O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor G‘afur Rahimov Vashington va Londondagi advokatlaridan o‘ziga qo‘yilgan sanksiyani qayta ko‘rib chiqish talabi bilan AQSh Moliya vazirligiga murojaat qilishni so‘radi.
Bu haqda G‘afur Rahimov muvaqqat prezidenti bo‘lgan AIBA - Xalqaro boks assotsiatsiyasi o‘z rasmiy saytida e’lon qildi.
AIBA bayonotiga ko‘ra, G‘afur Rahimov Vashington va Londondagi advokatlaridan sanksiya qo‘llanilgan maxsus shaxs va guruhlar ro‘yxatidan o‘z nomini olib tashlash uchun chet el aktivlarini boshqarish bo‘yicha AQSh Ofisiga (OFAC) murojaat qilishni so‘ragan.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda jumladan:
“Bu janob Rahimovning o‘z nomi va obro‘sini ommaviy axborot vositalaridagi asossiz ayblovlardan tozalashga qaratilgan shaxdam qadamlaridan biridir. Janob Rahimov o‘z bayonotida ommaviy axborot vositalarida uning jinoiy uyushmalar bilan aloqalari borligi haqidagi xabarlar asossiz ekanini isbotlaydigan eng yaxshi huquqshunoslarning xizmatlarini saqlab qolganini aytadi”¸ deyiladi.
Rahimovning advokatlariga ko‘ra, o‘zlarining mijoziga qarshi “o‘z vaqtida siyosiy ta’qiblar ham uyushtirilgan”.
Bayonotda G‘afur Rahimovning quyidagi so‘zlari keltirilgan:
“Men hech qachon uyushgan jinoiy guruh bilan aloqador bo‘lmaganman hamda men hech qachon hech qanday jinoyatlarda ayblanmaganman. AQSh Moliya vazirligi bosimi davom etayotgan bo‘lsada, men AIBA boshqaruvi va moliyaviy barqarorligini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarimni davom ettiraman. Men boksni yaxshi ko‘raman. AIBA har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tadi va menga qarshi asossiz ayblovlarga qaramay, hayotimni sportga bag‘ishlashda davom etaman”.
G‘afur Rahimov AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga ilk bor 2012 yilning 23 fevral kuni "Yevroosiyodagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.
"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida 2013 yil 30 oktabrida e’lon qilgan hujjat matnida.
Ayni shu sanada AQSh Moliya vazirligi G‘afur Rahimovga aloqador deb ko‘rilgan yana olti shaxs va to‘rt shirkatga nisbatan jazo choralari joriy qilgan edi.
Bu ro‘yxatga nomlari kiritilgan shaxs va shirkatlarning AQSh banklaridagi hisoblarini muzlatilgan va AQSh fuqarolarining ular bilan har qanday hamkorligi taqiqlangan.