AQShda istiqomat qilayotgan farg‘onalik tadbirkor Ozodlik bilan muloqot qilarkan, o‘zi tug‘ilib-o‘sgan, hozirda ota-onasi yashayotgan hovlida 1 mln. dollarlik mehmonxona qurish istagini bildirib, O‘zbekistondagi tegishli idoralarga murojaat qilgani, biroq so‘ragan joyi berilmayotganini aytdi.
Potensial investorning taklifini o‘rganib chiqqan mutaxassislarning Ozodlikka tushuntirishicha, tadbirkor so‘rayotgan yer shaharning tasdiqlangan bosh planiga kirib qolgan hudud ichidadir.
Mutaxassislarga ko‘ra, ularning rad javobi shahar bosh rejasida tadbirkor qurishni istayotganga o‘xshash inshoot nazarda tutilmagani bilan izohlanadi.
Potensial investor e’tirozi
Asli farg‘onalik Abdulaziz Rasulberdievning aytishicha¸ u 15 yildan beri AQShda yashab¸ tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ham O‘zbekiston¸ ham AQSh universtitetlarida biznes boshqaruvi sohasida o‘qiganini aytgan Rasulberdievga ko‘ra¸ u hozirda Minnesotada ko‘chmas mulk sohasida o‘z biznesiga ega.
O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar boshlangani haqidagi xabarlarni muttasil kuzatib borayotgan tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda ona vatani Farg‘onada "zamonaviy mehmonxona kompleksi qurish maqsadida kamida 1 million dollar sarmoya kiritishga qaror qilganini" aytdi.
Rasulberdievning aytishicha¸ O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentabrida Nyu-Yorkka qilgan safari davomida AQShda yashayotgan o‘zbekistonliklarga qarata qilgan murojaati¸ uni shunday qarorga undagan:
- Prezidentning bu chaqirig‘idan ilhomlanib¸ Farg‘ona shahar markazidagi ota-bobolarimdan qolgan (hozirda ota-onasi yashayotgan - tahr.) hovli o‘rnida zamonaviy¸ xalqaro talablarga mos keladigan mehmonxona qurishni reja qildim. Prezidentimiz turizmni rivojlantiraylik¸ chetdan investorlarni jalb etaylik¸ deb rosa jon kuydirayapti. Men birovdan bir qarich yer yoki bir tiyin pul so‘ramasdan¸ o‘z hovlimiz o‘rnida mehmonxona qurish rejasini shu yil Farg‘ona shahar va viloyat hokimligi rasmiylariga ma’lum qildim. Ular bu rejani yaxshi kutib olishdi va ma’qullashdi¸ deydi Ozodlik bilan 15 may kungi suhbatda.
Tadbirkorga ko‘ra¸ bu reja ma’muriy qoidalarga muvofiq¸ tasdiqlanish uchun Toshkentdagi "O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasiga yuborilgan.
Korxona rasmiy saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra¸ mazkur idora “shaharsozlik sohasida bosh loyiha tashkiloti va davlatning bu sohada yagona ilmiy va texnika siyosatini amalga oshiruvchisi bo‘lib hisoblanadi¸ O‘zbekiston Respublikasining shaharlari va aholi punktlarini shaharsozlik bo‘yicha hujjatlar bilan ta’minlaydi, binolar va inshootlarni qurish uchun loyiha–smeta hujjatlarini ishlab chiqadi.”
Rasulberdievning aytishicha, "O‘zshaharsozlik LITI” uning taklifini ikki oy o‘rganib chiqqanidan so‘ng¸ ularga qarashli yerda mehmonxona qurish Farg‘ona shahar bosh planiga kiritilmagan¸ degan asosda uni rad qilgan:
- Genplan chizib qo‘yilgan ekan¸ shu bo‘yicha bu yerda qanaqadir uylar qurilishi kerak ekan. Lekin konkret hali o‘zlari ham bilmaydi¸ u yerda qanaqa bino¸ qanaqa uy bo‘lishini. Bu yerda muammo¸ byurokratiyada. Qayta chizishga erinayapti. Bu loyihani boshqarayotgan arxitekror Ildar Xasanov bizning vakilimizga¸ hammayoq chizib bo‘lingan¸ uni qayta chizolmaymiz¸ deyapti. Tepadan juda zo‘r¸ progressiv tashabbuslar chiqayapti¸ ammo o‘rta qatlam byurokratiyasi hali tez va yaxshi ishlashga o‘rgana olmayapti¸ deydi Abdulaziz Rasulberdiev.
Rasmiy javob
Ozodlik muxbiri AQShda yashayotgan farg‘onalik tadbirkorning aytganlariga munosabat olish maqsadida u nomini tilga olgan Ildar Xasanov bilan suhbatlashdi.
Ozodlik muxbiri bilan suhbat davomida 40 yildan beri shaharsozlik sohasida ishlab kelayotgan 67 yashar bu mutaxassis¸ Abdulaziz Rasulberdievning so‘rovi tafsilotlaridan yaxshi xabardor ekanini ko‘rsatdi.
“Biz Amerikada yashayotgan tadbirkorning o‘z vataniga sarmoya kiritish niyatidan xursandmiz va buni quvvatlaymiz. Ayni paytda¸ O‘zbekistonning ham o‘z qonunchiligi bor va biz u amerikalik bo‘ladimi yoki o‘zimizning tadbirkor¸ hammadan shu qonunchilikka hurmat ko‘rsatishni so‘raymiz”¸- dedi Xasanov Ozodlik bilan suhbatda.
«O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi arxitektorining bildirishicha¸ Abdulaziz Rasulboev o‘z ota-bobolari yashaganini aytayotgan Farg‘ona markazidagi yer uchastkasi shaharning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan bosh planiga ko‘ra¸ buzishga tushgan hududda joylashgan:
- Bir qavatli hovlilar joylashgan bu hudud Farg‘onaning qoq markazi va hurmatli prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan bu yerda ko‘p qavatli¸ hamma qulayliklarga ega yangi uylar¸ bog‘cha¸ maktab va aholi dam olishi uchun yashil zona -park qurish genplanga kiritilgan. Asosan¸ yangi turar-joy komplekslari quriladigan bu yerga mehmonhona qurish¸ iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas. Ikkinchidan¸ O‘zbekiston Respublikasida yer xususiy mulk hisoblanmaydi va ota-bobolardan qolgan yer degani bu yerdan xohlaganicha foydalanish haqqini bermaydi. Yer to‘g‘risidagi Kodeksga ko‘ra¸ yer aholiga uzoq muddatli ijaraga beriladi¸ xolos¸ dedi Ozodlik bilan 16 may kungi suhbatda Ildar Xasanov.
Mutaxassis¸ Farg‘ona shahri markazida juda katta qurilish ishlari boshlangani va ana shu hududdan Abdulaziz Rasulberdievga ham¸ o‘zi so‘raganidan ham yaxshiroq yer taklif qilinganini bildirdi:
- Endi Farg‘ona hokimligi bilan masalaning texnik jihatlarini hal qilish kerak. Biz taklif qilgan yerda joylashgan hovli egalariga kompensatsiya berish¸ ularni rozi qilish kerak bo‘ladi. Muammoni konstruktiv hal qilishning o‘nlab varianti bor va biz hokimlikka shuni taklif qildik. Qolgani¸ ularning ishi¸ dedi «O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasining Farg‘ona bosh plani uchun mas’ul arxitektori Ilьdar Xasanov.
Ozodlik Farg‘ona viloyat hokimining ayni masala uchun mas’uli bilan bog‘landi. Mavzuni eshitgan viloyat hokimi o‘rinbosari¸ hozir majlisga kirib ketayotgani va bir soatdan keyin¸ albatta¸ gaplashishini aytdi. Ammo kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berilmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning AQShga qilayotgan ilk rasmiy safarini katta umid bilan kuzatayotganini ta’kidlagan farg‘onalik tadbirkor¸ bu safar turtkisida O‘zbekistondagi quyi va o‘rta qatlam amaldorlarining yangicha¸ progressiv ish uslubiga tezroq o‘tishiga umid qilayotganini aytadi.
- Hozircha bizning rejamiz havoda muallaq qolmoqda. Toshkent taklif qilgan muqobil variant¸ amalda norealistik bo‘lib chiqdi. Sarmoya mavhumlik bor joyga bormaydi. Aniq bir javob bo‘lmasa¸ rejamizdan voz kechishga majbur bo‘lamiz¸ Amerikada ham ishimiz yaxshi¸ deydi Abdulaziz Rasulberdiev.