Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:19

Yusuf Ro‘zimurodov: Qamoqdagi g‘isht zavodida qariyb 9 million g‘isht tushirdim...


54 yoshli Yusuf Ro‘zimurodov Qashqadaryoning Mirishkor tumanida akasining uyida yashamoqda
54 yoshli Yusuf Ro‘zimurodov Qashqadaryoning Mirishkor tumanida akasining uyida yashamoqda

Qariyb 19 yillik tutqunlikdan so‘ng 22 fevral kuni ozodlikka chiqqan o‘zbekistonlik jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov Ozodlik bilan suhbatda "O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning marhamati bilan" ozod etilganiga ishonishini aytdi.

Qamoqdaligida uysiz qolgan Ro‘zimurodov hozirda Qashqadaryo viloyat, Mirishkor tumanida akasining uyida yashayotgani, fuqarolik pasportini olish qayg‘usida yurganini bildirdi.

35 yoshida qamalgan Ro‘zimurodov o‘tgan 19 yil davomida Zangiota, Navoiy va Chirchiqdagi qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tadi.

Sobiq siyosiy mahbus hayotining so‘nggi o‘n yilini Navoiy viloyatidagi qamoqxonada kechirgan.

- So‘nggi 10 yil davomida Navoiydagi zonada bo‘ldim, bu muddat ichida g‘isht zavodida ishlab, 8 yarim million donadan ko‘proq g‘isht tushirdim, - dedi ozodlikka chiqqanidan bir oy o‘tib Ozodlikka gapirgan Yusuf Ro‘zimurodov.

Собиқ сиёсий маҳбус Юсуф Рўзимуродов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:50 0:00
Бевосита линк

Sobiq mahbus salomatligi yaxshi ekani, qamoqxonada jiddiy kasallik orttirmaganini aytdi.

- Men qamalganimda 35 yoshda edim. Hozir 54 yoshdaman. Salomatligim bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, u ham yosh bilan bog‘liq. Qamoqda sil kasali bo‘lganman, lekin yaqinda tekshiruvdan o‘tdim, sil yo‘qolibdi, - dedi Ro‘zimurodov.

Yusuf Ro‘zimurodov 1999 yil Toshkent portlashlaridan so‘ng Kiev shahrida hibsga olingan va O‘zbekistonga topshirilgandi.

O‘zbekiston hukumati Ro‘zimurodovni o‘sha paytda Kievda ushlangan yana bir jurnalist Muhammad Bekjon hamda taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudovni Toshkent portlashlariga aloqadorlikda ayblagan.

Mahkama jarayonida ayblanuvchilar ayblarni rad etishgan va qiynoqqa solinganliklarini aytganlar.

- Menga qo‘yilgan ayblovlarning birontasi isbotini topmagan. Ikki yil oldin menga qo‘yilgan ayblov bo‘yicha jazo muddati tugaganida, menga qamoqxona qoidalarini buzdi, deb 3 yilu 2 oy qo‘shib bergandi. Men prezidentga murojaat qildim. Ishim qayta ko‘rib chiqildi. Mana Oliy sud tomonidan 3 yilu 2 oylik qamoq hukmi bekor qilindi va men ozod etildim, - dedi Ro‘zimurodov.

Yusuf Ro‘zimurodovga berilgan dastlabki 14 yillik qamoq jazosi "ichki tartibni buzgani vajidan" ikki marta uzaytirilgan.

Ro‘zimurodov qamalishidan oldin "Erk" partiyasi saflarida faoliyat qilgani va bu faoliyatidan aslo achinmasligi, pushaymon qilmasligini aytdi.

- Men "Erk" partiyasi saflarida mustaqillik uchun kurashdim, mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilinishiga hissa qo‘shdim, bugungi "Navro‘z" bayramining tiklanishiga, o‘zbek tili davlat tili bo‘lishiga o‘z hissamni qo‘shdim, nega bundan achinishim kerak, - deydi Ro‘zimurdov.

54 yoshli Yusuf Ro‘zimurodov prezident Islom Karimov davrida qamalgan va Shavkat Mirziyoev prezidentligi davrida ozod qilingan o‘ndan ziyod siyosiy mahbusning birdir.

1999 yilgi Toshkent prortlashlarida ayblanib, Ro‘zimurodov bilan qamalgan muxolifatchi jurnalist Muhammad Bekjon o‘tgan yilning 22 fevralida, yozuvchi Mamadali Mahmudov esa, 2013 yilning aprelida ozod etilgan edi.

XS
SM
MD
LG