Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 01:27

UzBack to USSR? Xotira va qadrlash kuni yana "Den pobedi"ga aylanmoqda (VIDEO)


2018 yilgi 9 mayga bag‘ishlangan tadbirlar manzarasidan bir shingil.
2018 yilgi 9 mayga bag‘ishlangan tadbirlar manzarasidan bir shingil.

Ayni kunlarda O‘zbekiston poytaxti¸ shuningdek respublikaning boshqa shaharlarida 9 mayga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar qizg‘in pallaga kirdi.

1999 yildan rasman Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlab kelingan 9 mayning ayrim vazirliklar tashabbusi bilan yana eski Sovet va bugungi Rossiya uslubidagi G‘alaba bayramiga aylanayotgani o‘zbekistonlik ayrim ziyolilarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bunday e’tirozlarga javob berishga uringan Toshkent rasmiylari¸ o‘z tashabbus va dasturlari prezident Shavkat Mirziyoevning 9 mayni nishonlashga oid farmoni doirasida o‘tkazilayotganini iddao qildilar.

"9 may - O‘zbekiston erkinligi va tinchligi uchun kurashganlar eslanadigan kun!"

1999 yilning 2 mart kuni mustaqil O‘zbekistonning 1-prezidenti Islom Karimov imzolagan 2243-sonli farmonga muvofiq¸ 9 may mamlakatda Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanadi.

Qariyb 20 yil oldingi farmonda 9 mayning nafaqat “Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo‘lganlar”¸ balki “mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan O‘zbekistonning barcha o‘g‘lonlari xotirasini abadiylashtirish” va ular “hurmatini joyiga qo‘yish" maqsadida Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilingani ta’kidlangan.

Bu farmondan so‘ng Toshkent xokimligi e’lon qilgan (va hozirgacha hokimlik saytida saqlanayotgan -tahr.) rasmiy bayonotda mazkur sanaga shunday ta’rif berilgan (imlo va stilistika saqlab qolindi):

Xotira va qadrlash tushunchasi chuqur ma’noga egadir. Ushbu kunda fashizmga qarshi kurashishlarda qatnashgan, o‘z Vatanini himoya qilishda joniga fido qilgan, shuningdek To‘maris, Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Nadjmiddin Kubro, Namaz-batir kabi qaxramonlar va asrlar davomida xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan Kadiri, Bexbudi, Munavvar-kari, Cho‘lpon, Avloni, Fitrat, Usmon Nasoir kabi milliy qaxramonlarimizni ruxini shod etib eslash ham farz ham qarzdur. Insoniyat ikkinchi jaxon urushida katnashgan, bu ayovsiz jangu jadalda kaxramonlarcha xalok bulganlar xotirasini aslo unutmaydi”, deb yozgan edi Toshkent shahar hokimligi bundan 20 yilcha muqaddam.

Shu tarzda¸ SSSR paytida "Ulug‘ vatan urushi" tugagan¸ SSSR fashistlar ustidan g‘alaba qozongan kun sifatida harbiy parad va ulkan tantana bilan nishonlanib kelingan 9 may¸ Karimov O‘zbekistonida sovet an’analaridan farqli tarzda nishonlanadigan bayramga aylandi.

Harbiy parad va orkestrlar shovqini o‘rnini 9 may kuni O‘zbekistonda jimgina qilingan tilovatlar - yaqin va uzoqda o‘tganlar qabrini ziyorat qilish¸ ular xotirasini yodga olish¸ nafaqat urush veteranlari¸ balki barcha keksalarga alohida hurmat ko‘rsatish an’anasi egalladi.

Bu o‘zgarish O‘zbekistonning sovet ramzlari va an’analaridan uzoqlashish¸ o‘z milliy va diniy an’analariga qaytishi sifatida talqin etildi va olqishlandi.

Ammo 2018 yilgi Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekiston¸ xususan¸ poytaxt Toshkent ko‘chalariga yana SSSR bayroqlari¸ SSSR gimni va orkestr jo‘rligidagi "Katyusha" va boshqa qo‘shiqlar¸ Georgiy lentalari ochiqchasiga qayta boshlagani ko‘rilmoqda.

