Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:52

Chirigan kartoshka sotishga majburlangaan doʻkonlar 3 000 000 soʻmdan zarar koʻrdi


"Namangan shahar oziq-ovqat agro-eksport" shirkati oʻziga qarashli oʻnga yaqin doʻkonning har biriga bir tonnadan chirigan kartoshka va ikki tonnadan aynigan piyoz sotish majburiyati yuklandi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan doʻkonchilar mahsulotlar chirigani bois, sota olmasdan zarar koʻrganligini aytishdi.

"Namangan shahar oziq-ovqat agro-eksport" shirkati vakillari esa, «doʻkonchilar bilan shartnoma tuzilgani va shu shartnoma asosida piyoz va kartoshka yetkazib berilganini» taʼkidlashdi.

Mavzuni oʻrganish jarayonida Ozodlik muxbiri mamlakat omborlarida «zaxira» sifatida saqlanayotgan kartoshka va piyozning kunlar isishi bilan chiriy boshlagani bois, darhol sotuvga chiqarilganini aniqladi.

"Namangan shahar oziq-ovqat agro-eksport" shirkati bazasida ishlovchi xodimning Ozodlikka aytishicha¸ «chirigan mahsulotlarni zudlik bilan sotib, oʻrniga tozasini qoʻyish jarayoni boshlangan».

Ozodlikning oʻrganishicha¸ chirigan kartoshka va piyozni baza rahbarlari maʼmuriy bosim bilan chakana savdo muassalariga oʻtkazmoqda.

"Namangandagi oziq-ovqat agro-eksport" shirkatiga qarashli doʻkon xodimining aytishicha¸ chirigan kartoshka va piyoz shirkat rahbariyati tarafidan majburan tarqatilgan:

“Agro-eksport" bizga majburlab kartoshka-piyoz sotasan, deb har bir doʻkonga 2 tonna piyoz, 1tonna kartoshka majburan berdi. Har bir doʻkon oʻrtacha uch million soʻmdan bir hafta ichida zarar koʻrdi. Endi esa boshliq zaxirada turgan va almashtirish kerak boʻlgan sifatsiz kartoshkalarini har bir doʻkonga majburlab yana bir tonnadan tarqatdi. Bizdan kartoshkani kilosiga 2500 soʻmdan pul oldi. Bergan kartoshkasi hozirgi kunda bozorda 1500 soʻmdan zoʻrgʻa sotilmoqda. Bu kartoshka sotilmay chirib bitdi. Har bir doʻkon yana bir milliondan zarar koʻrdi. Olmaymiz desak arizangni yoz, ishdan boʻsha deb poʻpisa qildi¸ qayerga murojat qilsang qilaver, deb tahdid qildi”, deydi namanganlik doʻkonchi.

Uning yana aytishicha¸ baza shartnomada belgilangan haridorgir un va yogʻ maxsulotlari oʻrniga ham chirigan kartoshka va piyoz bermoqda:

“Aslida biz xalqqa davlat tomonidan fiksirovanniy narx qoʻyilgan un va yogʻ mahsulotlarini sotishimiz kerak. Aholiga beriladigan un va yogʻ mahsulotlarini ham toʻligʻ bermaydi. Aslida biz biriktirilgan aholi puktidagi kishi boshiga 2kg dan un va yogʻ berishi kerak. Shu unni xam 1kg yoki 500 grammdan beradi. Qolgan qismini talab qilsak ishdan boʻshaysan deydi. Xatto oyligimizni ham biror marta bermagan. Baza hisobchisi har bir qop unga 2000-4000 soʻmdan ustama oladi¸ agar ustama bermasak mahsulot bermay qiynaydi. Yana har-hil yarmarka va chiqimlarga pul talab kiladi'¸- degan doʻkonchi oʻz soʻzlariga isbot sifatida hujjatlar toʻplami va fotosuratlarni Ozodlikka joʻnatdi.

Hujjatlarda kartoshka va piyozning narxi kilosi 2500 soʻmdan ekani (doʻkonchilarning aytishicha, bu bozor narxlaridan qimmat) va birinchi nav ekani yozilgan.

Doʻkonchi yuborgan fotosuratlarda qop-qop chirigan kartoshka va piyozlar aks etkan.

Ozodlik bu iddaolar ortidan "Namangan shaxar oziq-ovqat agro-eksport" shirkatiga qoʻngʻiroq qildi.

Oʻzini tanishtirmagan mulozim “Doʻkonchilar bilan tuzilgan shartnomaga koʻra kartoshka va piyoz yetkazib berilganligini” Ozodlik muxbiriga aytdi. U “Davlat zahirasida muddati tugayotgan kartoshka va piyozning chakana tarzda davlat doʻkonlari orqali sotilayotganligini” tasdiqladi. Unga koʻra¸ bu holat ham doʻkonchilar bilan tuzilgan shartnomada yozilgan. Ozodlikning “Chirigan kartoshka-piyoz” sotishga doʻkonchilar majburmi? degan savoliga mulozim “hech kim ularni majburlagani yoʻq”, deb javob berdi.

Toshkentda ham chirigan kartoshka sotilmoqda

Toshkentlik haridor Sergelidagi “Registon” supermaketidan kilosiga 4190 soʻm toʻlab olgan kartoshkaning ichi chirib ketganligidan Ozodlikka arz qildi. Xaridor oʻrtasidan kesilganida ichi chirib ketgani koʻrinib turgan kartoshka va toʻlov qogʻozi rasmini Ozodlikka yubordi.

“Registon” supermarketining Ozodlik suhbatlashgan maʼmuri “Davlat zahirasida turib qolgan kartoshka sotilayotganligini” maʼlum qildi.

- Xaridor kartoshkani oʻzi tanlab oladi. Kartoshkaning orasida bir ikkita chirigani borligini tan olamiz. Mahsulot Toshkent shahri hokimligining xalqni arzon kartoshka bilan taʼminlash maqsadidagi zaxira bazasidan keldi. Yoʻlda uringandir balki. Lekin agar toʻlov cheki saqlangan boʻlsa pulini qaytarib beramiz¸ yoki sifatli mahsulot bilan almashtirib beramiz¸ - dedi “Registon” supermarketining Ozodlik suhbatlashgan maʼmuri.

Ozodlik 5 aprel kuni Toshkent shahrida tumanidagi zahira qilingan va chirib ketish xavfi boʻlgan piyozning bepul tarqatilgani haqida yozgan edi.

Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati ”Tegishli mutasaddi idoralarning zaxiraga gʻamlangan piyozning sifati oʻzgarishi mumkinligi haqidagi xulosalarini inobatga olib, shuningdek ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish maqsadida” bepul tarqatilganligini 4 aprel kuni ochiqlagan edi.

"Namangan shaxar oziq-ovqat agro-eksport" shirkati vakili Ozodlik bilan 9 aprel kungi suhbatda “zaxiradagi kartoshkaga ham piyozning kuni tushganligini” aytdi.

XS
SM
MD
LG