Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:37

Muzokaralar bekor qilinishi ortidan Armanistonda namoyishlar qayta boshlandi


25 aprel kuni muxolifatchi Pashinyan tarafdorlari yana Yerevan markazida norozilik aksiyasini davom ettirdi.
25 aprel kuni muxolifatchi Pashinyan tarafdorlari yana Yerevan markazida norozilik aksiyasini davom ettirdi.

Armanistondagi norozilik namoyishlari tashkilotchisi bo‘lgan parlament deputati Nikol Pashinyan hukmron Respublika partiyasi bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralar bekor qilinishi ortidan mamlakat poytaxtida yana namoyishlar qayta boshladi.

25 aprel kuni boshlangan namoyishda minglab odam ishtirok etmoqda. Ularni nazorat qilib turish uchun politsiya safarbar qilindi.

Ikki kun avval 11 kun davom etgan norozilik aksiyalari ortidan sobiq prezident Serj Sargsyan bosh vazir lavozimidan ketgan edi.

24 aprel kuni Pashinyan jurnalistlarga bergan intervyusida Serj Sargsyanning Respublika partiyasi hukmronligi tugaganini ta’kidladi.

Namoyishlarga yetakchilik qilayotgan Pashinyan megafon orqali:

- Respublika partiyasi hukumatdan ketib, xalq g‘alabasini to‘la-to‘kis tan olishini talab qilamiz, - deya hayqirdi.

Pashinyan Sargsyan 23 aprel kuni iste’fo bergan bo‘lsa-da, respublikachilar o‘z vakolatlaridan voz kechishi kerakligini, aks holda Serj Sargsyan o‘z partiyasi orqali hukumatni boshqarishda davom etishini ta’kidladi.

Shuningdek, Pashinyan o‘zini qo‘llayotganlar Armaniston-Gruziya o‘rtasidagi chegarani to‘sib qo‘yganini aytdi.

Respublikachilar partiyasi muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga tayyor ekanligini , ammo ungacha hukumat tepasida qolishni istashini bildirgan.

Pashinyan esa partiya boshqaruvni zudlik bilan xalq nomzodiga berishi kerakligi aytmoqda. Muxolifatchi muvaqqat hukumatga Respublikachilar partiyasi yetakchilik qilishiga keskin qarshi. Siyosatchi muvaqqat bosh vazir rolini bajarishga o‘zi tayyor ekanligini izhor qildi.

25 aprel kuni namoyishchilar “Serj va Karen [Karapetyan] ketsin”, deya hayqirib, Pashinyan muvaqqat bosh vazir etib tayinlanishini talab qildi.

Joriy yilning 9 aprel kuni Serj Sargsyanning qarindoshi bo‘lmagan Armen Sarkisyan prezidentlik kursisiga o‘tirgan edi.

Prezident Sarkisyan 25 aprel kuni mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy bo‘hronni hal qilish uchun barcha taraflar bilan maslahatlashishini aytdi.

25 aprel kuni Yerevanda namoyishlar qayta jonlanar ekan, Ichki ishlar vazirligi shaharning turli burchagiga politsiya konvoylarini yubordi. Hozirda politsiya hukumat binolari atrofini, jumladan, Respublikachilar partiyasi ofisini qurshab olgan.

24 aprel kuni Pashinyan partiyani Sargsyan iste’fo berganidan keyin ham boshqaruvni saqlab qolishga urinishda aybladi.

Sargsyan 2008 yilda prezident etib saylangan edi. Ammo uning prezidentlik muddati joriy yilda tugadi va 9 aprel kuni Armen Sarkisyan prezidentlik kursisiga o‘tirdi.

Armaniston parlamenti 2015 yili o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohot ortidan parlament respublikasiga aylanmoqda. Natijada bosh vazir vakolatlari ko‘payib, prezident vakolatlari esa ozayadi.

2014 yilda Sargsyan Armaniston prezident boshqaruvi o‘rniga parlament boshqaruviga o‘tsa, bosh vazir bo‘lish uchun kurashmaslikni va’da qilgan edi. Ammo 17 aprelda parlament uni bosh vazir lavozimiga sayladi. Natijada mamlakatda yirik namoyishlar boshlanib, Serj Sargsyan bosh vazir lavozimidan ketdi.

Muxolifatchi Pashinyan 24 aprel kungi murojaatida:

- Bu partiya nomzodi bosh vazir etib tayinlanishiga rozi bo‘lmaymiz, ushbu korrupsion tizim davom etishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, - dedi.

Bu orada parlamentdagi boshqa partiyalar ham o‘z a’zolarini namoyishchilarni qo‘llashga, muvaqqat bosh vazir Karen Karapetyanni esa iste’fo berishga chorladi.

25 aprel kuni Pashinyan Karapetyan bilan hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish masalasini muhokama qilishi kerak edi, ammo Karapetyan Pashinyan talablariga rozi emasligini aytib, muzokaralarni bekor qildi. Xususan, muvaqqat bosh vazir Pashinyan bir tomonlama tartibda yangi talablarni o‘rtaga qo‘ygani uchun u bilan uchrashilmasligini bildirdi.

Bunga javoban Pashinyan:

- Agar biz Serj Sargsyanni iste’foga chiqishga majbur qila olgan bo‘lsak, ishonchimiz komili, hukmron partiyani ham xalq irodasiga bo‘ysunishga majburlay olamiz. Aks holda¸ namoyishlarimizni yanada kattaroq ko‘lamda davom ettiramiz, - dedi.

Bu orada AQSh hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatdagi siyosiy mojaroni tugatish uchun dialog lozimligini bildirdi.

25 aprel kuni Armaniston inqilobiy federatsiyasi Respublikachilar partiyasi boshchilik qilib kelgan hukmron koalitsiya tarkibidan chiqqanini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG