Линклар

Шошилинч хабар
15 сентябр 2024, Тошкент вақти: 08:18

AQShdan boshpana so‘rayotgan rossiyaliklar soni rekord darajaga yetdi


AQSh vizasi olishga hujjat topshirish uchun Moskvadagi Amerika elchixonasi oldida navbat kutayotgan rossiyaliklar.
AQSh vizasi olishga hujjat topshirish uchun Moskvadagi Amerika elchixonasi oldida navbat kutayotgan rossiyaliklar.

2017 yili Amerika Qo‘shma Shtatlaridan boshpana so‘rab ariza bergan Rossiya vatandoshlari soni so‘nggi 24 yil ichida keskin oshib ketdi va 2016 yilgiga nisbatan qariyb 40 foiz oshdi.

Bunday ariza beruvchilar soni Vladimir Putin 2012 yili Kremlga yana prezident sifatida qaytgandan beri yildan-yilga oshib bormoqda.

AQSh hokimiyat idoralari 30 sentabrda tugallangan moliyaviy yil davomida Rossiya fuqarolaridan 2664 ta yangi ariza olgan va bu 2016 yilga nisbatan 39 foiz ko‘pdir.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi AQSh Vatandoshligi va immigratsiya xizmatlarining (USCIS) hali ommaga oshkor qilinmagan 2017 yilgi statistika ma’lumotlarini qo‘lga kiritdi.

Bu hujjatlardan ko‘rilishicha¸ arizalar soni 2017 yili 2012 yilgidan ikki barobardan ham ko‘p bo‘lgan. O‘sha yili Putin bosh vazirlikdan uchinchi muddatga prezidentlikka qaytgan edi.

Bu ko‘rsatkich¸ Sovet Ittifoqi parchalangandan keyingi dastlabki yillarda boshpana so‘rab berilgan arizalardan ham oshgan. Masalan¸ 1994 yili AQShga ko‘chib ketish uchun ariza bergan rossiyaliklar soni 2127 ni tashkil etgan.

Tanqidchilar Putinni hurfikrlilar, jumladan, siyosiy muxolifat, Kremlning yo‘rig‘iga yurmayotgan tadbirkorlar va jinsiy ozchilikning siquvga olinayotganini jim kuzatib turganlikda ayblamoqda. Kreml bunday ayblovlarni rad etib keladi.

USCIS statistika ma’lumotlarida boshpana so‘rash sabablari ko‘rsatilmagan, ammo arizasi qanoatlantirilganlar “irqi, dini, millati, biror ijtimoiy guruhga a’zoligi yoki siyosiy qarashlariga ko‘ra” o‘z mamlakatida “ta’qib qilingani yoki ta’qib qilinishdan qo‘rqqani”ni aytmoqda.

Inson huquqlari himoyachilari va immigratsiya masalalari bo‘yicha advokatlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘rab murojaat qilayotganlar soni ortishiga qisman 2013 yili Rossiyada jinsiy ozchilikka oid qabul qilingan qonun ham sababchidir.

“Ketishim kerak edi”

Yoshi 30 larda bo‘lgan rus millatiga mansub gey Vlad Ozod Yevropa/Ozodlik muxbiri bilan suhbatda, “erkinroq yashash mumkin bo‘lgan” biror joyga ko‘chishni ko‘zlayotganini aytadi. Unga advokat AQShdan boshpana so‘rashni maslahat bergan.

O‘tgan yili Rossiya janubida joylashgan va asosan musulmonlar istiqomat qiluvchi Chechenistonda geylar qiynoqqa solinayotgani va o‘ldirilayotgani haqida xabarlar tarqalgach, Kanada bilan Yevropaning bir qancha mamlakatlari ularga boshpana bera boshladi.

Pora bermagani uchun siyosiy ayb taqash

Rossiyalik tadbirkorlar ham Qo‘shma Shtatlardan siyosiy boshpana olish yo‘llarini qidirmoqda. AQSh advokatlariga ko‘ra¸ bundaylar ham Rossiya hokimiyat idoralarining o‘zlariga bosim o‘tkazayotganini iddao qilmqoda.

Nyu-York shahrida istiqomat qiluvchi advokat Boris Palant fikricha, Rossiyada “to‘qib bichilgan jinoiy ish orqali ta’qib qilish” ko‘pchilikning xoirj¸ xususan¸ AQShdan boshpana so‘rab ariza berishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayrim boshpana so‘rovchilar Rossiya hokimiyat idoralari o‘zini hukumatga qarshi faoliyat yuritganlikda ayblayotgani¸ aslida pora bermagani uchun siyosiy bosimga uchrayotganini aytmoqda.

“Yashirin” migratsiya

Qo‘shma Shtatlardan boshpana olish uchun 2017 yili kelib tushgan 2664 ta ariza 2012 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 268 foizga ko‘p bo‘lsa-da¸ bu 144 millionlik Rossiya aholisining arzimas qismini tashkil qiladi.

Germaniyani hisobga olmaganda, Qo‘shma Shtatlar 2017 yildagi birinchi marta boshpana so‘rab berilgan arizalar soni bo‘yicha Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan oldinda. 2017 yilgi YeI immigratsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya 12 600 ta ilk marta boshpana so‘rab berilgan arizadan 4885 tasini qanoatlantirgan.

Germaniyadan boshpana so‘rab ariza berganlarning taxminan 90 foizi Rossiyadagi etnik chechenlardir.

Rossiya prezidenti huzuridagi Milliy iqtisodiyot va davlat boshqaruvi akademiyasi tadqiqotchilari yanvar oyida e’lon qilgan tadqiqotda aytilishicha, so‘nggi yillarda 100 000 dan oshiq rossiyalik vatandan tashqariga chiqib ketgan. Ularning 40 foizdan oshig‘i oliy ma’lumotlilardir.

XS
SM
MD
LG