Andijon viloyat, Xo‘jaobod tumanidagi Beshqaram va Beshqovoq mahallalaridagi bolalar bog‘chalari yordamchi tarbiyachilari fermer xo‘jaliklariga qarashli ekin dalalarini tosh va ajriqdan tozalashga olib chiqilganliklari, viloyat hokimi vertolyotda ularni kuzatganini aytishdi.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan bog‘cha tarbiyachilari tuman hokimligi mulozimi ularga viloyat hokimi daladagi ishni vertolyotda shaxsan kuzatishini aytgan va oq xalatda chiqmaslikni tayinlagan.
- "Vertolyot uchadi, shu yerda ish qilasizlar," dedi. "Oq xalatimizni kiyib olaylik," desak, "sizlarni mahalla ishchilaridek ko‘rishsin, tashkilotdan ekaningizni bilmasin",- deb javob qaytardi. Qachongacha tekin mardikorlik qilamiz?" - dedi Xo‘jaobod tumani Beshqaram mahallasidagi 1- sonli maktabgacha ta’lim muassasaning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimasi.
Tumandagi boshqa bog‘cha xodimlari ham dalalarni ajriqdan tozalashga olib chiqilganliklarini aytishdi.
- Dam olish kunlari bog‘cha opalarni ham olib chiqyapti. Ertalabdan kun botgunicha daladamiz. So‘rashsa “mahalla ishchisimiz”, deb aytingizlar deyishdi hokimlikdagilar. O‘tgan dam olish kuni biz dalalarni ajriqdan tozaladik, hokim buva vertolyotda kuzatdi, - dedi Xo‘jaobod tumani "Beshqavoq" mahallasidagi bog‘cha tarbiyachilaridan biri.
Ozodlik bu borada izoh so‘rab Xo‘jaobod tumani hokimligiga bog‘landi.
Hokimlikning ta’lim masalalariga mas’ul mulozimi maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarining texnik xodimlari dala ishiga olib chiqilayotganini tasdiqladi.
Lekin, hokimlik mulozimiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, bog‘cha tarbiyachilari, shifokorlarning kasbiy faoliyatida uzilish bo‘layotgani yo‘q.
- Ta’lim, tibbiyot xodimlari jamoatchilik ishlariga olib chiqilmayapti. Mehnat vazirligi tomonidan ta’sis etilgan jamoat ishlariga jalb etilishi mumkin bo‘lganlar olib chiqilyapti, obodonlashtirish, ariq chopish boshqa ishlarga. Lekin, tarbiyachi, o‘qituvchi, doktor hammasi viloyat hokimi boshchiligida nazoratga olingan, ular o‘z kasbiy ishini qilyapti”, - dedi Xo‘jaobod tumani hokimligi mulozimi.
Hokimlik mulozimi, shuningdek, "viloyat hokimi daladagi ishlarni vertolyotda kuzatadi", degan ogohlantiruv berilgani haqidagi gap-so‘zlar mutlaqo asossiz va mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini aytdi.
“Bilmadim buni kim aytdi. Hokimda vertolyot yo‘q-ku?! Bu gapda mantiq bo‘lmayaptiku? Hokimning slujebniy mashinasi bor xolos. Ularga vertolyot berilmaganku. Vertolyotda kelsa yo bosh vazir keladi yo prezident kelishi mumkin. Viloyat hokimida ham vertolyot yo‘q“, - dedi Xo‘jaobod tumani hokimligi mulozimi.
Majburiy mehnat bois xalqaro bosimlar ostida qolgan O‘zbekiston hukumati byudjet tashkilotlari xodimlari bundan buyon dala ishlariga ommaviy jalb etilmasligini aytib keladi.
Shunga qaramay, ayrim viloyatlarda davlat byudjetidan moliyalanadigan korxonalar, jumladan shifoxonalar, maktab o‘qituvchilari, bog‘cha tarbiyachilari dala ishlariga olib chiqilmoqda.
Ozodlik Toshkentdagi kasalxonalar shifokoru-hamshiralarining paxta terimiga olib chiqilishi va ularning maoshlaridan pul ushlab qolinayotgani haqida oldin xabar bergan edi.