Mudofaa vazirligi Xotira kunini yana parad va Katyushaga qaytarmoqdami?

Garchi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Islom Karimov davrida ham Georgiy lentalari tarqatishga¸ “O‘lmas polk” tadbirlarini o‘tkazishga urinib kelgan bo‘lsa-da¸ Toshkent hukumati bunday tadbirlardan o‘zini ochiqchasiga uzoq tutib kelgan edi.

Ammo 2018 yilga kelib¸ O‘zbekistondagi qator vazirliklar bunday tadbirlarning tashabbuschi va ijrosiga aylandi.

Xususan¸ 25 aprel kuni Toshkent metrosida Mudofaa vazirligining Ashula va raqs ansambli SSSR¸ xususan¸ SSSRning Ulug‘ vatan urushi ramzlaridan biriga aylangan "Katyusha" va "Den pobedi" qo‘shiqlarini to‘rt soat davomida bekatma-bekat¸ vagonma-vagon yurib kuyladi va raqsga tushdi. Metrodagi eng tig‘iz payt – soat 16 dan 20 gacha bo‘lgan soatlarda o‘tkazilgan bu tadbir¸ aksar mahalliy nashrlar tomonidan “iliq kutib olindi”.

Shu kundan boshlab Mudofaa vazirligi qo‘shiqchi va raqqosalari Toshkent shahridagi urush veteranlari yashovchi xonadonlarga borib¸ularga ham urush davri qo‘shiqlari¸ xususan¸ "Den pobedi"ni aytib¸ o‘ynab berishdi.

Rasmiylar¸ sovetcha ruhdagi bu tadbirlarning “o‘z Vatanini himoya qilishda jonini fido qilgan To‘maris, va Shiroqlardan sovetlar tomonidan qirg‘in qilingan Qodiriy, Behbudiy, Munavvar qori, Cho‘lpon, Avloniy, Fitrat, Usmon Nosir kabi milliy qahramonlar” ruhini shod etishga qanday aloqasi borligi haqida hech kimga izoh bermadi.

Toshkentdan to Samarqandga qadar SSSR bayroqlari hilpiradi

29 aprel kuni “G‘alaba – hamma uchun bitta” deb nomlangan Rossiya avtokarvoni shovqin-suron bilan Toshkent markaziga kirib keldi.

7 aprel kuni Rossiyaning Nijnevartovsk shahridan Samarqandga yo‘l olgan “Pobeda” rusumli Rossiya mashinalari karvoni “Birodarlar qabri” memorial majmuasida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi va o‘zbek rasmiylari tomonidan qarshi olindi.

Eshik-derazalariga SSSR bayroqlari yopishtirilgan “Pobeda”larda kelganlar qarshisiga Toshkentda SSSR bayrog‘ini ko‘targanlar chiqdi.

Rossiya elchixonasi tomonidan Toshkent markazida 29 aprel kuni o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarining SSSR bayrog‘ini ko‘targani¸ Rossiyaning O‘zbekistondagi ilmiy-madaniy markazi saytidan olindi.
Rossiya elchixonasi tomonidan Toshkent markazida 29 aprel kuni o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarining SSSR bayrog‘ini ko‘targani¸ Rossiyaning O‘zbekistondagi ilmiy-madaniy markazi saytidan olindi.

SSSR ramzlariga to‘lib-toshgan bu karvon 1 may kuni Samarqandga kirib bordi.

Bu tadbirlar barobarida¸ Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida joylashgan Rossotrudnichestvo vakolatxonasi 9 may arafasida Georgiy lentalarini tarqatishga kirishdi.

1769 yili Rossiya qirolichasi Yekaterina II tomonidan imperiyaning eng oliy harbiy unvoni sifatida ta’sis etilgan Georgiy lentasi Rossiya imperiyasining qudrati ramzi sanaladi. 2005 yildan boshlab Rossiyada bu ramz Ulug‘ vatan urushida qozonilgan buyuk g‘alaba ramzi sifatida qaytadan muomalaga kiritildi. Bu ramzni qolgan dunyo¸ ayniqsa¸ sobiq SSSR hududlarida tarqatish uchun davlat byudjetidan Rossotrudnichestvo¸ bu tizim orqali esa xorijdagi Rossiya elchixonalari huzuridagi madaniy markazlarga maxsus mablag‘ ajratib kelinadi.

O‘zbek artistlarining SSSRcha paradi

2 may kuni Toshkent markazida II jahon urushi davri harbiy kolonnasi yurish qildi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan uyushtirilgan bu tadbirda qatnashgan harbiy kolonna ham 20 kilometr yurishi davomida “tomoshabinlar tomonidan iliq qarshi olindi.”

Bu tadbirda¸ Ozodlikka har ikkala vazirlik rasmiylarining bildirishicha¸ O‘zbekiston Mudofaa va Madaniyat vazirligi ishtirok etgan; xususan¸ Toshkent teatrlarining aktyorlari qatnashgan.

Sovetcha qo‘shiq va musiqalar bilan o‘tgan bu paradning O‘zbekistonda rasman nishonlanadigan Xotira va qadrlash kuniga qanday aloqasi borligi haqida bu gal ham rasmiylar izoh bermadi.

E’tiroz va norozilar fleshmobi

Mudofaa va Madaniyat vazirliklari tomonidan muvofiqlashtirilib¸ Yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazilgan bu tadbirlarga oid videolavhalar mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida tarqab ketdi.

Bu tadbirlarga ijobiy munosabat bildirganlar qatori¸ ular O‘zbekiston mustaqilligi¸ mustaqil davlat tarix va an’analariga nisbatan hurmatsizlik va SSSR ramzlarini qayta tiklash urinishi sifatida jiddiy e’tirozlar ham bo‘lmoqda.

Xususan¸ Facebookda #BUBIZNIKIBIZGABUBEGONA degan aksiya boshlandi va unga qator taniqli ziyolilar qo‘shildi.

9 May bu Xotira va Qadrlash kuni! Biz faqat shu kunni tan olamiz. Xotira tushunchasini va Qadrlash tushunchasini saqlab qolishni tarafdorimiz! Xotira bu raqs va ashula bilan bog‘liq tushuncha emas, qadrlash bu 12 - 19 asrlarda o‘​tgan dinlararo urushlar va mustamlakalar bilan bog‘liq tasma-lentalar bilan qariyalarning ko‘k​raklarini bezatish degani emas!

Xotira bu shahid ketganlarni esga olish, Qadrlash bu urushga zid tushunchalar - Insoning Hayotini va Tinchlikni qadrlash! Xotira va Qadrlash kuni bu bizniki, qolgan ashula-lenta-mangu polklar tadbirlari esa bizga yot begona!” deyiladi bu fleshmob tashkilotchilari e’lon qilgan matnda.

Ijtimoiy tarmoqlarda hozirgacha bu aksiyaga 4000 mingdan ortiq o‘zbekistonlikning qo‘shilgani aytilmoqda.

Mazkur aksiya tashabbuschilaridan biri¸ siyosatshunos Anvar Nazir Ozodlik bilan suhbatda bu yilgi 9 mayning nishonlanishidagi o‘zgarishlar asosiy sababi "suyagi sovet davrida qotgan siyosiy elitaning o‘z tarixini bilmasligiga" borib taqalishini ayatdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:48 0:00
Бевосита линк

Mudofaa vazirligi izohi

2018 yildan boshlab 9 mayni ashula va raqs¸ parad va yurishlar bilan nishonlovchi tadbirlar tashabbuschilari O‘zbekiston Mudofaa va Madaniyat vazirligi¸ shuningdek¸ Yoshlar ittifoqidir.

Mudofaa vazirligining mazkur tadbirlar uchun mas’ullaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Xotira va qadrlash kunining sovetcha uslubdagi bayramga aylanganiga oid jamoatchilik e’tirozini rad etishga urindi:

- Prezidentning Xotira va qadrlash kunini qanday o‘tkazish haqidagi farmonini o‘qinglar. O‘shaning ichida chora-tadbirlar dasturi bor. Dasturda yozib qo‘yipti¸ aholi dam-olish maskanlarida¸ istirohat bog‘larida¸ “Xotira- aziz¸ qadr – muqaddas” nomli konsert dasturlari o‘tkazilsin¸ degan joylari borda. Biz shu dasturga muvofiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazayapmiz. Ansamblimiz¸ nafaqat Katyusha aytgan¸ Zebo G‘anievalarning o‘zbekcha qo‘shiqlariniyam aytgan. 2-jahon urushiga o‘zimizning frontovoy ayollarimiz borganku¸o‘shalar e’tiborni asosan milliy qo‘shiqlarga bergan. Tarixku bu! Georgiy lentalariga kelsak¸ unga Mudofaa vazirligining aloqasi yo‘q¸ dedi vazirlikning mazkur dasturiga mas’ul rasmiylardan biri.

Bu rasmiy 9 mayga qadar poytaxt Toshkent¸ qolaversa¸ mamlakatning shahar va tumanlarida¸ xususan¸ istirohat bog‘larida shunday bayram tantanalari davom etajagini qo‘shimcha qildi.

Tadbirlar dasturi Madaniyat vazirligi bilan muvofiqlashtirilgan!

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi rasmiylari jamoatchilik orasida munozara va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan bu yilgi 9 mayga bag‘ishlangan tadbirlarning mazkur vazirlik tomonidan muvofiqlashtirilganini e’tirof etdi.

Ayni paytda¸ Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda bunday tadbirlarning asosan yoshlar uchun o‘tkazilayotgani¸ ularga “bugungi osmonimiz musaffoligi¸ yurtimiz tinchligining” bir bo‘lagi sifatida ko‘rsatilayopti. Georgiy lentalari va boshqa SSSR ramzlari tarqatilishiga oid e’tirozlarga kelsak¸ ularni tarqatish O‘zbekiston hududida taqiqlanmagan va 1-prezidentimiz paytida ham bu narsa bor edi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Madaniyat vazirligi rasmiysi.

Mustaqil O‘zbekistonda Rossiya imperiyasining oliy harbiy unvoni bo‘lgan Georgiy lentasi¸ SSSR bayrog‘i va boshqa ramzlarni tarqatish¸ fleshmob faollari ta’kidicha¸ O‘zbekiston Ma’muriy Kodeksining 203-moddasi bilan taqiqlangan va jazolanadigan hatti-harakatlar sirasiga kiradi.

Fleshmobchilar¸ bunday qonunga qarshi aksiyalarni uyushtirib¸ ularni qo‘llayotgan davlat idoralarini javobgarlikka tortishni ham talab qildilar.

"Tarixiy xotirasiz millat yo‘q!"

Madaniyat vazirligining 9 may munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar programmasiga bevosita aloqador mas’ullaridan yana biri Ozodlik bilan suhbatda¸ o‘tkazilayotgan aksiyalarni yoshlarga tarixdan saboq sifatida talqin qildi:

- Bilasiz¸ demokratik davlatda tarixiy xotirasiz yashab bo‘lmaydi. Ana shu g‘oya turibdi bu tadbirlarning ortida. Fuqarolarning tarixga bo‘lgan munosabatini¸ nazarini demokratik davlatda taqiqlab bo‘lmaydi. Biz II Jahon urushidagi ota-bobolarimizning mehnatini esdan chiqarishga haqqimiz yo‘q¸ dedi 2018 yilgi tadbirlar dasturi mutasaddilaridan biri.

Madaniyat vazirligining bu rasmiysi¸ prezident Shavkat Mirziyoevning toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudovlar haykalini eski joyiga qaytarish tashabbusi va urush yillarida o‘zbeklar ko‘rsatgan bag‘rikenglik haqidagi gaplarini ham¸ bu yilgi 9 may bilan bog‘liq tadbirlar ruhini izohlash maqsadida tilga oldi.

“Prezident farmon va bayonotlari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda!”

9 may arafasida O‘zbekiston¸ xususan¸ poytaxt Toshkentda o‘tkazilayotgan tadbirlar mohiyatiga oid bunday rasmiy izohga e’tiroz bildirayotgan ziyolilardan biri Mahmudjon Yo‘ldoshev hukumatning madaniyat va ma’rifat bo‘yicha mutasaddilarini¸ prezident farmoni ijrosini noto‘g‘ri yo‘nalishga solib yuborganlikda ayblaydi.

”Xotira kunini ko‘krakka gul taqib bayramga aylantirmang. Davlatimiz miqyosida , bu sanaga bag‘ishlanib chiqqan Farmonni qayta o‘qib ko‘ring!” deydi ijtimoiy faol psixolog olim:

- Men shu xalqning bir vakili sifatida bundan noroziman. Mustaqillikning ilk yillarida bizning davlatimiz 9 mayni bu ikkinchi jahon urushi¸ ulug‘ vatan urushi emas¸ degan to‘xtamga keldi. Biz bu janglarga o‘z ixtiyorimiz bilan emas¸ balki majburan jalb qilingan xalqmiz. Yarim milliondan oshiq xalqimizni qurbon berdik. Shuning uchun ularning xotirasini abadiylashtirish¸ xotirasini qadrlash¸ tirik qolganlarini e’zozlashimiz kerak¸ degan qarroga kelindi. Bu to‘g‘ri qaror edi. Hozirgi prezident ham qurbonlar xotirasini Georgiy lentasi taqib¸ SSSR bayroqlarini ko‘tarib¸ Katyusha aytib abadiylashtir¸ deb qaror chiqargani yo‘q!- deydi Ozodlik bilan suhbatda Mahmudjon Yo‘ldoshev.

“O‘zbekistonda Rossiyaning madaniy istilosiga o‘zbek mulozimlarining o‘zi yo‘l ochmoqda!”

Taniqli yozuvchi Nurullo Otaxonov ham ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan #BUBIZNIKIBIZGABUBEGONA deb nomlangan fleshmobga qo‘shilgan ziyolilardan biri.

Ozodlik bilan suhbatda yozuvchi, bu yilgi tadbirlar mutasaddilari alohida ta’kidlayotgani kabi¸ II Jahon urushi¸ unda bir milliondan oshiq o‘zbekning qatnashib¸ yarmining qirilib ketgani inkor qilib bo‘lmas tarix ekanini tan olmaslikning iloji yo‘qligini aytadi.

Ammo¸ deydi yozuvchi¸ tarixning bir parchasini uzib olib¸ uni siyosatga aylantirish noto‘g‘ri va tahlikalidir¸ deb ta’kidlaydi bu suhbatdosh:

- Umuman tarix¸ xususan¸ yurtimizning ruslar bosqini ostidagi 130 yillik tarixi xolis o‘rganilishi shart. Bu bilan halol tarixchilar shug‘ullanishi kerak. Lekin siyosat va siyosatchilar xalqni kechagi tuzum yaxshi¸ degan yo‘llarga boshlash kerak emas. Yaxshi bo‘lganda¸ 15 ta respublika mustaqilikka shu qadar intilarmidi? Har bir davlatning o‘z manfaatiga xizmat qiladigan mafkurasi bor. Mustaqil davlat bu mafkurasini o‘zi belgilashi uchun ham mustaqildir! Men bugun O‘zbekistonda SSSR bayroqlarining ko‘cha-ko‘ylarda bemalol hilpirashiyu¸ Katyusha aytib¸ paradlar o‘tkazilishini madaniy istilo deb baholayman. Madaniy istilo bu davlatni istilo qilishga yo‘l ochadi va bugun bu tomoshalarga jim qarab turgan tepadagilar¸ buning mustaqil davlatchilikka real xavf ekanini anglab¸ shunga qarab ish tutishi lozim¸ deydi Nurullo Otaxonov.

"Islom Karimovning 25 yillik hokimiyati davrida mustaqillik¸ farovonlik va demokratiya qadriyatlari shu qadar qadrsizlandiki¸ bugunga kelib o‘zbek jamoatchiligi imperiyachilik g‘oyalarining o‘z hududida yana bemalol keza boshlaganini sezmaslik emas¸ hatto uni olqishlash darajasiga tushgani odamni qo‘rqitadi”¸ deydi “Bu kunlar” romani muallifi Nurullo Otaxon.

Siz O‘zbekistonda 9 mayning sovetcha uslubda nishonlashga o‘tilayotganiga qanday munosabatdasiz¸ bu haqdagi fikr mulohazalaringizni ijtimoiy tarmoqlardagi Ozodlik sahifasi¸ qolaversa¸ quyidagi sharh katakchasida bildirishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG