Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:59

Tojikiston banklarida AQSh dollari taqchillashib, narxi keskin oshib ketdi


Shu kunlarda Tojikiston milliy puli qadrsizlanib, "qora bozorda" 1 AQSh dollari 9 somoniy 20 diramga tenglashdi. 2 hafta oldin 1 dollar 8,8 somoniyga teng edi.

Tahlilchilar bunday vaziyat sababini Rossiya rubli qadrsizlanishi bilan izohlamoqda va bu holat muhojirlar yuboradigan pullarga ta’sir ko‘rsatganini aytmoqda.

Tojikistonlik tadbirkor Solihjon Nasriddinov xorijdan qurilish mahsulotlari olib keladi. Uning aytishicha, oxirgi ikki hafta davomida banklardan dollar sotib olish juda qiyinlashgan.

“Ba’zi banklardan faqat 100 yoki 200 dollar sotib olish mumkin. Ammo ko‘p banklar “bizda dollar yo‘q”, deydi. Hayronman, tijorat uchun qaerdan dollar sotib olish mumkin,”- dedi Solihjon Nasriddinov.

"Qora bozorda" 1 AQSh dollari 9 somoniy 20 diramga teng bo‘lib turgan bir paytda Tojikiston banklarida 1 dollar narxi 8 somoni 88 diram qilib ko‘rsatilgan. Aprel boshida dollar 6 diramga arzon edi.

Tojikiston qonunchiligida “qora bozor”da xorijiy valyuta oldi-sotdisi uchun juda katta jarima va hatto qamoq jazosi belgilangan.

Moliya masalalari bo‘yicha tahlilchi Mehribon Burhonovning fikricha, Tojikistonda dollar va yevro narxlarining ko‘tarilishiga Rossiya rubli qadrining birdan pasayishi sabab bo‘lgan.

“Odatda, tojik muhojirlari Rossiyadan vatanga rubl yoki dollar yuboradilar. Rossiyada dollar qadri izchil o‘​sib ketgani bois, muhojirlar uchun qimmat dollarni sotib olish og‘irlashgan. Buning ustiga rublning narxi Tojikistonda pasayib ketdi. Bunday vaziyatdan Tojikistondagi muhojirlar oilalari zarar ko‘​rmoqda”,- ‘dedi Mehribon Burhonov.

Dushanbelik Barno Umarova bu fikrni tasdiqladi.

“Haqiqatdan ham rublning narxi pasayishidan aholi zarar ko‘​rmoqda. Masalan, o‘​tgan oy 1000 rublning narxi Dushanbeda 150 somoniy edi. Hozir 140 somoniy. Ya’ni, 10 000 rubldan biz 100 somoniy yoki 12 dollar miqdorda zarar ko‘​ripmiz”,- dedi Barno Umarova.

So‘nggi ikki yil ichida Tojikiston milliy valyutasi - somoniyning tez sur’atda qadrsizlanishi kuzatildi.

Naqd valyutaning taqchillashuvi ortidan Milliy bank barcha sarroflik maskanlarini yopishga qaror qildi.

Endilikda Tojikistonda fuqarolarga xorij valyutasini mamlakatning yirik banklaridagi valyuta ayirboshlash shaxobchalarida qora bozordagidan ancha past kurs bilan almashtirish taklif qilinmoqda.

Tahlilchilar fikricha, ikki yil oldin Tojikistonda sarroflik maskanlarida xohlagan miqdorda valyutani cheksiz miqdorda sotib olish mumkin edi. Valyuta almashish amaliyotini banklar o‘z bo‘yniga olishi ketidan xorijiy valyuta birdaniga taqchillashgan.

O‘zbekiston va xalqaro hayotga oid eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli foto-video tasvirlarni Ozodlikning Instagram sahifasida kuzating!

XS
SM
MD
LG