O‘zbekistonda "Toshturma" nomi bilan tanilgan Toshkentdagi 1-sonli tergov izolyatori buzilib, o‘rnida zamonaviy dam olish maskani quriladi. Adliya vazirligi tarqatgan xabarda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 22 martdagi farmoyishida izolyatorning qariyb 130 yillik binosini 3 oyda buzish belgilangan.
Uch oylik reja
Adliya vazirligi matbuot xizmatining Telegram tarmog‘i orqali tarqatgan xabarnomasida aytilishicha, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Namangan ko‘chasi 1-uyda joylashgan hibsxona bino va inshootlari 3 oy ichida buziladi.
"Toshkent shahar hokimligiga mazkur ob’ektni uch oy muddatda buzish va buzishdan bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirish va unda barcha infratuzilma ob’ektlari mavjud bo‘lgan zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklandi", deyiladi xabarnomada, jumladan.
Toshturmada saqlanayotgan barcha mahbuslar Zangiota tumanida yangi qurilgan qamoqxonaga ko‘chirilgani haqida Ozodlik shu yilning yanvarida xabar qilgan edi.
Toshturmada mahbuslarni saqlashga mo‘ljallangan to‘rtta korpus bo‘lib, ularda oxirgi paytlarda, qamoqxona nozirlarining aytishicha, ikki yarim ming mahbus saqlangan.
Zangiotadagi yangi qamoqxona
Zangiotadagi yangi tergov izolyatori osmondan qaraganda sakkiz qirrali yulduzni eslatadigan shaklda loyihalashtirilgan. Ammo, 9 ta blokdan iborat bo‘lgan bu tergov izolyatorining qancha mahbusga mo‘ljallangani haqida ma’lumot yo‘q.
2015 yil iyul oyida Jenevada BMT Inson huquqlari kengashining O‘zbekistondagi vaziyatga bag‘ishlagan yig‘inida ishtirok etgan o‘zbek delegatsiyasi Zangiotada xalqaro talablarga javob beradigan tergov izolyatori qurilayotganini e’lon qilgandi.
Holi harob "Toshturma"
O‘zbekiston qamoqxonalari, jumladan, vaqtincha saqlash izolyatorlari ham xalqaro hisobotlarda noinsoniy muomala, tutqunlarga qiynoq qo‘llash holatlari ko‘pligi bilan ko‘p marta tilga olingan.
Ozodlik oxirgi oylarda Toshturma atrofi qarovsiz holga kelgani haqida video lavha tayyorlagan edi.
130 yillik "Toshturma"
O‘zbekistonda jami 52 ta jazoni ijro etish muassasasi bor.
Bular orasida eng katta va sharoiti eng og‘ir qamoqxonalardan biri Zangiota qamoqxonasiga ko‘chirilgan Toshturma hisoblanardi.
Toshturma Markaziy Osiyodagi g‘isht va toshdan qurilgan eng eski hibsxona bo‘lib, Rossiya Markaziy Osiyoni istilo etganidan yigirma yil o‘tib, 1891 yilda barpo etilgan.
Toshkentning Namangan ko‘chasida joylashgan hibsxona Chor Rossiyasi general-gubernatorining buyrug‘i bilan to‘rt oyda qurib ishga tushirilgan.
Tez orada toshdan qurilgan qamoqxona "Toshturma" nomini oldi.