Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullaev “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgani to‘g‘risida O‘zA axborot agentligi xabar qildi.
Agentlikka ko‘ra, Ixtiyor Abdullaev mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgan omillar haqida ham gapirgan.
Ayrim beqaror qo‘shnilar, qaytayotgan jangarilar haqida:
“Ayrim bizga yaqin bo‘lgan davlatlardagi beqarorlik, terrorchilik harakatlarning faollashgani, jangarilar safida bo‘lgan hamyurtlarimizning qaytib kelishi, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarning ochilgani tufayli kirib kelayotgan odamlar ko‘paygani, ular orasida yomon niyatli kimsalar ham uchrayotgani, ular bilan diniy ekstremistik ruhdagi adabiyotlarning kirib kelayotgani ma’lum xavflar hamon mavjudligini ko‘rsatmoqda. E’tiqod erkinligini ayrimlar noto‘g‘ri tushunib, turli oqimlarga kirishga harakat qilayotganida namoyon bo‘lmoqda”.
Muxolifat haqida:
“O‘zini muxolifat sanab yurgan ayrim kuchlarning faollashuvi, faoliyatlarini qonuniylashtirishga intilayotgani zamirida mamlakatga kirib, undagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan harakat mavjud”.
Ekstremistlar ta’siriga tushayotgan muhojirlar va xavfli investitsiyalar haqida:
"O‘zbekistonning boshqa davlatlar hududida mehnat qilayotgan fuqarolari ko‘p hollarda turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushayotgani xavfli holatlardan biri. Xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan insvestitsiyalarning barchasini ham foydali, deb bo‘lmaydi. Bularning hech biri e’tiborimizdan chetda qolmasligi kerak".
DXX ning vazifalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullaev Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida qilgan chiqishida o‘zi boshqarayotgan idoraning vazifalari to‘g‘risida bunday dedi:
“Qonun asosida xizmat xodimlari mamlakatimiz konstitutsiyaviy tuzumi hududiy yaxlitligi, boshqaruv tizimidagi davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashadi. Yuqori lavozimdagi shaxslar, uyushgan jinoiy guruhlarning korrupsiyaviy harakatlari, noqonuniy davlat xaridlari, tizimli korrupsion jinoyatlarga barham berish, ularning oldini olish borasida izchil faoliyat yuritadi”.
29 mart kungi majlisida Oliy Majlis Senati “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi.
Bu qonun prezident Shavkat Mirziyoevning 14 mart kungi “O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Qonunda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Qonunga muvofiq¸ davlat chegaralarini qo‘riqlash¸ razvedka va kontrazvedka uchun mas’ul DXXga “terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish; davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish bo‘yicha faoliyat olib borish¸” vakolati ham berildi.
Yangi qonunda DXXga davlat idoralari¸ jamoatchilik tashkilotlari va tadbirkorlik faoliyatiga aralashish vakolati berilmagan.
Ayni paytda¸ qonunda DXX huzurida davlat xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi tizimlar ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatuvchi maslahat kengashi tuzish ko‘zda tutiladi.
Mazkur qonun prezident imzolagan kundan boshlab¸ kuchga kiradi.