Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 21:58

Senat to‘ylar haqidagi qarorni 15 iyundan keyin qabul qiladi


Oliy Majlis Senatining 29-30 mart kunlari bo‘lib o‘tgan 14- yalpi majlisida “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” hozirlangan qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

regulation.gov.uz saytida 15 martdan 25 martgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasi¸ dastlabki rejaga muvofiq¸ 14- sessiyada ko‘rib chiqilib¸ kuchga kirishi kutilayotgan edi.

Ammo Senat matbuot kotibi Muhammadjon Isomovning 4 aprel kuni Ozodlikka bildirishicha¸ bu masalaning ijtimoiy ahamiyati¸ loyiha haqida bildirilgan jiddiy e’tirozlardan kelib chiqib¸ loyiha muhokamasiga ajratilgan muhlatni uzaytirishga qaror qilingan:

- Muhokamalardan keyin yangi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra¸ yana ikki oy bu masala xalqimiz orasida muhokama qilinadigan bo‘ldi. Hamma viloyatlarimizdan¸ hamma mahalla¸ hamma tumanlarimizdan yana shu masalani yana jiddiy muhokama qilib xalq o‘rtasida¸ qishloqdan boshlab tumangacha¸ tumandan viloyatgacha shu takliflarni biz 15 iyungacha umumlashtirib¸ keyin muhokamaga qo‘yadigan bo‘ldik. Loyiha yana boyitiladi¸ konkret aniqlashtiriladi¸ dedi Oliy majlis Senati matbuot kotibi.

Isomovga ko‘ra¸ to‘y-hashamlar va boshqa ma’raka-marosimlar deyarli har bir o‘zbekistonlik hayotiga taalluqli bo‘lgani bois¸ o‘smirlardan tortib to keksalargacha bo‘lgan turli ijtimoiy qatlam vakillari¸ urf-odatlari farqlanuvchi har bir viloyat va tumanlar fikrlari o‘rganiladi¸ ular inobatga olinib¸ umumlashtirilib¸ yangi takliflar beriladi.

Senatorlar qaror loyihasini hozirlash bo‘yicha qaror chiqardi

14- yalpi majlisda senatorlar “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” qaror me’yorlarini jamoatchilik fikrini o‘rganib, ishlab chiqish uchun Respublika ishchi guruhi tuzilgani haqda Ozodlik avval xabar qilgan edi.

Senat rasmiysiga ko‘ra¸ 3 aprel kuni Ishchi guruhning birinchi majlisi o‘tkazilgan va unda san’atkorlar¸ soliqchilar va diniy xizmatchilar ishtirok etgan va ular loyiha bo‘yicha o‘z e’tirozlari va aniqlamalarini taklif qilgan.

“Bu fikrlar¸ qolaversa¸ o‘zbekistonliklar orasida so‘rov o‘tkazilib¸ to‘y-ma’rakalarni qanday tartibga solishga oid yakuniy qaror hozirlanadi. Bu xalqimiz kelajagi uchun juda muhim bo‘lgani uchun¸ shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmaslikka qaror qilindi”¸- deydi Senat rasmiysi.

“Ijtimoiy fikr” joriy oy mamlakat bo‘ylab so‘rov o‘tkazadi

O‘zbekistondagi yetakchi so‘rov markazi “Ijtimoiy fikr” markazining yetakchi tadqiqotchisi Marat Hojimuhammedovning Ozodlikka aytishicha¸ aprel oyining ikkinchi yarmida O‘zbekistonning butun viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda odamlarning to‘y-ma’rakalarni tartibga solishga oid fikr-mulohazalari o‘rganiladi:

- Bu yuzma-yuz suhbatlar bo‘ladi¸ unda jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olishga harakat qilamiz. Bugungi o‘zbek jamiyati oldingidan farqli¸ murakkab jamiyat va undagi qatlamlar ham turlicha. O‘zbekiston ko‘p millatlik¸ ko‘p konfessiyalik davlat. Milliy-diniy urf odat degan umumiy gaplar bilan qaror qabul qilib bo‘lmaydi. Ana shu qatlamlarning barchasini bu masalaga munosabatini o‘rganib¸ ularni umumlashtirib¸ xulosa chiqarish oson ish emas. Bunga vaqt kerak. Shuning uchun har bir o‘zbekistonlikning kundalik hayotiga bevosita tegishli bo‘ladigan bunaqa qaror chiqarishga shoshilish kerak emas¸ deydi Hojimuhammedov.

Ayni paytda bu sotsiolog¸ ko‘p millatli va ko‘p konfessiyalik¸ turli ijtimoiy-iqtisodiy qatlamlarga bo‘lingan murakkab jamiyatlarda ham hammaga birdek tatbiq etiladigan qoidalarni ishlab chiqish mumkinligini ta’kidlaydi.

E’tirozlar

15-25 mart kunlari hukumat rasmiy saytida muhokama qo‘yilgan Senat qarori loyihasiga 10 kun ichida 152 ta sharh yozilgan. Bu sharhlar orasida to‘y-ma’rakalarda spirtli ichimliklarni butunlay taqiqlashu to‘y qilishdan oldin shar’iy nikohdan o‘tishdan tortib¸ to‘yxonalarga videokamera qo‘yib¸ mehmonlarni sanovchi komissiyalar tuzishni talab qilishgacha bo‘lgan takliflar bor.

Ayni paytda¸ qaror loyihasiga huquqiy baho bergan jiddiy taklif va talablar ham bor.

Bunaqa qonun konstitutsiyaga xilof emasmi? Konstitutsiyaning 54- moddasida "Mulkdor o‘z mulkiga xohishicha egalik qiladi, tassarruf etadi va foydalanadi deyilgan." Agar bir kishi halol-pokiza ish bilan yaxshi pul orttirgan bo‘lsa, unga bu pulni o‘z qarindoshlariga ziyofat berish uchun ishlatishiga qarshilik qilish uchun bizning nima haqimiz bor? Bundan tashqari, O‘zbekistonda boshqa din vakillari xam yashaydi, ularga o‘z qoidalarimizni majburlab o‘tkazish tug‘ri emas.

Amaldorlarga nisbatan cheklovlar joriy etilishiga to‘liq qo‘shilaman, lekin tijorat izidan pul ishlab, soliqlarni to‘lagan kishilarga nisbatan ayni noinsoflikku bu? Sallani desa, kallani olish kerak emas. To‘ylarni kichikroq qilib o‘tkazishga TARG‘IB qilish kerak, ta’qiqlash emas.

Bu qonun qabul qilinsa, dunyoga sharmanda bo‘lamiz, xar bir ishni aql bilan qilish kerak. Kimga yoqadi to‘yiga formadagi posbon kelib, qarindoshlaringizni sanashi? Aynan korrupsiyani xosil qilmaydimi bunaqa qonun?

Men shaxsan dabdababozlik tarafdori emasman, lekin yana qaytaraman, bu ishni targ‘ibot-tashviqot orqali qilish kerak, bolta bilan emas. Shuning uchun men bu qonunga 100% QARShIMAN. Agar u qabul qilinsa, O‘zbekiston rivojiga va jamiyat sog‘ligiga salbiy ta’sir qiladi deb ishonaman va uni rad etishlarini iltimos qilaman”¸ deb yozgan loyihaga munosabat bildirgan Abdulla Baqoev.

O‘zbekistonda to‘y-ma’rakalarni tartibga solish urinishlari mustaqillikdan so‘ng boshlanganiga qaramay¸ hozirga qadar qilingan rasmiy urinishlar¸ qabul qilingan turli darajadagi qaror va me’yorlar natija bermay kelayotir.

Bu masalani joriy yilning 27 fevralidagi selektor majlisida kun tartibiga qo‘ygan prezident Shavkat Mirziyoev¸ "ertaga" amaldorlarning to‘y-hashamlarga borishini taqiqlovchi Senat qarori chiqishini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG