Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:29

Jizzaxda bo‘rilar bir haftada 30ta qo‘yni bo‘g‘izladi


Bo‘rilar hujum qilib, qo‘y va otlarni bo‘g‘izlab ketyapti.
Bo‘rilar hujum qilib, qo‘y va otlarni bo‘g‘izlab ketyapti.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining tog‘li Qangli qishlog‘i vakillariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida bo‘rilar o‘ttizga yaqin qo‘yni bo‘g‘izlab ketgan. Ular tog‘li hududlarda bo‘rilar gala-gala bo‘lib, aholi chorvasiga hujum qilayotganidan odamlar o‘z uylaridan tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qolishganini aytadi.

Qangli qishlog‘ida yashovchi Sherqul akaning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimligi va militsiyasi bo‘rilar galasiga qarshi kurashish uchun deyarli hech narsa qilmayapti.

- Dalaga chiqishga ham qo‘rishyapti odamlar. Bo‘rilar hujum qilib, qo‘y va otlarni bo‘g‘izlab ketyapti. Uchastkavoylarga aytdik, ular yig‘ilib muhokama qilishyapti. Lekin bo‘rilar hujumi to‘xtamayapti-da, - deydi Sherqul aka.

Jizzax viloyati hokimligining ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimi bo‘rilar chorvaga hujum qilayotganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, yirtqich hayvonlarning qishloqlarda qarovsiz qolgan chorva mollariga hujum qilayotgani ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Ammo mulozim talofotlar ko‘lami borasida hozircha aniq raqamlar yo‘qligini ta’kidladi.

- Bo‘rilarning aholi chorvasiga hujum qilishi vaqti-vaqti bilan bo‘ladi. Ayniqsa bahor oylarida ko‘p bo‘ladi. Lekin talofotlar haqida aniq ma’lumot berolmayman. Buning uchun barcha qishloqlardan ma’lumotlarni yig‘ib chiqib, hisob-kitob qilishimiz kerak, - dedi u Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Jizzax viloyatining Sharaf Rashidov tumanidagi ichki ishlar xodimi esa bo‘rilar hujumiga qarshi hozir uchastka nozirlari oyoqqa turg‘izilganini bildirdi.

- Hozir uchastkavoylar joylarda bu masalani muhokama etyapti. Hujum bo‘lgan joylarda kuzatuv tashkil etildi, - dedi militsiya zobiti.

Qangli qishlog‘idagi cho‘ponlardan biri bo‘rilar soni so‘nggi yillarda ko‘payib ketganini aytdi

- O‘rmonda bo‘rilar uchun oziq-ovqat deyarli qolmagan. Shuning uchun bizni chorvaga hujum qilyapti. Bo‘rilar yo‘q qilinmasa, yaqin yillarda ular yana ko‘payib ketishi mumkin. Ular oldinlari otilar edi. Hozir hech kimning ishi yo‘q. Bu borishda bo‘ri ko‘payib, chorva boqa olmaydigan bo‘lib qolamiz, - dedi qanglilik cho‘pon.

Toshkentdagi "ALIVE PLANET" hayvonsevarlar jamiyati hodimasi Tatyana Novikova Ozodlik bilan suhbatda bo‘rilar otilishiga qarshi ekanini aytdi.

- Biz bo‘rilarning otib tashlanishiga qarshimiz. Chunki bu jonzot O‘zbekistonda qirilib ketayotgan hayvonlar sirasiga kiradi. Cho‘ponlarni tushunamiz. Lekin, cho‘ponlar qo‘y-echkisini bo‘rilarga em qilib qo‘yavermasin-da. Bo‘rilar hujumidan himoyalaydigan vositalar ko‘p. Qo‘ylarni himoyalash uchug bo‘rilarni otib tashlash noto‘g‘ri, - deydi Tatyana Novikova.

O‘zbekistonda bo‘rilarning chorvaga hujumi bundan oldin ham kuzatilgan.

O‘tgan yili Jizzaxning G‘allaorol va Forish tumanlarida bo‘ri va tulkilar ko‘paygani, bo‘rilar gala-gala bo‘lib, aholining qo‘y va otlariga hujum qilgani haqida Ozodlik xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG