O‘zbekistonda 2018 yilgi haj safari sarf-harajatlari 38 mln. so‘m qilib belgilandi. Bu o‘tgan yilgidan 14 mln. so‘mga ko‘pdir.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu o‘sishni safar davomida hojilarga ko‘rsatiladigan xizmatlarning “eng yuqori darajada ekanligi” hamda xorijiy valyutalarning erkin konvertatsiya qilinayotgani bilan izohladi.
Ayni paytda qo‘shni davlat hojilari safar uchun o‘zbekistonliklardan taqriban 40 foiz oz pul to‘lamoqda.
“2018 yilgi Haj mavsumi uchun sarf xarajatlari eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni e’tiborga olgan holda hamda Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan 38 000 000 so‘m etib belgilandi. Bunda albatta O‘zbekiston Respublikasida xorijiy valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi ham e’tiborga olingan”.
"Onam pensiyasidan 8 yil yiqqan pul hajga yetmayapti"
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati bu xabarni e’lon qilganidan buyon o‘tgan qariyb bir oy ichida Ozodlikka narx oshib ketganidan norozilik bitilgan qator shikoyatlar keldi.
Ulardan biri budir:
“Assalomu alaykum, Toshkent tumanidan murojaat qilyapmiz, haj safari miqdori 38 mln. deb e’lon kilingan ekan. Onam haj farzini ado qilishni niyat qilib 8 yildan beri nafaqalarini yig‘ib keladilar. 3 yildan beri navbatlari surilib keldi. Endi bu yil nasib bo‘lganda to‘lov narxi balandlab ketibdi. O‘tgan yili 25 mln. atrofida bo‘lgan ekan. Bu yilgisi ancha baland, ko‘pchilik ziyoratchilarning boshi garang bo‘lsa kerak”.
"Kurs boshqa edi"
“Hojilar ellikboshisi” atalmish andijonlik hojiboshilardan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik hojilardan haj puli avvalgi yillarda "dollarning davlat kursiga chaqib olinganini", u vaqtlarda esa, davlat kursi hozirgidan ikki barobar past bo‘lgani uchun haj narxi qimmat ko‘rinmaganligini tushuntirgan bo‘ldi.
"Lekin ko‘rsatiladigan xizmatlar zo‘r"
Andijonlik hojiboshi o‘zbekistonlik hojilar uchun safar boshlanishi, davomi va adog‘ida "eng yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini" maqtanib aytdi.
Ismi sir tutilishi sharti bilan gaplashgan hojiboshining aytishicha, o‘zbekistonlik hojilar safar oldidan ehrom sotib olish, do‘xtirdan o‘tish, suratga tushish uchungina o‘z cho‘ntagidan pul to‘laydi.
Safar uchun to‘laydigan puli (bu yil 38 000 000 so‘m = 4708 dollar) evaziga esa, quyidagi ashyolar bilan ta’minlanadi:
barcha hojilar uchun bir xil kiyim-bosh; sumka; safar bilan bog‘liq kerakli ma’lumotlar bitilgan kitob va disk.
Hojilarga quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
qaysi tumanda yashamasin, Toshkent aeroportigacha transport xizmati; Saudiyagacha va ortga samolyotda parvoz; mehmonxonada joy; mehmonxonada 3 mahal ovqat; do‘xtir xizmati; Makka va Madinada avtobus xizmati.
Qirg‘izistonlik hoji necha pul to‘laydi?
Qirg‘izistonlik 64 yashar Dadaxon Umarxonov Ozodlikka bu yil hajga bormoqchi ekanligi va safar pulini to‘lab qo‘yganini aytdi. Bo‘lajak hojining aytishicha, 2890 AQSh dollari va 1000 qirg‘iz so‘mi (taqriban 14 dollar), hammasi bo‘lib 2904 dollar to‘lagan.
- Dastlab, xohlovchilar ro‘yxatiga yozilayotganimizda 500 dollar to‘ladim, keyin hammasini to‘lang, deyishganda 2390 dollaru 1000 qirg‘iz so‘mi to‘ladim. Hammasi 2904 dollar bo‘ldi,- dedi o‘shlik Dadaxon Umarxonov.
Bo‘lajak hojining aytishicha, u to‘lagan puli evaziga qanday xizmatlar ko‘rsatilishini, safar necha kun davom etishini bilmaydi. Bu xususdagi savolga u “Shuni so‘ramabman, hamma bir oyga yaqin bo‘ladiyu Makkada, biz ham shuncha bo‘lsak kerak-da...”, deb javob berdi.
Qirg‘izistonlik hojiga ko‘rsatiladigan xizmatlar
Boshqa bir o‘shlik 2016 yili haj qilgan. O‘zini Ismoiljon hoji, deb tanishtirgan bu suhbatdoshimizning aytishicha, ikki yil oldin u safar uchun 2650 dollar to‘lagan. Safar davomida hojilarga ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risida Ismoiljon hoji bularni aytdi:
- Bergan pulimiz hisobida samolyot haqi, uch mahal issiq ovqat, mehmonxona bor. Mehmonxonadagi eng katta xonada biz – 7 kishi yotdik. Odatda 2 va 4 kishilik xonalar,- dedi o‘zlik hoji.
Andijonlik hojiboshi ham mehmonxonalar to‘g‘risida xuddi shunday gapni aytgan edi. Ya’ni o‘zbekistonlik hojilar ham 2 yoki 4 kishilik xonalarda yashagan.
Oradagi deyarli yagona tafovut
Andijonlik hojiboshining aytishicha, o‘zbekistonlik hoji to‘laydigan puldan uning nomidan so‘yiladigan qurbonlikka ham sarflanadiki,, ikki qo‘shni mamlakat hojilarining sarf-harajatlari orasidagi deyarli yagona farq shunda ko‘rindi.
- Qurbonlikka alohida pul to‘ladik, - dedi Ismoiljon hoji.
Qolgan narsalarda farq deyarli ko‘rinmadi:
- Bir xilda kiyim ham berishdi – qirg‘izistonlik hamma hojilarning kiyimi bir xilda bo‘ldi. O‘sha pulning ichida. Kitoblar ham berishdi. Bergan pulimizning hisobidan, - dedi qirg‘izistonlik Ismoiljon hoji.
Nima uchun tafovut deyarli $2000?
O‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik hojilarga safar uchun to‘lagan pullari evaziga beriladigan ashyolar va ko‘rsatiladigan xizmatlar deyarli bir xil ekan, nima uchun safar narxidagi tafovut bu qadar katta? (Oradagi farq 1819 dollar)
Bu savolni berish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning aynan haj masalalari bo‘yicha mutaxassislari bilan bog‘landik.
Har ikkala idora vakillari “haj narxi”, degan iborani eshitishi bilanoq, xushmuomalalik bilan “xat orqali rasman murojaat” qilishni tavsiya qildi va telefonni qo‘yib qo‘ydi.
Rossiyada qanday?
Qiyoslash uchun yana bir ma’lumot. Haj safarini uyushtirish bilan shug‘ullanuvchi Rossiyadagi tashkilotlardan biri o‘zining rasmiy saytida quyidagi narxlarni e’lon qilgan:
Ekonom klass: safar 20 kundan 25 kungacha, narxi 2600 dollar.
Komfort klass: safar 20 kundan 25 kungacha, narxi 3900 dollar.
Lyuks klass: safar 13 kundan 16 kungacha, narxi 6200 dollar.
Pensiyasini 8 yil yiqqan ona hajga boradigan bo‘ldi
Maqolani tayyorlash jarayonida Toshkent tumanidan kelgan xat muallifi bilan bog‘landik.
- Pulni to‘ladik, 38 millionni. Onam hajga boradigan bo‘ldilar, masala hal bo‘ldi,- dedi xat muallifi.