Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2025, Тошкент вақти: 12:22

Soliq qo‘mitasidan general Parpiev ketdi. Rais vazifasini bajaruvchi etib Musaev tayinlandi


Botir Parpiev
Botir Parpiev

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasini deyarli 14 yildan buyon boshqargan general Botir Parpiev Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy Axborot Agentligi - O‘zA 11 mayda xabar qildi.

Kim ketdi

Ma’lum bo‘lishicha, 71 yashar Botir Parpiev 11 may kuni Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi yig‘ilishida kengash a’zolariga tanishtirilgan.

Xabar uz saytining xabar berishicha, Botir Parpiev o‘zining Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlanishiga quyidagicha munosabat bildirgan:

"Men oddiy askarman. Rahbariyat qaerga lozim topsa, sidqidildan ishlashga tayyorman. Xonadonlarga kirib odamlarning dardu qayg‘usi bilan ishlash, xalqqa xizmat qilish katta mukofot. Bildirilgan ushbu ishonch menga katta mas’uliyat yuklaydi".

Besh oy muqaddam Ozodlik O‘zbekiston hukumatidagi bir-biridan mustaqil ikki manbaga tayanib Botir Parpievning iste’foga chiqarishni so‘rab prezidentga 2017 yil oktabrida ariza topshirgani haqida xabar tarqatgandi.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimlarga ko‘ra, general-leytenant Parpiev ist’efoga chiqish istagini sog‘lig‘i yomonlashgani bilan izohlagan.

"Ikki oy oldin Parpiev mazasi yo‘qligi sababli iste’foga chiqishni so‘rab, prezident Mirziyoevga ariza topshirgandi. Oxirgi paytlarda Parpiev oyog‘i og‘riyotganidan shikoyat qiladi. Lekin, prezident hozircha ishlab tursin, deb uning arizasini qabul qilmagan," deb aytgandi o‘shanda Davlat Soliq inspeksiyasi mulozimi.

Botir Parpievning iste’foga chiqish istagi mamlakat soliq tizimi kadrlari orasida yirik qisqartirishlar yuz bergani ortidan kuzatildi.

Soliq tizimidagi qisqartishlar O‘zbekiston prezdenti qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

1 avgust kuni imzolangan mazkur qarorga ko‘ra¸ soliq xizmati jami xodimlari soni 12 131 nafar, markaziy apparat boshqaruvidagilar soni esa¸ 263 nafar etib belgilangan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yilning 12 iyulida o‘tkazilgan videoselektorda soliq tizimi xodimlarining tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashishlari va asossiz tekshiruvlar o‘tkazishini tanqid qilar ekan¸ yaqin fursatda O‘zbekiston soliq tizimida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini aytgan edi.

Ayni majlisda Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiev tekshiruvlar tadbirkorlikning rivojlanishiga haqiqatan ham to‘sqinlik qilishini tan olgan edi.

Soliq qo‘mitasi rahbari bu kabi tekshiruvlarga chek qo‘yilishi, qonunga amal qilmaganlarga nisbatan chora ko‘rilishi, tadbirkorlar esa, qo‘llab-quvvatlanishiga va’da bergan edi.

Botir Parpiev 1946 yilda Andijon viloyatida, militsiya general-mayori Rahmat Parpievning oilasida tug‘ilgan. 1992-1996 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i, 1996-1998 yillarda O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, 1998-2002 – O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2002 yilning iyun oyidan dekabr oyigacha – O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri, 2002-2004 – O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan, 2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan. 2004 yildan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Botir Parpiev O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga 1995 yildan 23 davomida raislik qilgan Rustam Inoyatovning qudasidir.

Botir Parpiev marhum Islom Karimov hukumatidagi so‘nggi yuqori mulozimlaridan biri edi.

Kim keldi

Botir Parpiev o‘rniga qo‘mita raisi vazifasini bajaruvchi etib Behzod Anvarovich Musaev tayinlangan.

Behzod Musaev O‘zbekiston prezidenti qarori bilan 12 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

Norasmiy manbalar 2012 yilda Soliq qo‘mitasi raisi 1-o‘rinbosari Behzod Musaevning o‘z ustidan jinoiy ish ochilishi arafasida AQShdan siyosiy boshpana olganini iddao qilayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Ozodlikda tasdiqlashning hozircha imkoni bo‘lmagan bu xabarlarga ko‘ra¸ Behzod Musaev 2012 yili AQShga tajriba almashish dasturi bo‘yicha borib, o‘sha yerda qolib ketgan. Norasmiy manbalarga ko‘ra, Behzod Musaev boshpana so‘rashini vatanida unga nisbatan xavf tug‘ilgani bilan izohlagan.

XS
SM
MD
LG