Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:49

Koreyada qizlarga soatiga $50li ish taklif etilgan o‘zbekcha e’lonlar paydo bo‘ldi


“Qizlarga ish, Seul, karaokeda, soatiga 50 ming von” degan e’lon va ostiga telefon nomer yozilgan zajigalkalar Seul, Incheon, Ansan shaharlarida o‘zbek muxojirlari orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan.
“Qizlarga ish, Seul, karaokeda, soatiga 50 ming von” degan e’lon va ostiga telefon nomer yozilgan zajigalkalar Seul, Incheon, Ansan shaharlarida o‘zbek muxojirlari orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan.

Janubiy Koreyada plastik zajigalkalarda karaoke va tungi barlarda qizlarga soatiga 50 dollarlik ish taklif etilgan o‘zbekcha e’lonlar paydo bo‘ldi.

Ozodlikning aniqlashicha, “Qizlarga ish, Seul, karaokeda, soatiga 50 ming von” degan e’lon va ostiga telefon nomeri yozilgan zajigalkalar Seul, Incheon, Ansan shaharlarida o‘zbek muxojirlari orasida tarqatilgan.

Koreyada yashovchi o‘zbekistonliklar zajigalkalarni firibgarlar qizlarni fohishalikka ilintirish uchun bepul tarqatayotganini taxmin qilmoqda.

Seul shahrida yashovchi o‘zbekistonlik ayol Ozodlik bilan suhbatda zajigalkadagi e’longa uchib, firibgarlar tuzog‘iga ilinishiga sal qolganini aytdi.

- O‘zbek qizlarini karaoke deb laqqa tushirib, fohishalikka ilinitirshyapti. Men ham zajigalkadagi nomerga telefon qildim. "Keling" deyishdi, "erkaklar bilan karaokeda qo‘shiq aytasiz, soatiga 50 dollar" deyishdi. Bordim, hech qanaqa karaoke emas, priton. O‘zimiznikilar ekan, o‘zbekistonlik shallaqi "mama roza"lar ekan. Bular o‘zbek qizlarini aldov bilan fohishalikka ilintirishyapti, - dedi ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik ayol.

Ozodlik muxbiri Janubiy Koreyada tarqalgan zajigalkalardagi e’londa yozilgan nomerga telefon qildi.

Telefon go‘shagini ko‘targan ayol ruscha aralash o‘zbek tilida “Bizda erkaklarga ish yo‘q, faqat ayollarga, soatiga 50 ming von oladi", - deb javob qildi.

Suhbatdosh, shuningdek, e’lon qizlarni fohishalikka yollash maqsadida tarqatilmaganini aytdi.

"Ishga olingan qizlar koreys erkaklari bilan karaokeda qo‘shiq aytadi, xolos. Bu prostitutsiya emas. Biz qizlarni erkaklar bilan jinsiy aloqaga kirishishlari uchun yollayotganimiz yo‘q”, dedi ismini aytmagan o‘zbekistonlik ayol.

Lekin, ayol Ozodlik bilan suhbatda ularning tungi klubi yoki karaokesi Seul shahrining qaysi manzilida ekanini aytmadi.

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida yashovchi o‘zbekistonlik Bahrom O‘zbekistondan ish izlab kelgan qizlar firibgarlarning aldov va’dalariga uchib fohishaga aylanib qolayotganidan tashvish bildiradi.

- Tungi klublarda yurishibdi. Bizda Ition degan joy bor. O‘sha yerga borsangiz¸ O‘zbekistonda yurganlar mana shu yerda yuribdi. Qatortol (Toshkentdagi fohishalar ko‘p bo‘lishi aytiladigan mavze - tahr.) mana shu Itionda. Seulning Qatortoli deymiz. Mana shunaqa oldi-qochdi e’lonlarga uchib fohishalikka kirib qolganini o‘zlari bilmay qoladi. "Oldin koreys erkaklar bilan karaokeda qo‘shiq aytasan", deydi. Keyin, sekin-sekin tanfurushlik boshlanadi. Qayoqqa qaramang, o‘zbek qizlari. Men ularga aytmoqchiman, yolg‘on e’lonlarga uchmang. Koreyada durustroq mehnat qilib ham pul topsa bo‘ladi, - deydi Bahrom.

Janubiy Koreya Migratsiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 50 milliondan ortiq aholisiga ega mamlakatda 2 milliondan ortiq xorijlik yashaydi.

Shulardan 50 mingdan ortig‘i o‘zbekistonliklardir.

Umumiy soni buyicha o‘zbekistonliklar Koreyada Xitoy, Vьetnam, AQSh, Tailand va Fillipindan keyin 6-o‘rinda turadi.

Lekin, Koreyada noqonuniy yashab kelayotganlar ham hisoblansa, o‘zbekistonliklar soni rasmiy hisobotda keltirilgan raqamlardan ikki baravar ko‘p bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Ozodlik suhbatlashgan Koreyadagi boshqa o‘zbeklar ham o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytmasligi¸ O‘zbekistonda ishsiz qolib¸ oilasining iqtisodiy kelajagini savol ostida qoldirgandan ko‘ra¸ noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va jazo choralari kuchayganiga qaramay¸ Koreyada nolegal maqomda bo‘lsa ham ishlab¸ pul yig‘ishda davom etajaklarini bildirdilar.

XS
SM
MD
LG