‘lgan hamkasbimning aytishicha, o‘qituvchilar yo‘l chetini tozalash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. Dianani katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi urib yuborgan. Darhol bir mashinaga yuklab, kasalxonaga olib borishgan. Lekin borganda uning joni uzilib bo‘lgan ekan”, dedi o‘qituvchi.

Suhbatdosh o‘qituvchilarning ko‘cha tozalashga majburlangani aks etgan bir qancha fotosuratlarni Ozodlikka taqdim etdi:

Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l chetini tozalayapti
Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l chetini tozalayapti

Kattaqo‘rg‘on tuman 42- umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Diana Yenikeevaning yo‘l-transport falokatida halok bo‘lganini tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi ham tasdiqladi.

Diana Yenikeevaning onasi Oksana Yenikeevaning Ozodlik radiosiga aytishicha, uning qizini dars o‘tayotgan joyidan ko‘cha supirishga haydashgan:

"Qizim darsdan qaytib kelib, kiyimini almashtirdi va ularni ko‘cha tozalashga majburlashayotganini aytib ketdi. 42-maktabdan o‘n nafar o‘qituvchi prezidentning kelishiga trassani tozalashga majburan chiqarilgan ekan. Qizim bilan birga bo‘lgan o‘qituvchilarning aytishlaricha, ular mashinalar g‘izillab o‘tib turgan trassada ishlashgan. Hech qanday ogohlantiruvchi belgilar qo‘yilmagan, hatto GAI inspektorlari ham bo‘lmagan. Bordyurni supirib turgan qizimni o‘tayotgan KamAZlardan biri urib yuborgan. Nahotki, prezidentga yaxshi ko‘rinish uchun qaynab yotgan yo‘lning o‘rtasiga himoyasiz o‘qituvchilarni olib chiqib ishlatishsa. Men buni shunday qo‘ymayman, prezidentgacha boraman!", deydi Oksana Yenikeeva.

Onaning aytishicha, qizi vafotidan keiyn tuman hokimligidan unga uch million so‘m pul olib kelishgan:

"Mening bolam uchun uch million so‘m taklif qilishdi. Men yolg‘iz farzandimni sotish uchun tug‘magandim. Uning o‘rnini pul bilan to‘ldirib bo‘ladimi. O‘qituvchini o‘z ishidan boshqa ishga majbur qilgan va qizim o‘limiga bevosita sababchi bo‘lgan hokim va xalq ta’limi bo‘limi javob bersin", deydi marhuma o‘qituvchi onasi.

Oksana Yenikeevaning aytishicha, qizi turmushga chiqqan va uning ikki yashar bolasi yetim qolgan.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir maktab o‘qituvchisi ham, ular darslarni qoldirib, bir necha kundan buyon ko‘cha tozalashga majburlanayotganini aytdi:

“Kattaqo‘rg‘onda suv ombori bor. Prezidentimiz o‘tgan yili ham o‘sha yerga kelgan edi. Suv omborida Indoneziya, Malayziya bilan hamkorlikda baliq ko‘paytirilyapti. Bu yil ham prezident shu joyni kelib ko‘radi ekan deb, suv omboriga olib boriladigan avtomobil yo‘lining ikki cheti tozalanishi haqida hokimiyat topshiriq bergan. Byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlar, jumladan, o‘qituvchilar ham bu ishga safarbar etilgan. Har kuni har bir maktabdan 10-15 nafar o‘qituvchi darsi bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, ko‘cha tozalashga safarbar etilyapti”, deydi o‘qituvchi.

Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l chetlarini tozalashga safarbar etilyapti
Kattaqo‘rg‘on tumanida byudjet tashkiloti ishchilari avtomagirstral yo‘l chetlarini tozalashga safarbar etilyapti

Uning aytishicha, katta yo‘lda ko‘cha tozalash hasharchilar uchun xavfli bo‘lsa ham tuman hokimi va xalq ta’limi bo‘limi mudiri hammani bunga majburlayapti:

“O‘qituvchilarni katta avtomobil yo‘llariga ham olib chiqishyapti. Ikki tarafda katta tezlikda g‘izillab mashinalar o‘tib yotgan bo‘lsa ham yo‘l o‘rtasidagi to‘siqlarni oqlatyapti. Aslida, bu ishlarni texnika xavfsizligidan dars olgan, maxsus sariq kiyimli ishchilar qilishi kerak. Lekin, bu rahbarlarga farqi yo‘q, odamlarning joni hisobiga bo‘lsa ham prezidentga ko‘chalarni yaltiragan qilib ko‘rsatishi kerak”, dedi o‘qituvchi.

O‘qituvchi Diana Yenikeevaning ko‘cha tozalash paytida avtomobil urib ketishi oqibatida halok bo‘lganini rad qilmagan Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Alisher Jumaniyozov, Ozodlikning savollariga javob berishdan bosh tortib:

“Hech kim majburan olib chiqilmagan”, dediyu aloqani uzdi.

Mudir Ozodlikning boshqa qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimidan bu voqeaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Shavkat Mirziyoev davlat tepasiga kelganidan keyin ham u borishi ehtimoli bo‘lgan joylardagi obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarini majburan jalb qilish davom etyapti.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘z ishi qolib obodonlashtirish va dala ishlariga majburan jalb qilinayotgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘tgan yili paxta mavsumida Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyat hokimlari ham paxta mavsumida o‘qituvchilarni terimga chiqarmaslik haqida va’da bergan bo‘lsa-da, lekin tez orada bu va’dalarini buzgan va o‘qituvchilar paxta tergani jo‘natilgan edi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning yil davomida obodonchilik ishlariga ham jalb qilinayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG