Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 21:12

Navoiylik hamshira ishdan bo‘shatilganiga norozilik tariqasida joniga qasd qildi


Gulro‘h Do‘stova kasalxonaning jonlantirish bo‘limida

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Uchquduq tumanidagi 2-tibbiy-sanitariya qismi hamshirasi Gulruh Do‘stova 28 mart kuni o‘z joniga qasd qildi.

Hamshira yaqinlarining aytishlaricha, ishdan noqonuniy bo‘shatilgani haqida yuqori idoralarga yozgan shikoyatlariga javob ololmagan Gulruhga farroshlik vazifasi taklif qilinganidan so‘ng, u qon bosimini tushiradigan dori ichish orqali joniga qasd qilgan. Hushidan ketgan ayolning hayoti kasalxonada saqlab qolingan. Bu hodisani Uchquduq tumani prokuraturasi tergov qilmoqda.

Uchquduq tumanidagi 2-tibbiy sanitariya qismi hamshirasi, 29 yashar Gulruh Do‘stova 28 mart kuni kunduzi o‘z uyida joniga qasd qildi. Uni hushsiz holda topgan eri Muhammad Ahadovga ko‘ra¸ kadrlar bo‘limi boshlig‘i xotiniga ishdan bo‘shatilganini aytib¸ unga farroshlik taklif qilganidan so‘ng shu voqea sodir bo‘lgan:

- Kecha men kunduzi uxlab yotgan edim, chunki tunda ishlayman. Tushga yaqin o‘rnimdan bir turdimda¸ xotinimning oyna oldida o‘tirganini ko‘rdim. Tashqariga chiqib kelsam, yerda cho‘zilib yotibdi. Ko‘tarib o‘rniga yotqizdim-da suv sepdim, biroz o‘ziga keldi. Keyin nima bo‘ldi, qaering og‘riyapti desam, menga rahmi keldimi yoki yolg‘iz farzandimizgami, meni kechiring, dori ichib qo‘ydim, dedi va yana hushidan ketdi, deydi Muhammad Ahadov.

Uning aytishicha, chaqirtirilgan tez yordam Gulruhni olib ketgan va u reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan:

- Shifokorlarga rahmat, ayolimning hayotini saqlab qolishdi, deydi Muhammad Ahadov.

Ozodlik 29 mart kuni reanimatsiya bo‘limida hushiga kelgan Gulruh Do‘stovaning o‘zi bilan gaplashdi.

Zaif ovozda gapirgan hamshira¸ rahbarlarning o‘ziga nisbatan qilgan adolatsizligi joniga qasd qilishgacha majbur qilganini aytdi:

- O‘tgan yilning oktabr oyida men ishda edim. Bir payt bir odam xalatsiz bo‘limga kirib kela boshladi. Men unga bu yerga xalatsiz kirish mumkin emas, bu yerda chaqaloqlar bor, deb qo‘ymadim. Bir payt uning orqasidan bosh vrachimiz o‘rinbosari Erkin Ibragimovich kirib keldi-da¸ menga baqirib ketdi. Sen nega aql o‘rgatasan, seni yo‘qotmasam¸ qo‘ymayman¸ dedi. Shundan keyin menga nisbatan bosim boshlandi, deydi hamshira.

Gulruh iddaosicha¸ shundan so‘ng o‘ziga nisbatan "jazo kampaniyasi" boshlangan:

- Zamglavvrachning tanishidan bitta xalat so‘raganim uchun olti oydan beri tinchlik yo‘q, ish joyida yo‘q, deb nakazanie berdi, vigovor berdi. Xo‘p mayli, xo‘p mayli deb, boshimni egganimcha ishlab yuraverdim. Yo‘q, bular qoniqmadi bundan, 28 yanvarda mening shtatimni qisqartirishdi. Hamma joyda meni yomonlab, bolnitsaga yomon otliq qilishdi. Moralniy ezishdi meni. O‘n yil hamshira bo‘lib ishlaganman, lekin so‘nggi olti oyda men yomon bo‘lib qoldim. Juda ham tushkunlikka tushdim. Eng so‘nggi nuqta kadrlar bo‘limi boshlig‘ining, 29 martdan ishdan bo‘shading, xohlasang ko‘cha supuruvchilikka joy bor, deb ustimdan kulgani bo‘ldi. Keyin juda alam qildi va dorilarni ichib yubordim, deydi Gulruh Do‘stova.

28 yanvar kuni ish o‘rni qisqartirilgani va uch oydan so‘ng ishdan ketishi haqida ogohlantirilgan Do‘stova¸ ishdan noqonuniy bo‘shatilayotgani haqida mahalliy rahbarlardan to prezident portaligacha shikoyat qilgan. Lekin bu shikoyatlar natijasiz qoldirilgan.

Uchquduq tumanidagi 2-tibbiy sanitariya qismi bosh vrachi o‘rinbosari Erkin Normurodov hamshiraning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqladi va u tilga olgan xalat mojaro bo‘lganini ham tan oldi.

Ayni paytda Normurodov¸ hamshira ayolning surunkali bosim va noqonuniy ishdan bo‘shatilgani haqidagi iddaolarini rad etdi:

- Uning hamma gaplari asossiz. O‘shanda men xalat bilan kirganman, mening ortimdan bolasini ko‘rgani kelgan odam xalatsiz bo‘lgan. Hamshira unga qo‘pol muomala qilayapti. Men shuning uchun unga nakazanie berganman. Unga hech kim bosim o‘tkazmagan. Hammasi qonun doirasida. Uning ishdan ketishiga olgan nakazaniyasi ham sabab emas. Sababi, bizda ish beruvchi Shimoliy kon boshqarmasi hisoblanadi. Ularning kadrlar bo‘limi ko‘rib chiqadi, medsanchastning unaqa vakolati yo‘q. Bu ayolni ishdan bo‘shatganimiz yo‘q. O‘sha joyning o‘zi qisqarayapti, biz unga boshqa bo‘limlardan ish taklif qilayapmiz. Hech qanaqa ishdan ketadigan joyi yo‘q. O‘zi yo‘q deyapti, dedi Erkin Normurodov.

Uchquduq tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Gulruh Do‘stovaning nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani o‘rganib chiqilayotgani va bu ish yakuniga yetgandan so‘ng batafsil xabar berilishini aytdi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 103-moddasiga ko‘ra, moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lmagan shaxsga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida yashovchi 42 yashar Dilorom Ma’mirova ham 12 fevral kuni o‘z joniga qasd qilgan, ammo uning hayotini qo‘shnilari arang qutqarib qolgan edi. Mulozimlarning Ma’mirova va uning o‘nlab qo‘shnisidan “prezident sovg‘asi” deya tekinga berilgan uy uchun ijara puli talab qilishgani bu voqeaga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG