Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:28

Putin norozilik namoyishlari fonida prezidentlikning yangi muddatiga kirishmoqda


Vladimir Putin Rossiya prezidenti sifatida yangi olti yillik muddatga kirishishi oldidan qasamyod qildi. U “xalqqa xizmat qilish”ga, ular hayotini yaxshilashga, o‘zi “ulkan g‘alaba va jasoratlar” mamlakati deb atagan yurtini himoya qilishga va’da berdi.

Putin 7 may kuni Kremlning hashamatli zalida tush payti o‘ng qo‘lini Rossiya Konstitutsiyasiga qo‘yib, qasamyod qildi.

64 yashar Putin 1999 yildan beri prezident yoki bosh vazir bo‘lib ishlab kelayotgan va yaqinda olti yillik uchinchi prezidentlik muddatini o‘tab bo‘lgan edi.

U qasamyod qabul qilgandan so‘nggi ma’ruzasida Rossiya iqtisodiyotini mustahkamlaydigan va yashash sharoitlarini yaxshilaydigan “ulkan olg‘a siljish”ga erishish da’vati bilan chiqdi.

“Men davlat rahbari sifatida Rossiyaning qudrati, taraqqiyoti va shon-shuhratini oshirish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman”, dedi u.

− Rossiya zamonaviy bo‘lishi va jadal rivojlanishi kerak. U zamon muammolariga dadil javob qaytirishi zarur. Shu paytgacha kuchli bo‘lib kelgan sohalarimizda yetakchiligimizni mustahkamlab borishimiz, kuchli bo‘lishimiz shart bo‘lgan, ammo yetarli ish qilmagan sohalarimizda ishonch ila ter to‘kib, irodamiz kuchi bilan ishlashimiz darkor, − deya fikrni davom ettirdi Putin.

U ma’ruzasini tugatgandan so‘ng minbardan tushib, tadbirga yig‘ilgan kishilar, jumladan, bosh vazir Dmitriy Medvedev, Rossiya Pravoslav cherkovi rahbari, patriax Kirill va Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoder bilan ko‘rishdi.

So‘ngra faxriy qorovul paradini qabul qilib, Kreml maydonida saf tortgan yoshlar bilan suhbatlashdi va birga suratga tushdi.

Putin 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda mutlaq ko‘pchilik ovoz olib, g‘olib chiqdi. O‘zi saylov natijasini xalqning ishonchi namoyishi deb atadi:

− Rossiyalik vatandoshlarim, meni saylovda Rossiya prezidenti sifatida samimiy qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat. Men buni haddan ziyod siyosiy sarmoya va ulkan ma’naviy ko‘mak deb bilaman. Ushbu ko‘mak menga bundan buyon ham Rossiya qudratini oshirib boradi va odamlarning turmush darajasi yaxshilanadi, degan ishonch beradi. Ushbu ko‘mak xalqaro maydondagi mavqelarimizni ushlab qolishimiz hamda mamlakatning o‘zida teran va ijobiy o‘zgarishlarga erishishimiz yo‘lida qat’iy harakatlar qilishimiz uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Ammo tanqidchilar saylov chog‘ida qallobliklar yuz berganini, chet ellik kuzatuvchilar esa xalqning tanlash imkoni bo‘lmaganini aytmoqda.

Putinning davlat rahbarligiga kirishish marosimi – inauguratsiya norozilik namoyishlariga chiqqan 1600 kishi, jumladan, muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy hibsga olinganidan so‘ng oradan ikki o‘tib uyushtirildi. Namoyishchilar Rossiyaning o‘nlab shaharlarida Putinning uzoq vaqt hokimiyat tepasida qolayotgani va yana olti yilga saylanganidan xavotir bildirdi.

Ayni marosim 2012 yilgisidan kamtarroq bo‘lib o‘tdi, shahar bo‘ylab, prezident korteji yurishi uyushtirilmadi. Bu safar davlat televideniesi Putinni qora kostyumda ish xonasidan joylashgan binodan chiqib kelgani va limuzinga o‘tirib, yaqin atrofda bo‘lib o‘tadigan marosimga borish uchun ulkan Kreml saroyiga kelganini ko‘rsatdi.

Putin yangi prezidentlik muddati uchun mamlakatda amalga oshiriladigan ishlar, xususan, Rossiyadagi qashshoqlik darajasini kamaytirish, infratuzilmani, sog‘liqni saqlash sohasi faoliyatini yaxshilash, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini oshirish, iqtisodiyotni o‘zgartirish va yashash sharoitini ko‘tarish uchun texnologik rivojlanishga erishish lozimligini ta’kidladi.

U 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovdan bir necha hafta oldin mamlakatdagi ahvol haqidagi parlamentga qilgan murojatnomasida, “Texnologiyada orqada qolish eng yirik tahdid va asosiy dushmanimiz”, deb aytgan edi.

Putin ushbu iddaoli rejasini bajarishga qodir yoki qodir emasligini vaqt ko‘rsatadi. Bloomberg kompaniyasi tahlilchilari fikricha, Putinning 2012 yili uchinchi prezidentlik muddatiga kirishishi arafasida bergan ko‘rlab va’dalari bajarilmay qolib ketganini aytmoqda.

Rossiya hali-hamon Ukrainadagi mojaroga va AQSh siyosatiga aralashgani gumoni ortidan sanksiyalarga duchor bo‘lib, ular ta’siriga qarshi kurashib kelmoqda. Ammo keyingi oylarda jahon bozorida neft bahosi ko‘tarilib qolgani uning iqtisodiyoti bir oz o‘zini o‘nglab olishiga esh bo‘ldi.

Putin faqat 2008-2012 yillarda bosh vazir bo‘lganini hisobga olmasa, Sovet diktatori Iosif Stalindan keyin eng uzoq vaqt, ya’ni 1999 yildan beri mamlakatni boshqarib kelmoqda.

18 martda bo‘lib o‘tgan saylovdan beri rossiyaliklarning Putinga bo‘lgan ishonchi pasaydi, deb hisoblaydi davlatga qarashli jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi VTsIOM tishkiloti.

Uni 21 yanvar kuni uyushtirilgan so‘rov chog‘i 58,9 foiz so‘raluvchi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 22 aprelda o‘tkazilgan so‘rov natijalari faqat 47,1 foiz so‘raluvchi qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatdi.

XS
SM
MD
LG