1999 yilda 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, jazo o‘tayotgan paytda muddati yana 3 yilga uzaytirilgan, 16 aprelda qamoqdan ozod qilingan marg‘ilonlik Abdulla Madumarov 17 aprel tongida o‘z uyiga kirib keldi.
Abdullaning ukasi, 7 yilga qamalgan Hamidullo 2008 yili jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqqan, yana bir ukasi, dastlabki muddati va keyin qo‘shib berilganlari bilan 28,5 yilga qamalgan Xabibullo esa, hanuz jazo muddatini o‘tamoqda.
Deyarli bir xil – “diniy” - ayblovlar bilan har biri alohida qamalgan uch aka-uka marg‘ilonlik inson huquqlari himoyachisi Ahmadjon Madumarovning o‘g‘illaridir.
"Prezidentga rahmat!"
Ozodlik bog‘langan paytda o‘g‘lining qamoqdan chiqqanini qutlab kelgan qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, yor-birodarlari qurshovida bo‘lgan 72 yashar Ahmadjon Madumarov bunday dedi:
“Shu onda o‘ylayotgan o‘yim bitta - qamoqdan chiqqan farzandimning kelajagi, qamoqda qolayotgan Xabibullo o‘g‘limning ozodlikka chiqishi. Hozirgi prezidentimiz xalqni, fuqaroni o‘ylab, sobitqadamlik bilan odamlarning bag‘riga otalarini, bolalarini, erlarini qaytarayapti. Millatimizning baxt-saodati yo‘lida u kishining qilayotgan harakatlari bardavom bo‘lsin”,- dedi ota.
Ahmadjon Madumarovning 6 o‘g‘li bor. Ulardan 3 nafari 2000-yillar boshida birin-ketin qamalgan.
Uch aka-uka Jinoyat Kodeksining an’anaviy 159- moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244- moddasida (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib qamalgan.
Futbolchi Abdulla Madumarov, jazo muddati: 16+3=19 yil
1972 yilda tug‘ilgan, qamalgunicha Qirg‘izistondagi “Semetey” futbol klubi o‘yinchisi bo‘lgan Abdulla Ahmadjon Madumarovning 6 o‘g‘lidan biri, aka-ukalarning eng kattasidir.
Farg‘onalik inson huquqlari himoyachisi Abdusalom Ergashev Madumarovlar xonadoni ko‘rguliklaridan yaxshi xabardor.
Uning aytishicha, Abdulla 1999 yilgi portlashlardan keyingi qama-qamalar davomida qo‘lga olingan. Qirg‘izistondagi futbol klubi o‘yinchisi bo‘lgan Abdulla o‘sha paytda jamoasi bilan Bishkekdan Qizilqiya shahriga (Farg‘onaga yaqin shahar) bir oylik mashg‘ulotga kelgan va maxsus xizmat xodimlari uni o‘sha yerda qo‘lga olib, O‘zbekistonga olib kelgan.
Abdusalom Ergashevning aytishicha, Abdulla hamshahar ulfatlari bilan 2 marta birga osh yegan, keyinchalik ularning (ulfatlarning) “5 kishilik xalqalarga birlashgan xizbchilar ekanligi ma’lum bo‘ladi, oradan 2 yil o‘tgandan keyin ulardan biri qo‘lga tushadi va tergovchilar undan “kimlar bo‘lgan atrofingda”, deb so‘raganda Abdulla Madumarovni aytgan. Shu bahona Abdulla qamalib ketgan edi”.
Otasining aytishicha, sud Abdullani 2000 yili dastlab 18 yilga kesgan, keyin apellyatsiya sudi bu muddatni 2 yilga qisqartirib, 16 yilga tushirgan, jazo o‘tayotgan paytda 3 yil qo‘shib berilgan. Shunday qilib katta o‘g‘il 19 yillik muddatni to‘la o‘tadi. Abdullaning jazo muddati 16 aprel kuni yakuniga yetdi va qamoqdan chiqdi.
Tadbirkor Hamidillo Madumarov, jazo muddati 7 yil
Ahmadjon Madumarovning uchinchi o‘g‘li, 1974 yilda tug‘ilgan Hamidillo harbiy xizmatni Milliy xavfsizlik xizmati qo‘shinlarida o‘tagan.
Otasining aytishicha, o‘g‘li xizmatdan qaytib, yaqinlaridan birini ko‘rish uchun kasalxonaga borgan paytda qo‘lga olinadi va “cho‘ntagidan Xizb ut-Tahrirning varaqasi chiqib qoladi”. 2001 yili 7 yilga qamalgan Hamidillo jazo muddatini to‘liq o‘tab, 2008 yili ozodlikka chiqqan.
Injener Xabibullo Madumarov, jazo muddati: 9+3+16,5=28,5 yil
Abdusalom Ergashevning aytishicha, Ahmadjon Madumarovning Moskvada injener bo‘lib ishlayotgan ikkinchi o‘g‘li, 1980 yilda tug‘ilgan Xabibullo 2000 yili pasportini almashtirish uchun O‘zbekistonga keladi.
“Ramazon oyi. Marg‘ilon bozorida bir yosh yigitni quvib kelayotgan militsionerlar Xabibulloning oldiga kelganda yigitni tutib olib, uni kaltaklay boshlaydi. Moskvada ishlab yurgan oliy ma’lumotli injener yigit voqeaga jim qarab turolmay, aralashadi. Shunda militsionerlardan biri Xabibulloga musht otadi. Xabibullo ham mushtga musht bilan javob qaytaradi. Xodim prilavkaning tagiga kirib ketadi”, - deb hikoya qildi Abdusalom Ergashev.
Uning aytishicha, militsiya xodimlari yosh yigitning diniy varaqa tarqatayotganini ko‘rib qolib ta’qib qilgan. Militsiya xodimini urgani uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan Xabibulloning ham “cho‘ntagidan varaqa chiqadi”.
2000 yili 9 yilga qamalgan Xabibulloning jazo muddati qamoqxonada 3 martaga ortib ketdi.
“Xabibullo 2000 yilda 9 yilga qamalgan. 2008 yil, aprelda qamoqxona tartibini buzdi, deb 3 yil qo‘shib berilgan. Oradan 3 oy o‘tganidan keyin, yana bir jinoyat ishi qo‘zg‘ab, qamoqxona ichida diniy tashkilot tuzdi, deb yana 16,5 yilga qamadilar. 2010 yil iyunida yangi muddatining 1,5 yili o‘tganidan keyin, 17 yil qamoq jazo belgilashdi”,- dedi Ahmadjon Madumarov.
Qamoqxonaning Xabibullo bilan bog‘liq bu “arifmetikasini” tushunish qiyin bo‘ldi va Madumarovdan so‘radik:
- Jazo muddatlarini to‘liq o‘tasa, o‘g‘lingiz qachon ozodlikka chiqadi?
- 2027 yil iyunida chiqadi,- dedi Ahmadjon Madumarov.