Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 02:42

Bu yil 2500 ga yaqin o‘zbekistonlik Turkiyada ishga olinishi mumkin


O‘zbekistondan Turkiyaga ishga ketuvchilar¸ asosan¸ Antaliyadagi mehmonxonalarda ishlaydi.
O‘zbekistondan Turkiyaga ishga ketuvchilar¸ asosan¸ Antaliyadagi mehmonxonalarda ishlaydi.

15-17 mart kunlari Turkiyaning Tayga Grup vakili O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligining Tashqi migratsiya agentligi binosida Turkiyadagi mehmonxonalar tizimida ishlash uchun odam yollashni boshladi.

Turkiyaga ishga ketish uchun hujjat topshirganlardan birining aytishicha¸ birinchi bosqichda turk shirkati vakili talabgorlarni qayddan o‘tkazgan va asosan ularning xorij tillarini bilish-bilmasligi bilan qiziqqan:

- 17 mart kuni bordim. 400 chog‘li odam¸ asosan¸ ësh yigitlar bor edi. Qizlarni navbatsiz qabul qilishdi. Turkiyadan Yovuz Qalqon degan odam juda yaxshi gaplashdi. Asosan¸ inglizcha gapirdi. Qaysi tillarni bilasan¸ bir narsa gapir¸ xohlasang¸ inglizcha¸ nemischa ashula ayt¸ dedi. Suhbat qisqa bo‘ldi. Telefon raqami berdi¸ shunga bilgan tillaringda gapirib¸ videosini bizga yubor. 1 aprelgacha aytamiz¸ qachon¸ qaerga kelishingni¸ dedi. Turkiyaga yuborishar ekan bu videolarni¸ u yerdagilar tanlar ekan¸ deydi Turkiyaga ishga ketish uchun hujjat topshirganlardan biri.

Qaldirg‘och shirkat

Joriy yilning 12 mart kuni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Turkiyaning Tayga grup kompaniyasi bilan O‘zbekiston fuqarolarini Turkiyada ish bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida Kelishuv imzoladi.

Agentlik matbuot xizmatining bildirishicha¸ kelishuvni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i R.Ibragimov va Tayga grup kompaniyasining vakolatli vakili Mahmud Yovuz Qalqon imzolagan.

Bu kelishuv imzolanganidan uch kun o‘tib¸ Tayga grup Turkiya mehmonxonalariga mavsumiy ishchi yollash jarayonini boshladi.

Bu shirkat¸asosan¸ Antaliyada joylashgan otellarga ishchi topib beradi. Bilasiz¸ bu mintaqa¸ asosan¸ rossiyaliklar orasida juda mashhur. Bir yilda 9-10 million rossiyalik borarkan. Antaliyada turistik mavsum 1 maydan boshlanar ekan. Shungacha o‘zbekistonliklarni saralab¸ olib ketishga harakat qilayapti. Bilishimcha¸ hozirda kamida 400 odamni saralashdi. Ikkinchi bosqichi¸ bayram o‘tishi bilan boshlanadi”¸ dedi Tashqi Migratsiya agentligidagi bu jaraëndan xabardor mulozim.

Shart-sharoitlar

Turkiyada ishlashni xohlovchilarga xona tozalovchi¸ mehmonxona hududini tozalovchi¸ idish-tovoq yuvuvchi¸ oshxona ishlari¸ animatorlar¸ qabul bo‘limi xizmatchisi¸ mehmonlar bilan ishlash bo‘limi xizmatchisi kabi ishlar taklif qilinmoqda. Bu ishlarning keyingi¸ nisbatan malaka talab qiladiganlari uchun rus¸ ingliz va nemis tillarini bilish talab etilishi aytilmoqda.

Haftasiga olti kun¸ 9 soatlik ish uchun ularga taqriban 430 dollar maosh taklif etilmoqda. Talabgorlarga tarqatilgan ma’lumotga ko‘ra¸ ish beruvchi saralanganlarni bepul turar-joy¸ uch mahal ovqat¸ oylik transport chiptasi bilan ta’minlashni zimmasiga oladi.

Ishga ketuvchilar Turkiya ish vizasi uchun 180 AQSh dollari¸ 1 million so‘m davlat boji va boshqa xarajatlar uchun birinchi maoshidan 250 AQSh dollari miqdorida to‘lov qilishi kerak bo‘ladi.

“Birinchi yili 2500 odamga ish bermoqchimiz”

Turkcha nomlanishi Tayga Yabancılar Danışmanlık ve İnsan Kaynakları bo‘lgan guruh boshqaruvchisi Ismet Gurlek (İsmet Gürlek) Ozodlik bilan 19 mart kungi suhbatda Tayga grup Toshkent hukumati bilan kelishuv asosida o‘zbekistonliklarni ishga olib kelishni yo‘lga qo‘yayotgan ilk shirkat ekanini aytadi:

- Bunday kelishuvga Turkiya va O‘zbekiston orasidagi munosabatlar yaxshilanib¸ o‘zaro hamkorlik¸ ayniqsa¸ turizm sohasidagi aloqalar yaxshilangani ortidan erishildi. Bizda turistlar ko‘p keladigan mavsum 1 maydan boshlanadi. Bu yil biroz kech qoldik¸ shunday bo‘lsa-da¸ joriy yili 2500 nafarcha o‘zbekistonlikni Turkiyaga ishga olib kelish rejasidamiz¸ deydi Tayga grup rahbari.

Ismet Gurlek taklif etilayotgan oylik 1600 turk lirasi (19 mart kungi kurs bo‘yicha 405 AQSh dollari) dan boshlanishi¸ bu miqdorning Turkiya standarti bo‘yicha¸ minimal maosh ekanini ayta turib¸ O‘zbekistondan keluvchilar ishining darajasi¸ ish sifatiga qarab¸ yaxshiroq maosh olish imkoniga egaligini ham bildirdi:

- 8-12 oylik ish shartnomasi tuzamiz. Asosan¸ 5 yulduzlik mehmonxonalarda ishlashadi. Yaxshi ishlaganlar¸ xorij tilida yaxshi gaplashib¸ turkchani ham tez o‘rganganlar ko‘proq oylik ola biladi. Birinchi guruh¸ taxminan 500 odamni 1 maygacha olib kelmoqchimiz. Ularga ham Toshkentda¸ ham Turkiyada trening beramiz¸ deydi Ismet Gurlek.

Ishsiz yoshlarga yangi istiqbol

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ hozirda Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar sonining 300 ming atrofida ekani taxmin etiladi. Ularning ko‘pchiligi¸ ish va yashash ruxsatnomasi olmasdan nolegal yurgan muhojirlardir.

Istanbuldagi mehmonxonalardan birida ishlayotgan Baxtiyor¸ Turkiyada ish va yashash ruxsatnomasini olish oson emasligini aytdi.

- Turkiyada 20 ga 1 degan nisbat bor. 20 nafar turkiyalikni ish bilan ta’minlagan shirkat¸ bitta xorijiy ishchi yollashi mumkin. Shuning uchun¸ asosan¸ katta mehmonxona tarmoqlari xorijliklarni rasman olib kela oladi. O‘zicha kelib¸ nolegal bo‘lib¸ 300 dollarga og‘ir ishlarni qilib yurgan o‘zbekistonliklar Istanbulda juda ko‘p. Shuning uchun Migratsiya agentligi orqali 430 dollarlik ishga kelish¸ O‘zbekiston sharoitida na ish¸ na tuzuk oylik ola olmayotganlar uchun yaxshi shans¸ dedi o‘zi ham yillardan beri Turkiyadagi mehmonxonalarda ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik Baxtiyor.

Maktab va kollejlar ingliz tili o‘qituvchilaridan ajrab qoladimi?

Tashqi migratsiya agentligi binosida o‘tkazilgan birinchi bosqich saralashda qatnashgan talabgorlardan biri¸ o‘zi bilan ayni kunda suhbatga kirganlarning ko‘pchiligi kollej va maktablarning ingliz tili o‘qituvchilari bo‘lganiga e’tiborimizni qaratdi.

- Til bilganlarning ko‘pi o‘qituvchilar ekan. Beradigan oyligiga tirikchilik qilib bo‘lmaydi¸ shunga ketmoqchimiz¸ deyishdi. Oralarida yillar davomida o‘qishga kirish uchun repetirorga qatnab¸ til o‘rganganlar ham ko‘p. Ular ham ish yo‘qligidan ketishga qaror qilganini aytishdi. Til bilganlarning deyarli hammasi 2-bosqichga o‘tdi¸ dedi bu talabgor.

E’tirof

Rossiyaga mehnat muhojiratiga ketgan o‘zbekistonliklarni "Moskva ko‘chalarini supurib, odamni jirkanishga majbur qilayotgan bu “dangasalar” katta pul topish uchun u yoqlarga borgan va o‘zbek millatini sharmanda qilmoqda", degan 1- prezident Islom Karimov mamlakatdagi ishsizlik darajasining nihoyatda balandligini ham, aynan mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar ijtimoiy barqarorlikni ta’minlab kelganini ham tan olgan emas.

Karimovdan farqli¸ ikkinchi prezident Shavkat Mirziyoev¸ ishsizlikni mamlakatning eng katta muammosi sifatida e’tirof etdi va muammo yechimi sifatida Tashqi migratsiya agentligi orqali o‘zbekistonliklarni xorijga ishga jo‘natishni rag‘batlantirish siyosatini boshladi.

Ozodlik suhbatlashgan Tashqi migratsiya agentligi mulozimiga ko‘ra¸ Mirziyoev hokimiyatga kelgandan keyin agentlik orqali ishga yuborish tizimi joriy etilgan davlatlar ro‘yxati uzayib bormoqda va bugunga kelib mazkur ro‘yxatga Rossiya¸ Janubiy Koreyadan tashqari¸ Yaponiya¸ Polsha¸ Chexiya¸ Qatar va Turkiya ham qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG