Xitoydan tovar tashib, Toshkent bozorlarida sotuvchi ikki savdogar o‘tgan haftada Ozodlikka murojaat qilib, Xitoyning O‘zbekistondagi konsulligi viza berishni kechiktirayotgani, natijada ularning savdosida uzilishlar bo‘layotganidan shikoyat qildi.
Savdogarlarning aytishicha, Toshkentdan Xitoyning eng yirik shaharlariga bir haftada 4 marta uchadigan samolyotlardagi 1200 nafargacha yo‘lovchining 70-80 foizi, odatda, o‘zbekistonlik savdogarlar bo‘ladi.
Xitoy Xalq respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi mulozimi o‘zbekistonliklarga viza berish tartibiga hech qanday o‘zgartish kiritilmaganini bildirdi.
Xitoyga boruvchilar bilan bu mamlakat elchixonasi o‘rtasida viza masalasida vositachilik qiluvchi aviakassa xodimi viza berish keyingi oylarda kechiktirilayotganini tasdiqladi.
“10 yil oldin vizani 1 kunda olardik”
“Men Xitoyga 2008 yildan beri qatnayman. Tovar olib kelib sotaman. Yangi boshlaganimda oshib ketsa, 1 haftada chiqar edi viza. Hatto 1 kunda chiqqan kunlari ham bo‘lgan. Bu gal mana 1 oydan oshdi. Martning boshida topshirganman hujjatlarimni. Hanuz vizadan darak yo‘q”, - dedi Ozodlikka murojaat qilgan toshkentlik 35 yashar savdogar yigit.
Uning hamkasbi ham deyarli shunday gapni aytdi. Har ikkala savdogarning aytishicha, vizani vaqtida ololmagani uchun ularning savdosida uzilishlar bo‘lmoqda.
Elchixona mulozimi: Viza berish tartibiga o‘zgartish kiritilgani yo‘q
Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi mulozimi 10 aprel kuni Ozodlik muxbiri savoliga javoban viza berish tartibiga o‘zgartish kiritilmaganini bildirarkan, quyidagi ma’lumotni berdi:
- Viza so‘rab dushanba, chorshanba, juma kunlari soat 9 dan 12 gacha murojaat qilish mumkin, viza rasmiylarga TIV notasi mavjud taqdirda 1 kunda beriladi, diplomatlar vizani navbatsiz oladi, tadbirkorlar sayohat uyushtiruvchi shirkatlar orqali ham murojaat qilishi mumkin,- dedi Xitoy elchixonasi mulozimi.
Vositachi shirkat: Oldin 1 haftada keladigan taklifnoma endi 1 oyda ham kelmayapti
Ma’lum bo‘lishicha, Xitoy vizasini rasmiylashtirish bilan Toshkentdagi bir necha aviakassa ham shug‘ullanadi. Ulardan birining xodimi 10 aprel kuni Ozodlik savollariga javob berarkan, keyingi paytlar viza kechiktirilayotganini tasdiqladi.
“Tadbirkorlarga viza Xitoydan keladigan taklifnoma mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi. Ilgari, 5 – 6 oy oldin, taklifnoma bir haftaga qolmay kelar edi. Endilikda esa, 20 kun, 1 oy, ba’zida undan ham ko‘p muddatga cho‘zilib ketayapti. Taklifnoma kelsa, elchixona vizani 1 haftada beradi. Ya’ni vizaning kechikishi elchixonaga bog‘liq emas”, - dedi aviakassa xodimi. Uning aytishicha, har bir taklifnoma Xitoy tashqi ishlar vazirligi orqali o‘tadi.
Tilga olingan vazirlik bilan bog‘lanib, izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Taxmin va fakt
Vizani 1 oydan buyon kutayotgan savdogar yigit jarayonning cho‘zilib ketayotgani sababi to‘g‘risida fikr yuritar ekan, Istanbul, Stokholm, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlarda amalga oshirilgan terror hurujlarini nazarda tutib, “ayb o‘zbeklarning dunyo bo‘ylab qilgan rasvo ishlarida bo‘lsa kerak”, deb taxmin qildi.
Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi 2016 yilning avgusti oxirida o‘zbekistonliklarga individual viza berishni qo‘shni Qirg‘iziston poytaxtidagi Xitoy elchixonasi oldida sodir etilgan portlash ortidan to‘xtatib qo‘ygan edi.
2016 yil, 30 avgust kuni ertalab “Mitsibusi Delika” rusumidagi avtomashinaga mingan xudkush Xitoy elchixonasining zirhli darvozasiga mashinasini urib, portlashni amalga oshirgan va oqibatda bir odam nobud bo‘lgan¸ uch kishi jarohatlangan edi.
O‘tgan yili viza tartibi soddalashtirilgani xabar qilingan
2017 yil 1 avgustidan boshlab Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat yoki tijorat maqsadlarda boradigan o‘zbekistonliklar uchun viza olish tartibi soddalashtirilgani to‘g‘risida Ozodlik O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga tayanib xabar qilgan.
Vizadan hanuz darak yo‘q
Xitoy vizasini 1 oydan buyon kutayotgani to‘g‘risida o‘tgan haftada Ozodlikka xabar qilgan toshkentlik 35 yashar savdogar yigit bilan 10 aprel kuni yana bog‘landik. “Yo‘q, vizani hali berishgani yo‘q”, dedi u.