Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:50

Jizzaxda ko‘prik ostiga tashlab ketilgan bir kunlik chaqaloq jasadi topildi


Jizzaxning G‘allaorol tumanida 23 mart kuni yangi tug‘ilgan chaqaloqning jonsiz jasadi topildi. Guvohlarning Ozodlikka bildirishicha, chaqaloq jasadi Ko‘kgumbaz qishlog‘i ko‘prigi ostidan boshiga qora salafan paket kiydirib o‘ldirilgan xolda topilgan.

G‘allaorol tumani Ichki ishlar bo‘limi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda chaqaloqning DNK analizi asosida uning onasi qidirilayotganini aytdi.

Jizzax viloyati prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 99-moddasi - "Onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi" moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘agan.

Tergov doirasida militsiya Jizzaxning G‘allaorol va unga qo‘shni tumanlardagi tug‘ruqxonalarda ishlaydigan va ishlamaydigan doyalarni so‘roq qilmoqda.

“Ko‘kgumbaz qishlog‘i Jizzax-Samarqand trassasiga yaqin bo‘lgani uchun boshqa tuman yoki viloyatdan tashlab ketilgan bo‘lishi mumkin”, - dedi mulozim.

Hozircha jinoyat motivi va jinoyatga doir boshqa tafsilotlar Ozodlikka ma’lum emas.

Bu O‘zbekistonda bola tug‘ilishi bilan o‘ldirib tashlab ketilgani bilan bog‘liq so‘nggi bir oy ichida Ozodlik yoritgan uchinchi xolatdir.

Shu oy boshida Surxondaryoning Qiziriq tumanida chaqalog‘ini bo‘g‘ib o‘ldirib¸ ko‘lga tashlab ketgani gumonlanayotgan ayol qo‘lga olingan edi.

Surxondaryo viloyati huquq-tartibot idoralari yangi tug‘ilgan bolasini o‘ldirib, ko‘lga tashlaganlikda gumonlanayotgan ayol Qiziriq tumani Pedagogika kollejining 2-kurs o‘quvchisi ekanini ma’lum qilgandi.

Fevral oyi ohirida esa Namangan shahrining Sardoba mahallasidagi chiqindixona oldiga yangi tug‘ilgan chaqaloq jasadi qora rangli tselofan paketga solingan holatda tashlab ketilganligi haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda turmushga chiqmasidan homilador bo‘lgan qizlar mahallada isnodga qolish yoki bolani otasiz katta qilish xarajatlaridan qo‘rqib, tuqqan bolalarini tashlab ketishi xolatlari ko‘p kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG