Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2021, Тошкент вақти: 03:28

Yer janjali oqibatida Farg‘onada to‘rt odam pichoqlandi


Fermerning yeri¸ paxta rejasini bajarmaganlik ayblovi bilan¸ zahiraga olingan.

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi yeri zahiraga olib qo‘yilgan fermer va bu yerning yangi egalari orasida 8 mart kuni bo‘lgan janjal va pichoqlashish oqibatida o‘ndan ortiq odam tan jarohati oldi. Bu xabarni tasdiqlagan ichki ishlar mulozimiga ko‘ra¸ to‘rt kishi pichoq jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

"Biz bug‘doyni sug‘orayotgan edik..."

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi “Hasan-Husan-Nurli zamin” fermer xo‘jaligi rahbari Husanboy Oripovning Ozodlikka aytishicha, u akasi bilan bug‘doyga suv qo‘yayotgan paytda yerning yangi egalari kelib ularga hujum qilgan:

- 8 mart kuni edi, aka-ukalar to‘rt kishi o‘zimiz ekkan bug‘doyni sug‘orayotgan edik. Bir payt bizning yerimizni yangi egalari, aka-uka Aliqulovlar begona yigitlar bilan 14 kishi bo‘lib kelishdi. Sen dadamni nima deding deb, aka-ukalar bizni urib ketishdi. Hasanboyning bosh tomoni orqasiga pichoq urishdi. Mening oyog‘imga ham pichoq sanchgan edi, pichoq oyog‘imning u yog‘idan chiqib ketib, tiqilib qoldi. Keyin men ham pichoqni sug‘urib, Nuriddinning oyog‘iga sanchdim. Rosa urush bo‘ldi. Ular ko‘pchilik bo‘lib bizni urib tashlashdi. To‘polonda ulardan ham ikki kishi oyog‘idan pichoqlandi, deydi Husanboy Oripov.

Husanboy fermerning aytishicha, ularning yeri bog‘ qilish uchun zahiraga noqonuniy olib qo‘yilgan.

“Bu yer avval ana shu Aliqulovlarga tegishli edi. Ular 2006 yilda olib, 2011 yilda eplolmay tashlab ketishgan. Suv chiqishi qiyin bo‘lgan, shag‘al yer. Bu yer shunday qolib ketgan edi. Keyin bu yerni dadamning nomiga 2015 yilda fermer xo‘jaligi qilib olgan edik. O‘tgan yili bug‘doyni bajardim. Lekin paxta bo‘lmay qoldi. Chunki menga chigitning Andijon-36 navini berishdi, men aytdimki dashtda bu yaxshi bo‘lmaydi, menga Namangan-77 beringlar desam, unashmadi. Shunga paxta bo‘lmadi. 2017 yilning yanvarida meni hokimlikka chaqirib, muhr va shtampni yangilaymiz¸ deb majburan ariza yozdirib olishgandi, vaholanki fermer xo‘jaligi dadamning nomida edi. Men hokimga kirib, shikoyat qilganimda, bo‘pti ishlayver, degan edi. Keyin bizga yana resurs berishdi, ishimizni davom ettirdik, lekin o‘tgan yilning kuzida yana yerimiz zahiraga olinganini aytishdi”, deydi Husanboy Oripov.

Hozirgi kungacha yer solig‘i va boshqa to‘lovlarni to‘lab kelganini ta’kidlagan bu fermer mazkur hududni bog‘ qilish haqida hokimlik qarori chiqarilganidan so‘ng¸ Aliqulovlar bu yerni tortib olishmoqchi bo‘layotganini aytadi:

- Bu yer bog‘dorchilik bo‘ladi deb, endi talashishyaptida. Biz tashlandiq yerga qancha mehnat qildik, xarajat qildik. Endi yangi xo‘jayinlar paydo bo‘layapti. Aliqulovlar boy odamlar, istagan narsasini qilishadi. Hokim va uning o‘rinbosarlari ham unga qayishayapti, deydi Husanboy Oripov.

Husanboy fermer yuzaga chiqqan pichoqlashuvdan so‘ng akasi Hasanboy bilan kasalxonada bir hafta davolanib chiqqanini aytadi:

- Men hali ham oyog‘imni bosolmayman, akamning jarohati bitmagan, boshi aylanib yuribdi”, deydi Husanboy Oripov.

Fermer o‘z yeri noqonuniy olib qo‘yilgani ustidan sudga murojaat qilishini aytdi.

Aliqulovlarga fermerning yeri nega kerak bo‘lib qoldi?

Aka-uka Oripovlar bilan urushgan yigitlarning otasi, Rossiya fuqarosi, 58 yashar Tojiqul Aliqulov xorijga eksport yuk tashiydigan katta transport firmasining rahbari.

20 dan ortiq yuk avtomobili bor bu tadbirkorning o‘g‘li Nuriddin Aliqulov “Aliqul-Abror obod” fermer xo‘jaligi rahbari hisoblanadi.

Tojiqul Aliqulov Ozodlik bilan suhbatda, o‘g‘illarining dalaga aldov yo‘li bilan chaqirib olinib, Oripovlar tomonidan kaltaklangani va pichoqlangani iddao qildi:

- “Hasan-Husan-Nurli zamin” fermer xo‘jaligi necha yillardan buyon plani to‘lmasdan, ishchi o‘rin yaratmasdan faoliyat yuritib kelgan. Shuning uchun uning yeri zahiraga olingan ekan. Bizga o‘shandan 13 gektar birkitib berishdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerni yong‘oqzor qilmoqchi bo‘lishibdi. Hali qaror chiqqani yo‘q edi. Keyin men mahalla oqsoqoli bilan Hasan-Husanni oldiga borib, shunaqa bo‘layapti, xohlasang 3-4 gektar beraman, yo o‘zing ishla, yo bizga qo‘shil, desam yo‘q dedi. Keyin hokimiyat qarori chiqdi. Bundan g‘azablangan aka-ukalar mening o‘g‘illarimni ariqdan suv toshib ketdi, deb aldab chaqirib, pichoqlashgan va kaltaklashgan. Katta o‘g‘lim Nuriddinning chap oyog‘i va o‘ng qo‘liga pichoq sanchiydi. Garajimda ishlaydigan oddiy bir bolani orqasidan pichoq uradi. Kichik o‘g‘limning burni sindi. Xullas¸ bizdan yetti kishi jarohatlandi, ulardan to‘rt kishi”, deydi Tojiqul Aliqulov.

Rasmiylar: Yerning zahiraga olinishini qonuniy!

Oltiariq tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nodirbek Mahmudov Ozodlikka Oripovlar yerining zahiraga olib qo‘yilishida qonunbuzarlik bo‘lmaganini iddao qildi:

- Uning yeri qonuniy olinib, tender bilan ikki fermerga bo‘lib berilgan. Uning yerini butun meditsina, xalq ta’limi borib chopiq qilib bergan, planlarni bajarmagan, xullas ishlamaganda u fermer. U yerni olgan fermer bilan pichoqlashdida. Yer shunchalik shirin ekan, ishlamaydimi?- dedi Nodirbek Mahmudov.

Qarindoshlar nimani kelishmadi?

Ozodlik bilan suhbatda Husanboy Oripov paxtaga moslashmagan yerini¸ prezident bog‘dorchilikni rag‘batlantirishi ortidan¸ Rossiyaga meva-cheva eksport qiladigan badavlat odam tortib olayotganini iddao qiladi.

- Tojiqul akaning qo‘li hamma joyga yetadi, puldor odamda. Hokim o‘rinbosari Nodirbek Mahmudov bilan juda yaqin odam. O‘zlari paxtada eplolmagan yerni endi bog‘ qilamiz¸ deganda yana talabgor bo‘lib qolishdi. Biz ham qilamiz o‘sha bog‘ni, nega bizdan tortib olishlari kerak? Men kechirimli odamman, hammasini kechirishim mumkin. Faqat bizni tinch qo‘yishsin, tit qopmasdan kambag‘alning ham og‘zi oshga yetsin, deydi Husanboy Oripov.

Tojiqul Aliqulov esa,Oripovlar bilan qarindoshligi bois ularning ustidan shikoyat yozmaganini aytadi:

- Hech kimga ariza ham yozganim yo‘q, da’vo ham qilganim yo‘q. Xudoga shukur bollarim omon qoldi. Hozir bug‘doyimga suv olayapman, suv taratib yuribman, deydi Tojiqul Aliqulov.

Yechim?

Ozodlikning Oltiariq tumani ichki ishlar bo‘limidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar bir biri ustidan rasman shikoyat arizasi yozmagan bo‘lsa-da¸ to‘qnashuvda bir-birini ayblamoqda. Hozircha bu ish yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

Husanboy Oripovdan zahiraga olib qo‘yilgan yerda kuzda ekilgan bug‘doy o‘smoqda. Fermer hozircha o‘z yerida ishlayotganini aytmoqda. Husanboy Oripov ishga sud qarori bilan nuqta qo‘yilmaguncha¸ yerdan voz kechmasligini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG