Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:47

Peugeotga ishga kirish uchun fransuz tilini o‘rganganlar "Yoshlar ittifoqi"dan xafa


Jizzaxda bir guruh kollej bitiruvchilari "Yoshlar ittifoqi"ning va’dalariga ishonib, viloyatda ishga tushirilajak Peugeot avtomobil zavodiga ishga kirish uchun yuz minglab so‘m to‘lab frantsuz tilini o‘rgangan

Lekin, uch oy o‘tib va’dalar yolg‘on bo‘lib chiqqan.

Yoshlar Ittifoqi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda kollej bitiruvchilariga fransuz tilini o‘rganish tavsiya etilgani, lekin ularga zavodda ish va’da qilinmaganini aytdi.

"O‘zavtosanoat" shirkati mulozimi esa, Peugeot avtomobil zavodida ishlash uchun fransuz tili asosiy talab emasligini bildirdi.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan jizzaxlik kollej birituvchisi, "Yoshlar Ittifoqi"ning va’dalariga uchib, Jizzaxdagi “Invi Study” til o‘rganish markazida oyiga 172 ming so‘m pul to‘lab fevraldan beri haftasiga 5 kun fransuz tili o‘rgangani, lekin puli va vaqti zoe ketganini aytdi.

- Yangi ochiladigan Peugeot avtomobil zavodiga masterlikka fransuz tilidan imtihon bo‘ladi, imtihondan o‘tganlar Fransiyaga ish o‘rgangani olib ketiladi, deb va’da berishgan. O‘shanda viloyatdan yuz kishi Fransiyaga olib ketilishi haqidagi va’dalarni o‘z qulog‘im bilan eshitdim. Biz ham shunga ishonib, ular aytgan til markaziga oyiga 172 ming so‘m pul to‘lab o‘qidik. Juda qimmat bo‘lsa ham shu pulni to‘ladik. Hozir hammamizning xafsalamiz pir. Ish ham yo‘q ekan, hozircha zavod ham yo‘q ekan, - dedi Ozodlik bilan suhbatda jizzaxlik kollej o‘quvchisi.

Jizzaxlik kollej birituvchisi, "Yoshlar Ittifoqi"ning va’dalariga uchib, “Invi Study” til o‘rganish markazida oyiga 172 ming so‘m pul to‘lab, fransuz tili o‘rgangan.
Jizzaxlik kollej birituvchisi, "Yoshlar Ittifoqi"ning va’dalariga uchib, “Invi Study” til o‘rganish markazida oyiga 172 ming so‘m pul to‘lab, fransuz tili o‘rgangan.

Yoshlar ittifoqining Jizzax bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hech kim kollej bitiruvchilariga Peugeot avtomobil zavodida ish va’da qilmaganini aytdi.

- Bizni Peugeot avtomobil zavodidagi o‘rinlarga ish va’da berishga haqqimiz yo‘q. Biz, shunchaki, yoshlarga chet tillarni o‘rganishni tavsiya qilyapmiz xolos. Bu yerda bo‘lgan uchrashuvlardan birida viloyatda Peugeot avtomobil zavodi ochilyapti, fransuz tilini o‘rgansangizlar, balki, shu zavodga ishga kirish imkoni bo‘lar, deb misol sifatida aytilgandi. Lekin, biz hech kimga ish bilan ta’minlashni va’da qilmaganmiz, - dedi Yoshlar ittifoqi mulozimi.

Ozodlik suhbatlashgan "O‘zavtosanoat" shirkati mulozimi esa Peugeot avtomobil zavodida ishlash uchun fransuz tilini bilish asosiy talab emasligini aytdi.

- Zavodda ishga olinganda qo‘lidan nima keladi? Mutaxassisligi nima? Qaysi soha bo‘yicha o‘qigan? Mana shu shartlar bo‘yicha qabul qilinishi mumkin. Til bilishi ham muhim, lekin bu asosiy talab emas, - dedi "O‘zavtosanoat" shirkati mulozimi.

Jizzaxdagi “Invi Study” til o‘rganish markazi o‘qituvchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda viloyatda Peugeot avtomobil zavodi ochilishi sababli frantsuz tilini o‘rganuvchilar ko‘payganini aytdi.

- Oldinlari qiziqish katta emas edi. Bu yildan juda ko‘p. Endi zavodga ishga kiradimi, kirmaydimi bahonada til o‘rganishyapti. Shuning o‘zi foyda, zarar emas. Zavodga kirmasa, boshqa joyga kirishi mumkin, - deydi jizzaxdik fransuz tili o‘qituvchisi.

O‘zbekistonda yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan Peugeot va Citroen rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqaruvchi zavod “Jizzax” erkin investitsiya hududida 2018 yilning 1 mayidan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani aytilgandi.

Keyinchalik zavodning ochilishi 2018 yilning dekabriga qoldirilgani bildirildi.

"O‘zavtosanoat" shirkatiga ko‘ra, Peugeot avtomobil zavodida 600ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Korxona yiliga 16 ming dona zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Mahsulot ichki bozordan tashqari yaqin va uzoq xorij davlatlariga ham eksport qilinadi.

"Korxonani loyihalashtirish Peugeot Citroen kompaniyasi injenerlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Kelajakda ishlab chiqarilayotgan mahsulotda mahalliylashtirish ulushini 50%ga yetkazish rejalashtirilmoqda", - deb bildirilgan "O‘zavtosanoat" shirkati rasmiy saytida.

XS
SM
MD
LG